16:08 / 31.12.2018
7 903

Chaqimchi ham yolg‘onchidir

Chaqimchi ham yolg‘onchidir
Kishilar orasida adovat tarqatuvchilar, chaqimchilar qiladigan ish nihoyatda katta gunohdir. Shuning uchun ham Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Chaqimchi jannatga kirmaydi», deganlar.

Hammam roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Huzayfa bilan birga edik. Bas, unga:
«Bir kishi gapni Usmon roziyallohu anhuga olib borib turadi», deyildi. Shunda Huzayfa unga:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Chaqimchi jannatga kirmaydi», deganlarini eshitganman», dedi».
Buxoriy rivoyat qilgan.

Bu hadisi sharifda chaqimchilik naqadar og‘ir gunoh ekanligi bayon qilinmoqda. Ulamolarimiz: «Chaqimchilikni halol sanagan odam jannatga kirmaydi», deganlar.

Albatta, chaqimchilik nihoyatda yomon ish. Chaqimchilik faqatgina bir kishini boshqasiga yomon ko‘rsatib, shundan biror manfaat olish bilan chegaralanib qolmaydi. Chaqimchilik qilinganda bir odamga ikkinchi odam haqida yomon xabar keladi.

Natijada ikkinchi odam ham birinchi odam haqida yomon so‘zlaydi, shu tariqa bunday adovat butun jamiyatga tarqalib, jamiyatning hamma a’zosi bir-birini chaqadigan, bir-biriga g‘azab qiladigan va bir-birining orqasidan yomon gapiradigan bo‘lib qoladi. Orada do‘stlik, birodarlik, o‘zaro hamkorlik, yaxshilik qilish, jamiyat manfaati uchun ish qilish tamoman yo‘qoladi.

Hamma bir-birining orqasidan poylash, chaqimchilik bilan bir-birini dog‘da qoldirish, chaqimchilik qilib mukofot olish, o‘zining mavqeini yaxshilash tomonga o‘tib ketadi. Jamiyatning manfaatini o‘ylash, birovlarga yaxshilik qilish mutlaqo unutiladi.

Bu narsa og‘zaki gap bo‘lsa ham, juda og‘ir gunoh sanalganligi, gunohi kabiralardan ekani va chaqimchilik qilgan odam jannatga kirmasligi belgilab qo‘yilgani chaqimchilikning naqadar xatarli illat ekanini ko‘rsatadi. Chaqimchilarning ishi yolg‘on bilan rivoj topadi. Ular o‘zlari yomon ko‘rgan odamlarga zarar yetkazish maqsadida turli yolg‘onlarni to‘qiydilar, haqiqatni buzib ko‘rsatadilar.

Bugungi kunimizda yolg‘onning ushbu turini o‘ziga kasb qilib olganlar oz emas. Ular dinimizning bu boradagi ta’limotlarini yaxshilab o‘rganishlari va hayotlariga tatbiq qilib, eng yomon illatlardan biri bo‘lmish yolg‘onning bu turini tark qilishlari lozim.

Bugungi kunimizda keng tarqalgan ma’naviy jinoyatlardan yana biri yolg‘onning eng ayanchli turi bo‘lmish yolg‘on guvohlik berish, ya’ni oddiy so‘zlashuvdagi yolg‘on emas, hukm chiqarish mahalidagi yolg‘ondir. Albatta, buning bosh sababchisi hozirda ma’naviy qadriyatlarning tanazzulga uchraganidir. Dunyo muhabbatiga giriftor bo‘lib, oxiratni unutgan insoniyat bu dunyodagi besh kunlik hayot uchun oxiratdagi abadiy hayotini kuydirmoqda. Hamma narsani ko‘rib-bilib, hisob-kitob qilib turuvchi Alloh taologa iymon bo‘lmaganida yoki bu iymon sustlashganida kishilar bu dunyo hoyu-havaslarining quliga aylanganida, inson dunyoni o‘ziga xoja qilib olib, u nimani buyursa, ado qilganida shunday vaziyat yuzaga chiqadi.

Dunyoviy hayotning quliga aylanganlar bir oz pul, mansab uchun yoki amaldorga yoqish va yoki kimdandir o‘ch olish maqsadida har qanday insoniy fazilatdan, ma’naviy qadriyatdan voz kechishga tayyor turadilar. Ular har qanday ma’naviy jinoyatni ham osonlik bilan amalga oshiradilar. Ularning ma’naviyatlari shu darajada tubanlashib ketganki, mazkur ma’naviy jinoyatni sodir qilganlarida, masalan, yolg‘on guvohlik berganlarida burunlariga pashsha qo‘nganchalik ham o‘zlariga ta’sir qilmaydi. Qaysi bir jamiyatda yolg‘on guvohlik bor ekan, o‘sha jamiyat zolimdir va bunday jamiyatning turli balo-ofatlarga giriftor bo‘lmog‘i tayindir.

O‘zlari kambag‘al bo‘lsa ham, ma’naviy qadriyatlarini mahkam ushlab qolgan jamiyat va shaxslarga nazar soladigan bo‘lsak, ular uchun kichik bir ma’naviy jinoyat sodir qilish ham katta falokat hisoblanadi. Ular bunday ishni qilishdan ko‘ra o‘limni afzal ko‘radilar.

Bunday oliymaqom ma’naviyatga erishgan kishilar baxtli kishilar bo‘lib, u dunyoni va uning ichidagi hamma narsani bir yoqqa qo‘ysang-u, bitta ma’naviy qadriyatni bir yoqqa qo‘ysang, ana shu ikkinchisini tanlaydilar. Ushbu sifatlarga ega bo‘lgan shaxslar o‘zlari ado etayotgan bu ishlarni qahramonlik deb emas, balki oddiy insoniy, musulmonlik burchlari deb biladilar. Chunki har bir insonga rost gapirish, to‘g‘ri bo‘lish va to‘g‘ri guvohlik berish Alloh taolo tomonidan burch qilingan.

Rost so‘zlash har lahzada talab etiladigan, doimiy majburiyat bo‘lgani uchun ham u haqda va’z-nasihat va eslatmalar tez-tez takrorlanib turadi. Ammo guvohlik berish goh-gohida uchraydigan, ba’zan esa kishi umr bo‘yi duch kelmaydigan bo‘lganidanmi, u haqda kamroq gapiriladi. Ehtimol, boshqa sabablar ham bo‘lsa bordir. Aslini olganda bu masalani ham tez-tez eslatib, guvohlik berishdagi mas’uliyatni kishilar xotirasiga solib turish kerak. Guvoh bo‘lishning o‘zi katta mas’uliyat. U orqali ko‘pgina hukmlar chiqariladi. Guvohning gapiga qarab birov oqlanishi yoki qoralanishi, birov mol-mulkka ega bo‘lishi yoki undan ajrab qolishi, yana boshqa birovlarning nasabi sobit bo‘lishi yoki inkor qilinishi, ko‘pgina huquqlar poymol etilishi yoki himoya qilinishi mumkin.
«Yolg‘on» kitobidan

Manba: Islom.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Chaqimchi ham yolg‘onchidir