09:22 / 31.12.2018
4 641

Sut haqi… (Voqea real hayotdan olingan)

Sut haqi… (Voqea real hayotdan olingan)
Bobomurod ota-onasining asrandisi edi. Ular befarzand ekan. Bolalar uyiga borib o‘n ikkiga qadam qo‘yish arafasida turgan Bobomurodga ko‘zlari tushdi-yu, yopishdi-qolishdi. Bolakayning har lahzada ota-onaga yuragi oqardi. Ahyon-ahyonda qaysidir tengdoshi yoki o‘zidan kichikroq bolalarni kimlardir olib ketayotganini ko‘rsa, mahzun tortib qolar, har kecha shu lahzalar uning ham boshiga tushishini orzulab uyquga ketardi…

Afsus, peshonasi yarqiramagan ekan. Shu xonadonga kelganiga olti oygina bo‘lgandi. Bobomurod endi-endi yangi ota-onasiga elikib, mehr qo‘ya boshlagandi. Uch oy burun avtohalokatga uchrashdi-yu, ikkovlari ham halok bo‘lishdi.

Bobomurodning sho‘riga sho‘rva to‘kildi. Ota-onasining qarindosh-urug‘lari oqibatsizlik qilishdi. Aldab-suldab qandaydir qog‘ozlarga imzo qo‘ydirib olishdi-yu, Bobomurod ko‘chada qoldi. Lekin u qaytib bolalar uyiga borishni, o‘rtoqlari qarshisida sharmanda bo‘lishni xohlamadi. Qo‘ni-qo‘shnilar qancha qistalang qilishmasin, ko‘nmadi. Tavakkal ko‘chaga o‘zini urdi…

Baxtga qarshi, ko‘chada yashab ketishning o‘zi bo‘lmaydi. Rangi oqarinqiragan, tomoq osti, bo‘yni kirlagan, sochlari pataklashgan bolakayni har kim ham o‘ziga yaqinlashtiravermaydi. Militsionerlar esa tutib olishsa, albatta bolalar uyiga olib borib tashlashlariga Bobomurodning aqli yetardi. Shuning uchun u juda ehtiyotkorlik bilan ish tutdi. Har qadam bosganda, atrofga alanglashni unutmadi, tunlarni birovlar nazari tushmaydigan xilvat joylarda o‘tkazdi.

Faqat qorin to‘ydirish oson kechmasdi. Axlatxonlardan qolgan-qutgan non, ovqatlarni yeyishga ham qo‘rqardi, ham o‘ziga ep ko‘rmasdi.

— Men albatta katta odam bo‘lib ketaman, — derdi har gal qorni tatalab bezovta qilganda Bobomurod o‘ziga taskin berib. — O‘qish-yozishni bilaman, demak, kattakon dargohlarda o‘qiyman. Yo‘q, jarroh bo‘laman. Yangi otam, onamni tiriltira olmadim. Ularni yonimda olib qola bilmadim. Endi hech bo‘lmasa xasta odamlarning dardini olaman. Ha, bu qo‘limdan keladi…

Baribir hali voyaga yetmagan bolakayga katta shaharda to‘laqonli yashash mushkul kechadi. Bobomurod o‘ylay-o‘ylay, tilanchilik qilib qorin to‘ydirishni ma’qul ko‘rdi. Ammo boshqa gadoylar kabi bozor, ko‘chalarda turmadi. Xonadonlar eshigini erinmay taqillatib, bir burda non berishlarini so‘raydigan bo‘ldi. Shubhasiz, kimdir rahmi kelib, non, qand-qurs berdi, Yana kimlardir bolakayning kissasiga imi-jimida pul solib qo‘ydi…
* * *
Yakshanba kuni edi. Bobomurod qaysidir ko‘p qavatli uy podvalida yotib qolgandi. Negadir uyqu orasida ko‘p bor alahladi. Tushiga allambalolar kirib chiqibdi. Erta tongda uyg‘onib ketdi-yu, yuragi g‘ash tortib, bir muddat o‘tirib qoldi. Bebosh va murg‘ak ko‘ngli qandaydir yoqimsiz hodisa ro‘y berishidan xabar qilgandek bo‘laverdi.

«Melisalar tutib bolalar uyiga oborib tashlashadi shekilli, — o‘yladi Bobomurod. — Ilgariyam shunaqa tush ko‘rganimda melisaga tushib qoluvdim. Jin ursin. Tag‘in anavi Marat bilan jiqqamush bo‘lamanmi? Qaniydi o‘sha yerga bormasam!..»

Shunday xayollar bilan Bobomurod asta, ehtiyotkorona tashqariga chiqdi. Qorni tatalab borardi. Zudlik bilan kimningdir eshigini taqillatib bir burda non so‘ramasa, holi og‘irlashishini sezib turardi. Ammo ba’zi bolalar kabi o‘g‘irlik qilishni xohlamasdi. Topgan nonini halollab yeyishni ma’qul ko‘rardi.

U piyoda, militsionerlar nazaridan xoli ko‘chalar bo‘ylab ancha yo‘l bosdi. Bir-biridan hashamdor hovlilarga yaqinlashgach, taqqa to‘xtab atrofga alangladi. Tevarakda deyarli hech kim ko‘rinmasdi.
«Hov anavi yashil darvozani taqillataman, — ko‘nglidan o‘tkazdi Bobomurod. — Keyin boshqalariga o‘taman. Agar bir-ikki kunga yetadigan pul topsam, yaxshi bo‘lardi. Tinch joy topib maza qilib uxlardim…»

Bobomurod xuddi o‘sha yashil darvozaga yaqin bordi-da, qo‘ng‘iroq tugmachasini qayta-qayta bosdi. So‘ngra ehtiyot shart ikki qadam ortga tislandi. Sal o‘tib darvozaning kichik eshigi ochildi va qarshisida juda ko‘hlik bir qiz hozir bo‘ldi. Qiz o‘zidan nari borsa uch-to‘rt yosh katta edi. Umri deyarli ko‘cha kezib o‘tgan Bobomurod qizning xudo bergan husnini xuddi kattalar kabi aniq ilg‘ay oldi. Qalbini o‘ziga butkul noma’lum iliqlik chulg‘ab, bir necha o‘n soniya ichida qilib yurgan ishi, kirlagan kiyimi, pataklashgan sochlari uchun qizdan juda-juda uyaldi. Uyat azbaroyi zo‘r kelganidan tili kalimaga kelmay bir muddat kalovlandi.

— Ha, bolakay, senga kim kerak edi? — muloyimlik bilan so‘radi qiz kulimsirab. — Birovni izlayapsanmi?
— Y-yo‘-o‘q, — dedi yer chizib Bobomurod. — Haligi…
— Gapiraver uyalmay, — davom etdi qiz u tomon yana bir qadam tashlab. — Nima bo‘ldi?
— Haligi… Og‘rinmasangiz, bir piyola suv bersangiz devdim… Ochig‘i… Chanqab ketuvdim…
— Voy, xo‘p, — dedi qiz. — Shu xolosmi? Balki qorning ham ochdir? Yur, ovqat suzib beraman!
— E, yo‘-o‘q, — dedi beixtiyor jonlanib Bobomurod. — Qornim to‘q. Suv bersangiz bo‘ldi, opa!..
— Hozir… Sen shu yerda tura tur, men opchiqaman!..

Qiz ichkariga kirib, ko‘z ochib yumguncha qo‘lida bir stakan sut bilan chiqib keldi.
— Bolajon, suvdan ko‘ra manavi sutni ichgin! Yaqindagina olib kelishdi. Yangi, yog‘li sut. Ichaqol!..
Bobomurod sut to‘la stakanni qo‘liga olarkan, beixtiyor xo‘rligi keldi. Biroq yig‘lamadi. Qiyinchiliklar, og‘ir o‘tgan yillar uni kuchli bo‘lishga o‘rgatgandi.

Sutni oxirigacha simirdi-yu, boshini quyi solgancha qizga tashakkur aytib, ortga qaytdi.
* * *
Oradan yillar o‘tdi. Bobomurod o‘sha kuniyoq militsionerlar nazariga tushgandi. Ular to‘ppa-to‘g‘ri bolalar uyiga olib borib topshirishdi.

Bobomurod taqdirga tan berdi. Maktabni a’lo baholarga tugatib, tibbiyot institutiga o‘qishga kirdi. Hash-pash deguncha institutni tamomlab, shahardagi markaziy kasalxonalardan birida jarroh bo‘lib ishlay boshladi. Qat’iyat yana g‘alaba qildi. Ajoyib kunlarning birida dissertatsiya yoqlab, fan doktori unvoniga ega bo‘ldi. Hech qancha o‘tmay, uni kasalxona bosh vrachi lavozimiga tayinlashdi. Endi manaman degan kazo-kazolar ham Bobomurodga hurmat bajo aylar, hamkasblari tez-tez undan maslahat so‘rashardi.

Ammo Bobomurod hamon o‘sha bir stakan sut voqeasini, o‘ziga ma’yus jilmayib turgan yoqimtoy qizning chehrasini unuta olmasdi. Sut haqini to‘lay olmagani alam qilardi. Bir hodisa yuz berdi-yu…

U odatiga ko‘ra kasalxonaga ertaroq kelib, kompyuterni yoqdi. Internet orqali dunyo xabarlaridan voqif bo‘ldi. Tibbiyotdagi so‘nggi yangiliklar bilan qiziqdi. Oradan bir soatcha vaqt o‘tgach, kabinet eshigi ohista taqilladi. Har kuni Muhsin ismli yosh vrach yigit albatta kirib salom-alik qilardi. Shuni o‘ylab Bobomurod o‘tirgan yerida qichqirdi:

— Kiraver, uka! Eshik ochiq!..
Ichkariga esa katta hamshira kirdi. Hamshiraning yuzlari tund, nimadandir xavotirlanayotgani hatti-harakati, qur-qur javdrashidan sezilib turardi.

— Nima bo‘ldi? — so‘radi Bobomurod dast o‘rnidan turib. — Tinchlikmi?
— Hozirgina bir ayolni og‘ir ahvolda olib kelishdi, — dedi yig‘lamsirab hamshira. — O‘zingiz bir ko‘rsangiz devdik!
— Shunaqami? — Bobomurod asabiy lab tishlab eshik tomon bir qadam tashladi. — Bo‘pti, qani, yuring! Ko‘raylik-chi!..

Ular oldinma-ketin bemor yotqizilgan palataga kirishdi. Bobomurod karavotga yaqin bordi-yu, tosh qotdi. Ehtiyot shart bemorga qayta-qayta yer ostidan boqdi. Adashishi mumkin emasdi. Bu ayol xuddi o‘sha… Bir paytlar suv o‘rniga sut hadya qilgan qizning o‘zginasi edi. Garchi xayollari chalkashib, o‘tmish yodiga tushib ko‘nglini qorong‘ilik qoplagan bo‘lsa-da, hamshira va davolovchi vrach qarshisida o‘zini tutishga urindi. Sir boy bermay, ayolni obdon tekshirdi. Keyin esa kompyuter xulosasi, kasallik tarixiga razm soldi. Ha, tayin edi. Ayolning ahvoli haqiqatan juda jiddiy. Uni faqat murakkab jarrohlik operatsiyasi yordamidagina saqlab qolish mumkin edi. Biroq… Operatsiya haqi juda qimmat turadi. Bemorning yaqinlari bu pullarni topib to‘lay olishadimi?.. Nima qilsa ekan?.. Ha, topdi. Ayni muddao bo‘ldi. Xuddi shunday yo‘l tutsa, Yaratgan ham, ayol ham rozi bo‘ladi. Bobomurod qiyomat qarzidan qutuladi…

— Bemorni operatsiyaga tayyorlanglar, — buyurdi u davolovchi vrachga. — Shoshilish kerak. Bo‘linglar tezroq!..
Bobomurod bir necha kun ichida operatsiya uchun talab qilinadigan mablag‘ni kassaga to‘ladi. Shu orada Rossiyadan ham maxsus mutaxassis chaqirtirdi…

Jarrohlik operatsiyasidan so‘ng u bir parcha qog‘ozga maktub bitib, ayolning yostig‘i ostiga berkitdi. Maktubda shunday jumlalar bitilgandi:
«Opajon, mana, necha yillar o‘tibdiki, o‘shanda siz meni siylagan bir stakan sut ta’mi og‘zimdan ketmadi. O‘sha kuni sutni yutoqib-yutoqib ichgandim. Negaki, undan haqiqiy ona sutining ta’mi kelardi. Men bo‘lsam, ona sutiga zor bo‘lib o‘sgandim. O‘sha kundan beri sut haqini qanday to‘lashni bilmay azoblandim. Allohga shukr, menga imkon berdi. Men qiyomat qarzimni to‘lash baxtiga erishdim. Opajon, siz bu maktubni o‘qib sira achchiqlanmang, o‘tinaman! Qo‘rqmang ham! Operatsiya puli to‘langan. Siz hech kimdan qarzdor emassiz. Faqat xuddi o‘sha bergan bir stakan sutingizga rozi bo‘lsangiz bas. Hurmat bilan: kasalxona bosh vrachi.»

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Sut haqi… (Voqea real hayotdan olingan)