Mo‘min-musulmon banda “Dunyodagi barcha narsa Allohning mulki. Alloh xohlagan ish bo‘ladi, xohlamagani bo‘lmaydi”, deb ishonadi. Shuning uchun har qanday holatda: farovonlik vaqtida ham, boshiga musibat tushganida ham Allohning hukmiga rozi bo‘ladi.
Alloh taolo aytadi: “Na yerga, na o‘zlaringizga biron musibat yetmaydi, magar (yetsa,) Biz uni paydo qilishimizdan oldin Kitobda (ya’ni, Lavhul mahfuzda bitilgan) bo‘ladi. Albatta, bu Allohga osondir. Toki sizlar qo‘llaringizdan ketgan narsaga qayg‘urmagaysizlar, (Alloh) sizlarga ato etgan narsa bilan shodlanib ketmagaysizlar. Alloh hech bir kibr-havoli, maqtanchoq kimsani suymaydi” (“Hadid” surasi, 22-23-oyatlar).
Ya’ni: Ey odamlar, yerda qurg‘oqchilik, qahatchilik, ozuqa tanqisligi, zilzila, to‘fonlar yuz bersa, tanangizda biron kasallik, dard, g‘am-alam bo‘lsa, bularning hammasi koinot va tirik mavjudotlar yaratilmasidan avval Alloh dargohidagi Lavhul mahfuzda yozilgan. Alloh taolo kelajakda yerda, osmonlarda qanday hodisalar ro‘y berishini biladi. Mana shu narsalarni bir Kitobga bitib qo‘yish Allohga oson. Allohning qudrati cheksiz, ilmi hamma narsani qamrab olgan.
Bo‘ladigan har bir ish taqdirda yozib qo‘yilgan ekan, endi banda boshiga bir ish tushsa, qo‘lidan ne’mat ketsa, buning uchun ortiqcha xafa bo‘lish, g‘amga botish, “Bunday qilganimda unday bo‘lardi”, “Bu ishni qilmaganimda shuncha tashvishga qolmasdim”, deb nadomat chekish to‘g‘ri emas. Alloh banda peshonasiga yozgan narsadan qochib-qutulish iloji yo‘q.
Shuningdek, Alloh banda biron ne’matga erishishini, yutuqni qo‘lga kiritishini taqdir qilganmi, demak, bu ish ham aniq bo‘ladi. Bu, bandaning sa’y-harakati, jiddu jahdi bilan emas, Allohning fazli, taqdiri, rizqlantirishi bilan yuz beradi. Shuning uchun farovonlikka yetishganda hadidan oshish, o‘zini yo‘qotib qo‘yish ma’qul emas.
Boshiga musibat tushganida “Agar unday qilganimda bunday bo‘lardi” yoki “Unday qilmaganimda bunday bo‘lmasdi”, deb afsuslanadiganlar ham bor. Bu borada mo‘min banda qanday yo‘l tutishi kerakligi quyidagi rivoyatda aytilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Kuchli mo‘min Alloh uchun zaif mo‘mindan yaxshiroq, sevimliroqdir. Ikkovida ham yaxshilik bor. (Shunday ekan,) o‘zingga foydali narsalarga tashna bo‘l, Allohdan yordam so‘ra, ojiz qolma! Agar senga biron (kor-hol) yetsa, “Agar unday qilganimda...” dema, balki “Qodarullohi va maa shaa-a fa-’al” (ya’ni, Allohning taqdiri ekan. U Zot nimani istasa, o‘shani qiladi) deb ayt. Zero, “agar” (so‘zi) shayton amalini ochib beradi” (Muslim rivoyati).
Metin irodali, jismonan baquvvat mo‘min kuchsiz mo‘mindan yaxshiroqdir. Chunki kuchli mo‘min solih amallarda (jumladan, namoz, ro‘za, zikr-tasbehlarda), dinini, yurtini, or-nomusini himoya qilishda ko‘proq jiddu jahd qiladi, odamlarni yaxshilikka chaqirishda, yomonlikdan qaytarishda ham shijoat ko‘rsatadi, ulardan yetgan ozorlarga sabrli bo‘ladi, qiyin pallalarda matonat bilan tura oladi. Aslida kuchli mo‘minda ham, zaif mo‘minda ham yaxshilik bor. Chunki ikkoviyam imon-e’tiqodli banda. Qalbida imoni bor inson Allohning toatiga tashna bo‘ladi, bu yo‘lda Rabbidan madad so‘raydi, zinhor ojiz qolmaydi, toat-ibodatlarga dangasalik qilmaydi. Agar mo‘min kishi boshiga biron yumush tushsa, “Bu ishni bekor qilibman. Agar bunday qilganimda unday bo‘lardi” demaydi, balki “Allohning taqdiri ekan, shunday bo‘ldi”, deb Allohning hukmiga taslim bo‘ladi, boshiga tushgan musibatlarni aritishni so‘rab U Zotga duo-iltijolar qiladi. Zero, “agar” so‘zi bilan qalbga taqdirdan norozilik kayfiyati tushadi. Shayton mana shu yo‘l bilan bandani vasvasa qiladi. Musibat chog‘ida “Unday qilganimda bunday bo‘lardi”, deb gapirilsa, shayton uchun yo‘l ochiladi.
Hayotdagi har bir yaxshi-yomon, katta-kichik voqea-hodisalar Alloh taoloning taqdiri azaliysida bitilgan. Yaratganning amrisiz birovning badaniga tikan ham kirmaydi. Kimda-kim mana shu haqiqatni anglab yetsa, musibatni yengish oson kechadi, g‘am-anduh paytida sabrli, farovonlik chog‘ida shukrli bo‘linadi. Alloh taolo ne’matlarga shukr qilmaydigan, kibri baland, mol-dunyosi, bola-chaqasi bilan maqtanadigan kimsalarni yoqtirmaydi, kamtar, muloyim, shokir bandalarni yaxshi ko‘radi.
Mo‘min kishi har bir holatda o‘zini qanday tutishni biladi, ishlari yurishib turganidayam, qiyinchilik paytidayam Alloh rozi bo‘ladigan so‘zlarni aytadi, ishlarni qiladi.
Suhayb roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Mo‘minning holati ajoyib. Uning har qanday ishi xayrli. Bu faqat mo‘mingagina xos. Agar unga xursandchilik yetsa, shukr qiladi. (Bu holat) uning uchun yaxshi bo‘ladi. Agar bandaga biron zarar yetsa, sabr qiladi. Bu ham uning uchun yaxshi bo‘ladi” (Muslim, Ahmad, Ibn Hibbon rivoyati).
Dunyoda bo‘ladigan har qanday holat, xoh yaxshi, xoh yomon bo‘lsin, bularning bari mo‘min uchun xayrlidir. Mo‘min kishining baxti ham shunda. Yaxshilik ham, musibat ham uning foydasiga ishlaydi. Ne’matga shukr, mashaqqatga sabr qilish bilan shunday darajaga erishadi.
Ziyovuddin RAHIM
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”