Mening o‘limdan keyingi sarguzashtlarim to‘rtinchi qavatdan yiqilganimdan so‘ng boshlandi.
Qiziq, keyinroq politsiyadan aniqlab bilsam, o‘limimga ikkita sabab qo‘yishibdi. O‘z joniga qasd qilish va joniga qasd qilish niqobi ostidagi qotillik.
Joniga qasd qilishni ular quyidagicha tasvirlashgan: Men erkak kishi bilan xufiyona uchrashib yurganman-u, kutilmaganda uning xiyonat qilayotganidan xabar topganman. Erkak meni tashlab ketgan. Javobiga men alamimga chidolmay o‘zimni derazadan pastga otganman.
Ikkinchi sababi joniga qasd qilish niqobi ostidagi qotillik. Ya’ni, erkak, ya’ni, jazmanim xiyonat qilayotganidan men xabar topgach, negadir qo‘rqib ketib ayblarini yopish maqsadida meni derazadan pastga itarib yuborgan.
Aslida esa hammasi boshqacha kechgandi. «Tarvuz» laqabli mushugim bo‘lardi. U yaramas derazaning tashqari tarafiga terib chiqilgan guldonlarga hojat chiqarishni xush ko‘rardi. Qancha haydamay, baribir yo‘lini topardi.
O‘sha mash’um kuni ertalab ham negadir «Tarvuz» ko‘rinmay qolganidan xavotirim oshib, yugurgancha balkonga chiqdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, u guldonlardan biriga osilib turibdi. Chamasi, mo‘ljalni sal noto‘g‘ri olib tushib ketayozgan shekilli. Jonim xalqumimga kelib uni ko‘tarib olish niyatida belimgacha engashib pastga qo‘l cho‘zdim. Shunda mushuk to‘satdan bilagimga yopishib shu qadar qattiq tishladiki, men muvozanatni yo‘qotib pastga — beton ustiga qulab tushganimni sezmay qoldim…
Kasalxonaning og‘irxonasida o‘zimga kelganimda, oynali shift orqali pachoqlangan qovurg‘alarimni, qonga botgan yuzimni ko‘rdim. Vrachlar atrofimni o‘rab olib qovurg‘alarimni joy-joyiga qo‘yishar, oralariga qandaydir temir tutqichlar o‘rnatishardi. Men hammasini oynali shift orqali bemalol tomosha qilar, vujudimda hech qanday og‘riq, qo‘rquv sezmasdim.
Shunda yuzlarimga yaxshiroq razm solishni istadim. Vrachlar orasidan ko‘rishga ham muvaffaq bo‘ldim. Yo‘q, bu mening yuzim emas, murdaniki edi. Rangim oppoq, burnim qiyshaygan, lablarim tishlarimga qapishib ketgandi.
Shunda ko‘nglim ozib ketdi. Chunki, ilgari murdalardan juda-juda qo‘rqardim. Bu yerda esa… O‘zimning murdam… Eng dahshatlisi, ko‘zlarim yumuq. Unda bularning barchasini qanday ko‘rayapman?..
Qo‘rqqanimdan o‘zimni bir chetga oldim-u, shiftdagi ikkita chiroq orasida paydo bo‘ldim. Shunda hammasi o‘zgacha tus oldi. Shiftda hech qanday ko‘zgu yo‘q edi. O‘z jasadimni yuqoridan turib kuzatayotganimga guvoh bo‘ldim.
Yo‘q, qo‘rqib ketmadim. Hali o‘lim sharpasi meni ta’qib etmasdi. Ha, hammasi tush. Men tushimda parvoz qilayapman. Shunday ekan, nega yoqimliroq, go‘zalroq joylarda pavroz qilmasligim kerak?.. Shunday o‘ylar miyamga keldi-yu, ochiq eshikdan kasalxona yo‘lagi bo‘ylab tashqariga keta boshladim…
Yo‘lakning yarmiga yetganimda, meni yo‘g‘on yaltiroq sim yuqoriga torta boshladi. Men avvaliga og‘irxonadagi birorta simni ilashtirib oldimmikan deb ham o‘yladim.
Ha-ya, to‘xta, hozirgi ko‘rinishim qanaqa o‘zi? Ketayapman-u, qanday ko‘rinishga ega ekanimni bilmayman. Shunday xohish menda paydo bo‘lishi hamono ro‘paramda o‘z qiyofam namoyon bo‘ldi. Men juda sog‘lom, go‘zal bir ayol sifatida savlat to‘kib turardim…
Yo‘lak oxirida katta deraza bor ekan. O‘sha oynadan uchib o‘tishga qaror qildim. Oh, shift uzra parvoz qilish shu qadar yoqimli ediki… Afsuski, uzoqqa uchib bora olmadim. Yaltiroq sim menga mahkam boylangan edi. Undan xalos bo‘lmoqqa shaylanganimda, ko‘ksimda kuchli og‘riqni his etdim. Nimayam qilardim? Ortga qaytishga majbur bo‘ldim…
Og‘irxona yonidan uchib borib yo‘lak burchagiga burildim. Bu yer kasal ko‘rishga kelganlar uchun mo‘ljallangandi. Stol, divan va ikkita yumshoq kursi qo‘yilgan. Kursilardan birida dugonam Natasha o‘tirar va qo‘l telefoni orqali kim bilandir gaplashar, ko‘zlaridan yosh quyilib, qo‘lidagi sigaretni cho‘zib-cho‘zib tortardi. Albatta, suhbat men haqimda ketayapti.
— Vrachlar umuman umid yo‘q deyishayapti. — derdi Natasha yig‘i aralash. Bechora Anya!.. O‘sha erkak bilan yashay boshlagandayoq oxiri yaxshilik bilan tugamasligini bilardim…
— Natasha, yig‘lashni bas qil! — baqirdim unga. — Undan ko‘ra, sigaretingdan bersang-chi!..
U esa xuddi meni eshitmagandek hasratlashishda davom etdi.
Men sekin pastga tushib Natashaga yaqinlashdim-da, yuzlarini silamoqchi bo‘ldim. So‘ngra yelkasiga qo‘limni qo‘ydim. Ammo u negadir meni payqamadi. Hayron bo‘ldim-u, indamay dugonamning so‘zlarini tinglashda davom etdim.
— Albatta, — derdi u. — og‘irxonada behush yotibdi. U yerga hech kimni kiritishmayapti. Georgiy yo‘q. Qerdaligini hech kim bilmaydi. Yaramas, berkinganga o‘xshaydi. Men politsiyaga hammasini aytib berdim. Ular hozir qotilni qidirishayapti. Men o‘ylaymanki, Anya o‘z joniga qasd qilgan taqdirdayam, baribir u qotil!..
Men bu gaplarni ortiq eshitib tura olmasligimni anglab yetdim. Negaki, mening yaqin dugonam labidan sigaret tushmay tinimsiz yig‘layapti, mening dog‘imda kuyib yonayapti…
Men shu zahoti yuqoriga parvoz qildim.
Lekin shiftma-shift uchib yuraverish ham jonimga tekkandi. Umuman bu tushdan zerikkandim. Shunga yarasha, qanday uyg‘onishni ham bilmasdim…
Yo‘q, og‘irxonaga qaytaman-da, o‘z tanamga yaqinroq bo‘laman…
Palatada vrachlar yo‘q edi. Stol qarshisida faqat navbatchi hamshira o‘tirardi. Tanam esa tinchgina yotar, bilaklarimga qandaydir uskunalar o‘rnatib qo‘yishgan, ko‘ksim bir me’yorda ko‘tarilib tushardi. Shunda bildimki, bu tush emas, o‘ngim.
Ha, aslida men o‘libman. Faqat tibbiy uskunalargina meni majburan ushlab turishibdi. Men bo‘lsam, ruhman. Tanamni tark etibman. Yaltiroq sim u bilan bog‘lab turibdi xolos. Shu tobda Anyaga achinib ketdim. Afsus, hech qanday ko‘mak bera olmayman. Ojizman. Shunday ekan, bu yerda dardga to‘lib turishimdan foyda yo‘q.
Men yana kasalxona yo‘lagi tomon yo‘l oldim.
Bir mahal deraza ortida bolalar tovushida chug‘ur-chug‘ur qilayotgan qora sharpalarga ko‘zim tushdi. Ularning bo‘yi bir metrcha kelar, barchalari bukri edi.
Hash-pash deguncha sharpalar derazadan o‘tib ro‘paramda hozir bo‘lishdi. Shunda darrov bir fikrga keldim. Bular o‘zga sayyoraliklar-ku!
Avvallari o‘zga sayyoraliklar borligiga ishonarmidim-yo‘qmi, eslay olmayman. Ayni damda bir narsaga amin edimki, ulardan sira qo‘rqmayapman. Aksincha qiziqishim ortib ko‘z uza olmayapman.
O‘zga sayyoraliklarning barchasi qip-yalang‘och, terisining rangi kulrang, g‘ijim, kallalari katta-katta edi. Bir qarashda ular qandaydin ekzotik jonivorlarni ham eslatib yuborardi.
Men hamon shiftdaman. O‘zga sayyoraliklar shundoqqina ostimda turib olgancha menga noma’lum tilda nimalardir deya suhbatlashishardi. Sezdimki, gap aynan men haqimda ketayapti. Chunki, tez-tez shiftga qarab qo‘yishar, qo‘llari bilan meni ko‘rsatishardi ham.
Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, o‘zga sayyoraliklarning boshqalariga nisbatan sal novcharog‘i kutilmaganda yuqoriga tikilgancha rus tilida menga so‘z qotdi.
— Biz seni olib ketgani keldik. — dedi u. — Zudlik bilan ortimizdan yurishing lozim.
Men indamas, to‘g‘rirog‘i, nima deb javob qilishni bilmasdim. U ham birpas sukut saqlab turgach, muloyimlik bilan davom etdi.
— Sen bilan uchrashganimizdan juda mamnunmiz. Qo‘rqma, biz senga yomonlik qilmaymiz!
Qiziq. Oldin ketishga buyruq berishsa-da, ketidan mehribon bo‘lib qolishsa…
Sir boy bermadim.
— Yo‘q, — dedim xotirjamlik bilan. — oldin kimliklaringni, meni qayerga taklif etayotganlaringni bilmagunimcha, joyimdan jilmayman. Bundan tashqari, men o‘z tanamga bog‘lab qo‘yilganman.
Ular meni tushunishdi. Hechqanday yomon so‘z aytishmadi. O‘zaro maslahatlashib olishgandan so‘ng, novcha so‘z boshladi:
— Biz olis sayyoradan kelganmiz. Atayin seni olib ketish uchun. Yerni tark etatigan kuning keldi. Ishon, hech qachon afsuslanmaysan. Tanangdan tezda uzilishing lozim. Tezroq bo‘l! Undan keyin biz bilan birga uchib ketasan. O‘lgin-u, ozod bo‘l!
Iye, bular o‘ylab gapirayaptimi? Qanday qilib ojiz, himoyaga muhtoj tanamni tark eta olaman? Unga xiyonat qilamanmi? Yo‘q, yaxshisi, sabr qilamiz.
— Siz kimsiz mening o‘rnimga qaror chiqaradigan? — baqirdim unga. — Qachon o‘lishim-o‘lmasligimni o‘zim hal qilaman. Qiziq, o‘zi qaysi sayyoradan kelgansizlar?..
Novcha menga sayyora nomini aytdi. Men bu sayyora haqida bolaligimda turli afsonalarni eshitgan edim.
— Sening hayajoningni, dardingni tushunamiz. — dedi novcha. — Ammo quruq gaplarga ishonishing zarur emas. Hozir o‘zing ko‘rasan!
U uzun tirnoqli qo‘llarini deraza tomon cho‘zib siltadi. Deraza oynasi oldin yashil rang bilan qoplandi. So‘ng xuddi buzilgan televizordagi kabi oyna uzra to‘lqinlar namoyon bo‘ldi. Ana undan keyin oynada movoy osmon, yam-yashil o‘tloqlar manzarasi paydo bo‘ldi. Chor atrof hashamatli uylan bilan o‘ralgandi.
Xo‘sh, nima bo‘pti? Zamonaviy odamni bunaqangi afsonalar bilan hayratga tushirish mushkul.
— Agar biz bilan ketsang, — dedi novcha. — shu uylardan birida yashay boshlaysan.
— Bu uylarni boshimga uramanmi? — dedim men ham bo‘sh kelmay. — Odamlar uchun ko‘rinmasga aylanib bo‘lganman. Xohlasam, bundan-da yaxshiroq qasrlarga kirib yashashim mumkin. Yo‘q, uy muammosi meni bezovta etmaydi.
O‘zga sayyoraliklar bu gapimni eshitib shovqin sola boshlashdi. Biroq novcha ularni shu zahoti tinchlantirib men tomon yuzlandi.
— Tushunsang-chi, sen nazarda tutayotgan o‘sha qasrlar boshqa ruhlar bilan to‘la. Ular Arshi a’loga chiqa olishmaydi. Ruxsat etilmaydi.
— Nima qilaman Arshi a’loda? — hamon qaysarlik qilishda davom etdim. — Menga Yerimiz ham yetib ortadi.
— Hazillashma! Tushunaman, sen bizdan qo‘rqmayapsan. Bu yaxshi, albatta…
Shu gapni novcha bekor aytdi. Men beixtiyor qo‘rquvdan titray boshlaganimni his etdim…
Yo‘q, yo‘q, qo‘rquvdan xalos bo‘lishning birdan-bir yo‘li — uning ustidan kulish.
— Seni uyoqda ajoyib hayot kutmoqda! — dedi novcha.
— Yana-chi? Yana nima kutayapti ekan?
— Biz tomonlarda sen juda buyuk aql, odamzod tarixi qahramonlari bilan uchrashish baxtiga muyassar bo‘lasan! Bundan tashqari, sendan avval o‘lib ketgan, o‘zing joningdan aziz deb bilgan yaqinlaring bilan ko‘rishishing mumkin. Ularni yodga ol!
Mana bu haqiqiy zarba edi. Axir, men so‘nggi yillarda ota-onamdan ayrildim. Yolg‘iz ukam, egizagim Alyosha bolaligida bo‘g‘maga uchrab o‘lgan. Agar tirik bo‘lganda biz qanday baxtli hayot kechirardik…
Yaqinlari yodimga tushdi deguncha deraza oynasida ularning siymosi ko‘rindi. Xuddi shu lahzalarni kutib turgandek, uchchovlari qo‘ltiqlashgancha oq villa ichkarisidan chiqib kelishdi. Onam mendanda yoshroq ko‘rinardi. Otam sal kattaroq edi. Alyosha birdan sal nari bordi-yu, qotib-qotib kulib menga qo‘l siltay boshladi.
Ota-onam bir-birlarini qo‘ltiqlagan ko‘yi zinapoya oldida turishar, ular ham kulimsirab meni chorlashardi. Ajabo! Alyosha olamdan o‘tgach, ular bir-birlaridan shu qadar sovib ketishgandiki, ish ajrashishgacha borib yetgandi. Qancha urindim. Ikkovlarini yarashtirish ga harakat qildim. «O‘lgan o‘lib ketdi. Hadeb kuyavermanglar! O‘zlaringni o‘ylasalaring-chi!» deya kuyindim. Foydasi bo‘lmadi.
Men chet elga ketayotganimda alohida-alohida kuzatishgandi. Ona yurtga kelgan mahallarimda bir kun otamnikida tursam, ikkinchi kuni onamning uyida qo‘nim topardim.
— Sizlarga ishonmayman! — dedim o‘zga sayyoraliklarga. — Sizlar bilan hech qayerga ketmayman!
— Sen albatta ketishing shart!
— Yo‘q, men o‘lgan-o‘lmaganimni yana bir karra tekshirib ko‘raman!
Shunday dedim-u, ovozimning boricha baqirib og‘irxonaga qarab uchdim.
Ahmoqlik qilib qo‘yibman. OLdin manavi o‘zga sayyoraliklardan silliqlik bilan xalos bo‘lishim kerak edi. Shunda hech narsa bo‘lmasdi. Qaytadan o‘z jasadim ustida havo shari kabi parvoz qilardim. O‘zga sayyoraliklar o‘z osmonlariga ketgan bo‘lishardi. Qo‘rqqanimdan o‘z tanamga mahkam yopishib oldim-u, to‘satdan yuragimda dahshatli og‘riq paydo bo‘ldi. Men zulmat qa’rida qoldim. Jonholatda baqirar va qorong‘ilikdan qutulish yo‘lini qidirarkanman, o‘zim sezmagan holda meni tanam bilan bog‘lab turgan yaltiroq sim uzilib ketdi. Men yo‘lakka uchib chiqib ketdim.
O‘zga sayyoraliklar shu ondayoq meni mahkam quchoqlab olishdi. Ularning qo‘llari juda-juda sovuq, nafaslaridan ham ayoz hidi ufurardi.
Bir payt novcha menga qo‘l cho‘zib siynalarimni ushladi. Ushladi-yu, darhol qo‘lini tortib olib nari qochdi. Men esa sal yengil tortib, qichqirishga o‘zimda kuch topa oldim:
— Yordam beringlar! Qutqaringlar!
— Hech kim seni qutqara olmaydi! — sovuq ohangda so‘z qotdi novcha. Anavi yaramas tumoringni baribir dafn etayotganda yechib olishadi.
— Ha, seni hech kim qutqara olmaydi! — beixtiyor baqira ketishdi qolgan sheriklari ham.
— Ha, hech kim! — men orqamda kimningdir muloyim shivirlashini eshitib shosha-pisha ovoz kelgan tomonga o‘girildim. Ro‘paramda uzun bo‘yli, kelishgan bir yigit turardi. U bir necha qadam tashlab o‘zga sayyoraliklar va mening o‘rtamga turib oldi.
U vrach ham, kasal ko‘rishga kelgan odam ham emasdi. Oyoqlarida yaltiroq etik, qizil chopon kiygandi.
— U meni yordamga chaqirdi va men keldim! — baqirdi u o‘zga sayyoraliklarga qarab. — U meniki! Yo‘qol hammang!
O‘zga sayyoraliklar bir-birlarini turta-turta devor tomon chekinishdi.
— Yo‘qol dedim!
Ular aylana hosil qilib deraza oynasi orqali tashqariga o‘zlarini urishdi. Meni chulg‘ab olgan qo‘rquv ham o‘z-o‘zidan yo‘qoldi.
— Ko‘zlarimga tik boq! — dedi yigit erkalash ohangida. — Anavilar seni qo‘rqitib yuborishdimi?
— Ha, ular meni qaysidir sayyoraga olib ketmoqchi bo‘lishdi. O‘lib ketgan yaqinlarim bilan uchrashtirishga va’da berishdi. Hatto ekranda ularni ko‘rsatishdi ham. Lekin men ishonmayman. Bularning hammasi yolg‘on!
— Albatta yolg‘on! — dedi yigit. — U yaramaslar aldashda ustasi farang… Xo‘sh, mening kimligimni angladingmi?
— Mehribonligingizga shubham yo‘g‘-u, ammo kimligingizni bilmayman. Iltimos, meni yolg‘iz tashlab ketmang! Qo‘rqib ketayapman!
— Seni yolg‘iz qoldirmayman! — bosh irg‘adi u. — Ayt, nimalar bo‘lganidan xabardormisan?
— Ha, bilaman. Men o‘lganman. Jasadim og‘irxonada stol ustida yotibdi. Lekin… Men nega bu yerdaman? Buyog‘iga nima qilaman? Qanday yo‘l tutaman?..
— Buning sira qo‘rqinchli yeri yo‘q. — yigit yanada muloyimlik bilan davom etdi. Sen allaqachon o‘lim yo‘q ekanini tushunib yetding. Chirigan odam tanasidan ajralib chiqding.
— Nega chirigan bo‘larkan? Men hali qarib qolganimcha yo‘q.
— Men bilan bahslashma. Sen kasal tanani tark etib, ruhlarning boqiy dunyosiga yo‘l olish niyatida bu yerga chiqqansan. Biz sen bilan birga mening koshonamga yo‘l olamiz. Sen u yerda quvonch, shodlik nima ekanini o‘z ko‘zlaring bilan ko‘rasan. Bilib qo‘y, men hammaniyam o‘zim bilan birga olib ketavermayman. Faqat oldindan tanlaganlarimnigina taklif etaman. Tug‘ilishing bilan seni tanlaganman. Intiqlik bilan ulg‘ayishingni kutdim. Senga mehr ko‘rsatdim. Aynan men senga g‘urur baxsh etdim. Sen mening millionlab yoqtirgan qizlarimdan birisan. Men hammalaringizni sevaman!
— Kimsiz, axir? — so‘radim toqatim toq bo‘lib.
— Meni oddiy qilib «ota» deb atayver!
— Ota? Sizni-ya?..
— Ha. Qani, qo‘lingni ber! Men bilan yur! Bundan keyin hech qachon yolg‘izlik azobini tuymaysan! Sening ukalaring, singillaring ko‘p. Xo‘sh, endi kimligimni anglab yetdingmi?
— Angladim… Siz Payg‘ambarsiz!..
Bu gapimni eshitib yigit bir sakrab tushdi va choponiga o‘ralib oldi. Bir muddat jim turgach, menga qo‘l cho‘zdi.
— Kel, men bilan birga ket! Mening keng va erkin dunyoimga boraylik! Faqat bundan avval bo‘yningdagi anavi temirni yechib tashla!
— Qanday qilib yechaman? — dedim tumorni mahkam ushlab. — Bu tumorimning soyasi xolos. Asl nusxasi jasadim bilan birga.
U hamon buyruq bajarilishini kutardi. Axir, bu nimasi? Tumorni menga onam sovg‘a qilgan. Bo‘ynimga taqib qo‘yayotib: «Tumorni menga bobong bergandi. Sen bolaligingda qattiq kasal bo‘lib qolding. Vrachlar seni davolashdan voz kechishdi. Shunda bir taqvodor qo‘shni ayol tezda seni cherkovga olib borib cho‘qintirishimni maslahat bergandi. O‘shanda shu tumorni bo‘yningga taqib cho‘qintirdim va sen asta-sekin tuzala boshlading» degandi. Demak, bu shunchaki tumor emas, qimmatbaho!
— Nega qarab turibsan? — baqirdi yigit menga. — Yecha qolmaysanmi tezroq!?.
— Bu ishni qilma, Anna! — bir mahal yaqinginamda juda-juda tanish, qadrdon tovush jarangladi. Shoshib orqamga o‘girildim-u…
Ro‘paramda ozib-to‘zib ketgan, rangpar holda marhuma onam turardi…
Ha, u men chet eldaligimda rakkka uchrab olamdan o‘tgan. Meni vatanimga kiritishmadi. Men onajonimni quchoqlab dafn eta olmadim.
— Oyijon!..
— Ovozingni o‘chir! — qichqirdi notanish yigit. — Sen esa bu yerdan yo‘qol!..
Men unga quloq tutib o‘tirmay onamni mahkam quchoqlab oldim. To‘g‘ri, notanish yigitning qichqirig‘idan qo‘rqardim. Lekin onam muhimroq. Men undan endi ayrilib qolishni istamasdim.
— Oyijon, bilasizmi, men ham o‘lganman!?. — dedim shivirlab.
— Ha, bolajonim, bilaman. — javob qildi onam. — Biz bobong bilan seni qarshi olgani keldik.
Onamning ortida uzun bo‘yli, soqol qo‘ygan, ruhoniylar kiyimidagi erkak hozir bo‘ldi. Men uni tirikligimda hech qachon ko‘rmaganman. Suratlari ham negadir saqlanib qolmagan ekan. Ammo bildimki, bu odam haqiqatan mening bobom. U onamga quyib qo‘ygandek o‘xshardi.
— Salom nevaraginam! — bosh irg‘ab men bilan ko‘rishdi bobom. — Sen tumoringni yechmay juda to‘g‘ri ish qilding. Agar yechganingda, biz senga yordam bera olmasdik. Endi Xudoga nola qil. Seni shayton hamlasidan xalos etishini so‘rab ibodat qil! Ko‘rdingmi, bu qari yolg‘onchi, firibgar ruhingni yeb bitirish uchun oldingga kelibdi!
— Bekorlarni aytibsan. — notanish yigit teskari o‘girilib sovuq tirjaydi.
Shayton?.. Kim bu ertakka ishonardi? To‘g‘ri, dunyoda shafqatsizlik, balo degan tushunchalar bor. Biroq shaytonning mavjudot ekaniga negadir shubhalanardim.
Bobom xayolimdan o‘tgan fikrlarni angladimi, so‘z boshladi:
— Sen haqsan, qizim. Kim ham manavi dumli, shoxdor mahluqqa ishonardi? Faqat ahmoqlargina unga ishonib ortidan ergashishadi.
— Men shayton emasman! — hayqirdi notanish yigit. — Men odamlarga marhamat ko‘rsatuvchi ilohman! Odamlarni men yaratganman!
— Odamlarni sen emas, Xudo yaratadi! — javob qildi bobom. Nevaramni esa baribir sening qo‘lingdan qutqarishga ulgurdim.
— Bu odamga ishonma, Anna! — menga yuzlandi shayton. — Nahotki seni qanchalar sevishimni va ardoqlashimni bilmasang?
— Sen uni bo‘ri qo‘yni sevgandek sevasan. — dedi bobom. — Anya, hozirojq ibodat qil. Xudoyim kechirimli.
— Men ibodat qilishni bilmayman, bobo!
— Hech bo‘lmasa, «Xudoyim, meni kechir!» degan jumlani tilingga ko‘chir! Shu ondayoq shaytonning sassiq terisini yelkangdan itqitib tashlaysan.
Shayton kulib yubordi.
— Obbo ruhoniy-yey! Sening bu gaplaring hozirgi zamonda ertakka aylanib ulgurgan.
— Yana yolg‘on gapiradi-ya, it! — jahl otiga mindi bobom. — Xudoyim hatto tasodifiy ibodatniyam eshitadi.
— Bo‘lmagan gap. Anna gunohkor! Gunohkor!
— U cho‘qintirilgan. Gunohlari kechirilishiga ishonaman. Undan ko‘ra, o‘zing ayt, shaytoni lain, nega uning tumoridan qo‘rqayapsan? Gapirmaysanmi?
— Qo‘rqaman?.. Yo‘q, ko‘nglim ayniydi xolos. Negaki, bu ifloslar bir umr mening buyrug‘imni ado etib kelishgan. O‘zlari mustaqil gunoh qilishni bilishmaydi. Mening ko‘rsatmalarim bilangina ish tutishadi. Hozir bo‘lsa, bu nevarang kutilmaganda sening Xo‘jayiningga itoat etib qolibdi. Qayoqdagi bir parcha temirni bo‘yniga osib olibdi!..
— Temir deysanmi? Hozir tekshirib ko‘ramiz! — Bobom bo‘ynidagi tumorni qo‘llariga olib baland ko‘tardi va baland ovozda qichqirdi:
— Yaratgan egam! O‘zing yuz ko‘rsatgin! Toki sening g‘azabingga uchraganlar daf bo‘lsin!
Shayton bu gapni eshitdi-yu, titrab-qaqshab yo‘lak oxiriga qarab qochdi. G‘oyib bo‘lishdan avval ikki qo‘lini ko‘targancha baqirdi:
— Chirib bitgin, qari ruhoniy!.. Anna, sotqin! Biz hali sen bilan uchrashamiz! Mendan qochib qutulib bo‘psan!
(davomi bor)
Yuliya VOZNESENSKAYa
Ruschadan Olimjon HAYIT tarjimasi
Yuliya VOZNESENSKAYa
Ruschadan Olimjon HAYIT tarjimasi
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?