23:47 / 27.11.2018
4 965

Rossiyalik Aleksey: «Men Islomni qabul qildim»

Rossiyalik Aleksey: «Men Islomni qabul qildim»
Assalomu alaykum.

Mening ismim Aleksey va sizlarga qanday qilib Islomni qabul qilganimni aytib bermoqchiman.

10-12 yoshlik paytimda kitob o‘qigandim. Unda Sharq xalqlarining afsonalari haqida hikoya qilinardi va o‘shanda ilk bora “Laa ilaha illalloh” kalimasini o‘qigandim. O‘shanda uning nimaligini tushunmagan bo‘lsam-da, nima uchundir bu so‘zlar uzoq vaqt mening xayolimda aylanib turdi. Butun hayotim davomida bu jumla miyamni tark etmadi va buning sababini tushunmasdim.

Keyin meni cho‘qintirishdi (1992 yilmidi, 1993 yilmidi, eslolmayman). U paytda barchani cho‘qintirish urf bo‘lgandi. Bunday qilish ajoyib va kerak deb hisoblanardi. Meni qarindoshlarim cho‘qintirishdi va buni noto‘g‘ri deb hisoblaganman. Axir butun hayotimiz davomida bizni ateizm yo‘lida tarbiyalashdi. Maktabda bir o‘quvchi qizning bo‘yniga taqib kelgan xochini o‘qituvchi sindirib tashlagandi va barcha uning ustidan kulgandi. Men hech qanday xudoga ishonmasdim va cherkovda turardim. Meni begonalar oldida yechinishga majburlashdi (biz ko‘pchilik edik – bolalar ham, ayollar ham, barcha beligacha yalong‘och edi). Bitta qoshiqda barchamizga vino berishdi. Men har doim alohida idishdan foydalanardim va hatto qarindoshlarim bilan ham bitta qoshiq yoki sanchqidan foydalana olmasdim, shaxsiy gigiyenaga amal qilardim. Ushbu yoqimsiz holat esa menga yomon ta’sir qildi.

Keyingi safar cherkovga 20 yoshdan oshganimda, o‘g‘lim uchun marosim tashkil etilganida bordim va 500 rubl atrofida pul berdim. Nega bularning barchasini aytib beryapman? Haqiqiy tarix qanday bo‘lganini tushunishingiz uchun aytyapman.

Yoshim ulg‘aygani sari kompyuter orqali internet kutubxona kitoblarini o‘qiy boshladim va Qur’onga duch keldim. Qiziqish yuzasidan ochdim va to‘liq o‘qib chiqsamda, yarmini tushunmadim. Keyin yana o‘qidim. Ta’kidlash o‘rinli, bu vaqtga qadar men ilmiy qiziqish yuzasidan “Injil”ni o‘qigandim va hech qachon Iso (alayhissalom)ning xudo ekaniga ishonmaganman. Xudoning borligiga ishonch bo‘lgan, ammo u Iso (alayhissalom) emasdi. Va xochlarga hamda turli buyumlarga sig‘inish ma’nosini hamda nima bunday qilinishini tushunmasdim. “Injil”ni o‘qiganimdan so‘ng menda nimagadir ishonish hissi qolmadi. Unda shunaqa joylar bor ediki, men ularni qabul qila olmadim.

Men but xudolari haqidagi adabiyotganlarni o‘qidim. Ko‘plab tanishlarim bu bilan qiziqib qolishgandi. Men dastlabki o‘qishdayoq uning nima ekanini tushunib oldim. Qayerdan oyoq o‘sib chiqyapti va bu nimaga olib boradi... Bir kuni do‘stlarimdan biri jiddiy ravishda so‘rab qoldi:

– Sen Islomni qabul qilding deb eshitdim. Men butparastman va slavyan xudolariga ishonaman.
Men unga savol berdim:
– Sen quyosh va daraxtlarga sig‘inasanmi?
– Yo‘q, men shunchaki butparastman.
– Sening xudolaring nimaga chaqiradi? Axir ular odam o‘ldirishni oqlaydilar-ku?

Shundan so‘ng bizning suhbatimiz to‘xtadi va boshqa mavzuga ulandi.

Endi o‘zim uchun Islomni qanday kashf qilganimga o‘tsam. O‘sha yillari men o‘z hayotim, odamlarga qilgan yaxshiliklarim va yomonliklarim, meni o‘limimdan keyin yodga olishadimi, o‘z farzandlarimga nima qoldiraman, shular haqida o‘ylay boshladim. Shuningdek, rafiqam va u bilan aloqalarimiz haqida ham jiddiyroq o‘yladim. Sababi men oilada o‘zimni juda yomon tutardim, ayolimni adolatsiz ravishda xafa qilardim, farzandlarimga shunchaki hamon ovozimni ko‘tarishim mumkin edi. O‘zimni yakka hukmrondek tutardim. Ota-onam bilan aloqa qilmasdim, oyda ikki marta qo‘ng‘iroq qilib qo‘yardim. Men Xudo haqida o‘ylay boshladim. Tasodifmi yoki boshqami bilmayman, Allohning izni bilan men Islom, musulmonlar va ularning hayot tarzlari yoritiladigan saytga kira boshladim. Turli adabiyotlarni o‘qiy boshladim, Qur’onni yana bir bor mutolaa qildim. Ilgari tushuna olmagan narsalarim endilikda tushunarli va oddiy bo‘lib qoldi. Menda qanday musulmon bo‘lish haqida qiziqish paydo bo‘ldi. Menga bu juda uzoq jarayondek tuyular edi. Ammo bunday emas ekan. Asosiysi ishonishing kerak va buni tilda aytishing lozim.

Men rafiqam bilan maslahatlashdim, u bunga neytral munosabatda bo‘ldi. Men unga Islom yugurib borib begunoh odamlarni o‘ldirish emasligi, aksincha, Islom avvalo tinchlik ekanini, eng tinchliksevar dinligini tushuntirdim. Shahodat kalimasini aytgan kunim rosmanasiga yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi. Islomni qabul qilgan odamning avvalgi qilgan gunohlarini Alloh kechirishi va u yangi tug‘ilgan chaqaloqdek bo‘lishi bekorga aytilmagan ekan. Har bir narsadan to‘lqinlanib ketardim. Ikki kun davomida eng yaxshi hissiyotlar og‘ushida yurdim. Xotinimning aytishicha, yuzimdagi ifoda jannat darvozasini ko‘rgan odamniki singari ekan.

Islomni qabul qilganimdan so‘ng bir qancha vaqt o‘tdi, rafiqam bilan ham, ota-onam bilan ham, boshida ular barcha musulmonlarni terrorchi deb o‘ylab qarshi bo‘lishgandi, urushmay qo‘ydim. Faqatgina ayolimning ota-onasi bunga salbiy munosabatda bo‘ldi. Sababi qaynotam ateist, qaynonam xristian (zamonaviy yashaydigan, ammo o‘zini provoslav sanaydigan). Ular bilan ham urushmaslikka va barcha muammolarni tinchlik bilan hal etishga intilyapman. Sababi ular mendan nimadir eshitgisi, nimanidir ko‘rgisi kelyapti.

Men bilan barchasi ana shunday bo‘lgandi. Endi Islomni qabul qildim va insha Alloh oldingidek hayot kechirmayman.

Assalomu alaykum!
Rus tilidan Muhammad Temur A’ZAM tarjimasi.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Rossiyalik Aleksey: «Men Islomni qabul qildim»