19:43 / 06.01.2019
4 535

O‘limdan keyingi hayot… (3-qism. Mistika)

O‘limdan keyingi hayot… (3-qism. Mistika)
Shafqatsiz kuch meni himoyachilarimdan ajratib qo‘ygach, shu lahzadayoq aylana atrofimni qora sharpalar o‘rab olishdi. Ular boshimga qop-qora matoni yopib qo‘yishdi. Endi men hech narsani ko‘ra, eshita olmas, so‘zga tilim aylanmas edi. Vujudim muzlab, hech narsani his etmay borayotganimni idrok etib turardim.

Shunda bobomning: «Qo‘rqma! Ibodat qil!» degan so‘zlarini esladim. Afsuski, biror so‘z yodimga kela qolmasdi. Shunda o‘zimni zo‘rlab, Moskvadagi kvartiramiz devoriga osib qo‘yilgan iloha haykalchasini esladim. Esladim-u, ibodatga tilim aylandi.
— Xudoyim, menga ko‘mak ber!.. — deya oldim.

Boshimdagi mato birdan g‘oyib bo‘ldi. Lekin hamon jinlar ustimdan bosib turishardi. Yanada bardamlikka yuz tutib balandroq ovozda iltijo qilib ko‘rdim.
— Yor-dam ber!..

Ana endi jinlar meni ozod etishdi. Men baribir nola qilishda davom etaverdim.
Jinlar nihoyat ustimdan tushishdi. Ammo butkul g‘oyib bo‘lishmadi.

Ulardan xalos bo‘ldim-u, o‘zimni jinlarning tanasiga mahkamlangan uzun temirga boylangan holda ko‘rdim. Ikki yonimda juda-juda tor devorlar zohir bo‘ldi. Bu devor meni xohlagan vaziyatda qisib yo‘q qilishi tayin edi.

Shunda hech qachon qilmagan ishimni amalga oshirishga, ya’ni, tavba qilishni xohladim. O‘ng qo‘l barmoqlarimni mahkam qisib peshonamga yo‘lladim. Afsuslar bo‘lsinki, qo‘lim o‘zimga bo‘ysunmasdi. Chap qo‘lim bilan majburan o‘ngini peshonamga olib bordim. So‘ngra barmoqlarimni qornimga tushirdim. Ammo o‘ng qo‘lni yelkamga ko‘tarish butkul mushkul edi. Baribir zo‘r berib bu amalni ham bajo etdim. Ha, tavba qilishga erishdim!..

Shu zahoti temir o‘zidan to‘q qizil nur taratib meni ozod etdi. Devorlar ham g‘oyib bo‘ldi. Tepamda moviy osmonni ko‘rdim. Xursandligimdanmi, azbaroyi qo‘rqib ketganimdanmi, tinimsiz pichirlardim:
— Xudoyim, ko‘mak ber, ko‘mak ber, ko‘mak ber!!!

Bilmadim. Qancha vaqt nola qilganim yodimda yo‘q. To‘satdan jinlar xalqasi atrofimda aylanib, ayanchli tovushda chiyillay boshladi. Bu tovush nafaqat ovoz chiqarishga qo‘ymas, balki, naq miyamga urilib, vujudimda kuchli og‘riq paydo qilardi. Men baribir nola qilishda davom etaverdim.

Va olisdan qulog‘imga yoqimli kuy eshitilgandek bo‘ldi. Kuy taralishi bilan jinlarning ayanchli tovushi tindi. Tanalari o‘z-o‘zidan kulga aylandi. To jinlar butunlay yo‘q bo‘lib ketmaguncha yoqimli kuy yangrayverdi.

Qiynoqlardan xalos bo‘lganimga yana bir karra amin bo‘lish niyatida ortimga o‘girilgan ham edimki, yonimda farishtam va bobom hozir bo‘lishdi.
— O‘zimning aqlli nevaraginam! — erkalay boshladi bobom meni mahkam bag‘riga bosib.

Ko‘rdimki, bobom unsiz yig‘lardi.
— Nega yig‘layapsiz? — so‘radim undan xavotir aralash. — Meni duo qildingizmi?

— Hali hech kimni bu qadar uzoq muddat duo qilmagandim. — dedi bobom ko‘z yoshlarini arta-arta. — Ko‘rdingmi, g‘ururing seni sal qursa badnom etayozdi?
— Hozir uni ortiqcha qiynashning hojati yo‘q. — gapga aralashdi farishtam. — Xalos bo‘ldimi, shuning o‘zi katta gap.

— Xalos bo‘lmadi, — dedi bobom. — Uni Xudoyimning o‘zi asrab qoldi.
— Ha, Xudoyim bechoralarga hamisha mehribon. — javob qildi farishtam.

— Endi jinlar hujum qilishmaydimi? — umid bilan so‘radim men. — Yo yana qiynoqlar bormi oldinda?
— Hali sinovlar yakun topmadi. — dedi farishtam. — Hech bir ruh barcha sinovlardan o‘tmaguncha manziliga yeta olmaydi. Mabodo do‘zax sinovlarida omading chopmay qolmasa… Negaki, faqat ilohiy ruhlargina do‘zaxni aylanib o‘ta olishadi. Boshqalar albatta uning sinovlariga ro‘baro‘ bo‘lishadi. Biz sinovlarning yarmidangina o‘tdik xolos.

— Tag‘in jinlarga duch kelarkanmiz-da! — dedim qovog‘imni uyib…
Nimayam qilardim? Farishtam javob qilish o‘rniga meni qanotlari ostiga olib osmonga ko‘tarildi. Bobom bizdan sal orqaroqda uchib borardi.

U haq ekan. Boyagina menga azob bergan dahshatlarni unutib ulgurmay, tag‘in ustimga jinlar to‘dasi yog‘ilib, meni g‘iybatchilik, ichi qoralik, jahldorlikda ayblay boshlashdi. Lekin ish kaltaklashlargacha yetib bormadi. Tirikligimda ashaddiy suyuqoyoq, yengil tabiatli bo‘lsam-da, ko‘pchilik dilxiraliklarni unutib yuboradigan, o‘zimning aybimni ham tan olishga qodir ayol sanalganim sal ko‘mak berdi.

Bunda farishtamning ham hissasi ko‘p edi. U jinlarga bir talay yaxshi ishlarimni misol qilib keltirdi. Ya’ni, bir kuni olamdan o‘tgan hamkasbimning oilasiga maoshimning hammasini topshirganim, yoki gadoyga so‘nggi tiyinlarimni berganim… Qizig‘i, shunday mayda-chuyda ezgu ishlarni ham jinlar hisobga olishdi.

Ana shundan so‘ng jinlar menga barcha xafa qilgan odamlarning ismlarini eslashni buyurishdi. Voy, qanday qilib hammasini eslab qolishim mumkin, axir?.. «Qo‘llaringdan kelganini qilaveringlar, aytmayman!» deb turib oldim. Ana shu gapim tufayli bizni o‘tkazib yuborishdi.

Bilasizmi, navbatdagi sinovni eslash men uchun juda-juda og‘ir. Ko‘z o‘ngimga keltirsam, hanuz yuragim orqaga tortib ketadi.
— Oldinda qotillik so‘roqlari kutyapti. — dedi farishtam.

Men bo‘lsam, beparvo qo‘l siltadim.
— Bemalol o‘tib ketamiz. Tirikligimda pashsha va chivinlarni hisobga olmasa, hech kimni o‘ldirmaganman.

— O‘sha pashsha, chivinlarni ham hisobingga yozishlari mumkin. — dedi farishtam. — Bunaqa hodisalar juda ko‘p bo‘lgan.
— To‘g‘risini ayt, — deya farishtamga yuzlandi bobom. — Rostdan ham nevaram hech kimni o‘ldirmaganmi?
— Shunaqasiyam bo‘lgan! — qisqa javob qildi farishtam…

Bu gapni eshitgan bobom sekin o‘ng qo‘lini tumorga bosdi.

Tepamizda navbatdagi qora bulutlar to‘dasi paydo bo‘ldi. Sal o‘tmay, vrachlarnikiga o‘xshab ketadigan oq xalatlarda jinlar yo‘limizga ko‘ndalang bo‘lishdi. Ba’zilarining xalati qonga bo‘yalgandi.
— U o‘g‘li Aleksandr va Tatyana, Anastasiya ismli ikki qizini o‘ldirganlikda ayblanadi! — e’lon qildi jinlar kattasi. Va qonga bo‘yalgan panjalarini baland ko‘tardi.

— Iye, bu nimasi? — hayron bo‘lib so‘radim men. — Mening hech qachon farzandim bo‘lmagan!..

Ha, men ularga o‘n sakkiz yoshimda jazmanimdan homilador bo‘lib qolganlarim va homilani har gal oldirib tashlayverganimni aytib o‘tirmadim.
— Aleksandr degan o‘g‘lingni hozir senga ko‘rsatamiz! — dedi jinlar kattasi. — Qizlaring esa jazmaning xohishiga ko‘ra albatta tug‘ilishi zarur edi. Ammo sen o‘z bilganingdan qolmading.

Jinlar meni farishtam va bobomning bag‘ridan tortib olib qorong‘i yo‘lak bo‘ylab nari olib ketishdi. Ular yo‘l-yo‘lakay baravariga «Hozir o‘g‘ilchangni ko‘rasan, sevimli onajoni!» deya hayqirishardi.

Biz devorlari ajoyib tarzda ta’mirlangan, o‘rtasida basseyni bor katta zalga kirib bordik. Basseyndan bug‘ chiqar, badbo‘y hidiga toqat qilishning sira imkoni yo‘q edi. Yo‘q, meni jinlar basseyn bo‘yiga sudraklab borib pastga nazar tashlashga majbur etganlaridagi dahshatlarni tasvirlab bera olmayman.

Hushimdan ketib qolibman. Ko‘zlarimni ochganimda, tepamda bobom turganini ko‘rdim. Farishtam ham uning yonida edi.
— Yana ozgina chidagin, bolam! — shivirladi bobom.

Ha, hali bu hammasi emas ekan.
— Ana endi hayotingdagi dahshatlarni namoyish etamiz! — dedi jinlar kattasi.

Ko‘z o‘ngimda katta oq ekran namoyon bo‘ldi va Piterdagi chiroyli, qadimiy uy ko‘rsatila boshlandi. Bu uy qachonlardir Kadet korpusi edi. Shu yerda Lermontov tahsil olgan. Keyinchalik bu uyni tug‘ruqxonaga aylantirishgan.

Uy ekranda kattalashib, ichkarisida qo‘rqibgina turgan yosh bir ayolni ko‘rdim. U o‘zidan yoshi ulug‘roq boshqa bir ayolga mahkam yopishgancha turardi…

Ha, darhol esladim. Oyim meni abort qilish uchun olib kelgandi. O‘shanda men aniq bir qarorga kelib, abort xonasiga zinapoyalardan ko‘tarila boshlagandim.

Namoyish etilayotgan filmda hammasi boshqacha tasvirlangandi.
— Men bolamni nobud qilmayman! — qichqirdim men to‘satdan va qocha boshladim. Onam esa menga yetib olib uqtira ketdi.
— Ko‘zingni och, ahmoqqinam! O‘z hayotingni rasvo qilasan-ku! Ozgina chidasang, tamom! Hammasi yaxshi bo‘ladi! Homiladan xalos bo‘lasan!

So‘ngra boshqa bir film ko‘rsatildi. Unda men o‘g‘il tug‘dim. Ismini Aleksandr deb qo‘ydim. Jazmanim sevinib ketdi. Keyinchalik biz turmush qurdik va birgalikda pedagogika institutida tahsil oldik. Shaharning qaysidir chetida mo‘’jazgina uyimiz, hovlida itimiz bor edi. Biz baxtli hayot kechirardik. Keyinchalik ikki qizli ham bo‘ldik. Ismlarini Nastya, Tatyana deb qo‘ydik. O‘g‘limiz Sasha ulg‘ayib, ruhoniy bo‘ldi. Uni Aleksandr ota deb atay boshlashdi. Bu hayotda onam biz bilan birga yashab, bolalarimni, keyin nevaralarimgacha tarbiya qildi. Sasha ajoyib bir qizga uylandi. Ular ikki o‘g‘il, ikki qiz ko‘rishdi. Asta-sekinlik bilan onam ikkimiz xudojo‘ylarga aylanib bordik. Albatta Sashaning ta’sirida.

Film oilamiz a’zolari o‘tirib birgalikda choy ichayotgan joyda to‘xtatildi. Ortimizdagi devorga kattakon taqvim ilingan, uning ostiga «21 iyul 1990 yil» deb yozib qo‘yilgandi. Bu mening haqiqiy hayotdagi olamdan o‘tgan kunim edi.

— Davom ettirishga hojat yo‘q. — dedi jinlar kattasi. — Agar qalbi bo‘lsa, bu filmni tomosha qilib ho‘ng-ho‘ng yig‘lagan bo‘lardi.
— U shundoq ham keragicha jazosini oldi! — meni himoya qilishga o‘tdi farishtam. — Ko‘rmayapsanmi, yig‘layapti?!.

— Do‘zax ko‘z yoshlarga ishonmaydi! — dedi jinlar kattasi. — Yig‘lasa yig‘layveradi-da!..
— Sen nohaqsan! — gapga aralashdi bobom. — U butun umr tavba qilib yashagan.

— Tavba qilgan? Qaysi cherkovga kirib tavba qilgan?
— Ha, bu haqiqat! — dedi farishtam va qo‘lini ekran tomon cho‘zdi. Shu lahzada boshqa bir manzara namoyon bo‘ldi.

Biz Georgiy bilan bolalar bog‘chasi ro‘parasida turibmiz. Chor atrofda bolajonlar qiyqirib o‘ynamoqda. Men tez-tez unga ta’nali boqar, ko‘zlarimdan duvillab yosh oqardi.

Bu manzara nihoya topgach, boshqasi ko‘rindi. U yerda Georgiyni navbatdagi xiyonati uchun tinimsiz koyirdim va unga: Mayli, yo‘qol! Baxtli bo‘l!: deya qichqirardim.

Tasvir tugab ekran o‘chdi. Mening xotiralarimda o‘sha hodisaning o‘zginasi jonlana boshladi. Ha, Georgiy men bilan bola masalasida gaplashishni istamas, xiyonat qilishda, begona ayollarning ortidan chopishda esa hamon davom etardi.

— Mayli, ruhingizni oling-u, bu yerdan yo‘qoling! — dedi jin kutilmaganda. — Bu gunohi uchun jazosini oldi. Lekin oldinda uni jiddiy sinovlar kutadi. Qani, o‘shalardan ham bir o‘tib ko‘rsin-chi!

Biz yo‘lga tushdik. Qalbim tund edi. Vujudimni qandaydir yoqimsiz, achchiq dard kemirar, goh qusgim, goh o‘zimni hushdan ketayotgan kabi his etardim.

Afsus! Nega tirikligimda Xudoga nolalar qilmadim? Nega xudojo‘ylik yo‘lidan ketmadim? Nima uchun bolajon bo‘la olmadim?..

Qancha yo‘l bosdik, bilmayman. Oldimizni quyuq tuman qoplab, yaqinginamizda pushtirang toshlardan bunyod etilgan baland qal’a ko‘rindi. Qal’a eshigi tepasiga rang-barang olov bilan «XUSh KELIBSIZ!» deb yozib qo‘yilgandi. Ichkaridan esa, qandaydir musiqa yangrardi.

Qal’aga yaqin kelgach, beixtiyor etim junjikib vujudimni titroq bosdi. Chunki… Qal’a zinoga mukkasidan ketgan erkak va ayollar tanasidan qurilgan ekan. Jazmanlarning yuzlari tilingan, og‘zi ochiq holda ingrashar, ko‘zlari o‘yib olingan, qal’a devoridan qonli ko‘z yoshlar oqib pastga tushardi.
— Adashganlar saltanati! — dedi bobom.

— E, men adashmaganman. — dedim xotirjamlik bilan. — To‘g‘ri, ko‘p erkaklar bilan yaqin munosabat yuritganman. Ammo har gal chin yurakdan, toza qalb bilan yo‘l tutganman.
Bobom negadir bu gaplarimga xursand bo‘lmadi.

— Menga qara, — dedi u bo‘ynidan tumorini yechib qo‘liga olarkan. — Men darvozaning tashqari tarafida turib seni duo qilaman. Sen tezroq jazolardan xalos bo‘lishingni Xudodan so‘rayman. Manavi tumorni zanjirga boylab uzaytiramiz va sen bir uchini ushlab olasan. Agar farishtang seni jinlardan qutqara olmasa, o‘zim zanjirni tortib tashqariga chiqarib olishga harakat qilaman.

— Zanjir kalta-ku! — dedim yelka qisib.
— Sen o‘sha o‘zing aytgan «sof sevging»ni deb juda uzoq ketmagansan deb umid qilamiz. Agar haq bo‘lib chiqsang, zanjir o‘z-o‘zidan uzayib boradi. Aksi bo‘lsa, uzilishga majbur bo‘ladi.

Shu payt ichkaridan qip-yalang‘och erkak, ayol jinlar to‘dasi chiqib kelishdi-da, meni o‘rab olishdi. O‘lay agar, tirikligimda bu qadar ochiq manzarani sira ko‘rmagandim.

— Qani, saltanatimizga marhamat qilsinlar! — chiyillab meni ichkariga boshlay ketishdi jinlar. — Uyalma, kiraver! Sen bu yerda zerikib qolmaysan! Boshingga shunday ishlarni solamizki, tug‘ilganlaringga pushaymon yeysan!

Biz farishtam bilan birga ichkariga qadam qo‘ydik. Eh, bu yerda ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan manzara namoyon edi!.. Musiqa sadosi, erkak, ayol jinlar bir-birlarini quchoqlagancha raqs tushishi, barchaning ko‘z o‘ngida ba’zilari burchak-burchakda bir-birlarining pinjiga kirgancha yotishlari… Bu manzara rostini aytsam, odamning ko‘nglini aynitardi xolos.

Menga bir qaraganda, qurbaqani eslatib yuboradigan, og‘zi akulaniki kabi katta jin ayol yaqin keldi-da, orqamga shapatilab bor ovozda qichqirdi:

— O‘, bizga yangi qiz kelibdimi deyman? Xo‘sh, o‘z xohishing bilan oramizda qolasanmi, yo…
— Nima yo? Bu bilan nima demoqchisan? — so‘radim undan.

— Undan nima istaysiz? — orqamizdan yetib kelgan bobom jin ayolga savol tashladi.
— Menmi?.. Boshimga uramanmi buni? — yerga tupurib lab burdi jin. — Hozir u tirikligida ko‘ngilxushlik qilgan erkaklar sonini hisoblaymiz va ularga qo‘shib buni ham tegishli joyga jo‘natamiz.

— Bu yerda hisoblab o‘tirishning sira hojati yo‘q. — dedim men. — Mening hayotimda uchrashadigan, yashaydigan birgina erkak bo‘lgan.
— Shunaqa degin? Vey, birgina erkak bilan risoladagidek yashagan ayollar bizning tepamizdan katta tezlikda uchib o‘tishadi. Hozir biz sanaylik, o‘shanda bilasan!..

Jin qo‘lidagi qutini ochib, ichidan bir dasta behayo suratlar chiqardi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, suratda men o‘z sevgan kishim bilan turardim. Qolganlari… Qolganlarida begona erkaklar… Biz behayolarcha suratga tushgan edikki, nimadir deyishga ojiz qoldim.

— Bu mening erim Georgiy! — deya oldim jinga zo‘rg‘a.
— Qolganlari-chi? O‘ynashlaring-ku!

— Bu… Shunchaki ko‘ngilxushliklar edi.
— Ha-a, sen shuni ko‘ngilxushlik deb atayapsanmi?.. Lekin bu gaping bilan hech narsa o‘zgarib qolmaydi.

Jin o‘zining yashil kaftini burnimga yaqinlashtirgandi, unda oq-pushtirang yalang‘och qiz surati ko‘rindi.
— Taniyapsanmi?

Men yaxshilab nazar soldim. Bu mening yoshlikdagi suratim edi.
— Endi bunisiga razm sol! — dedi jin boshqa kaftini ko‘tarib.

— U kaftida mening birinchi muhabbatim ekan. Jin ikki kaftini bir-biriga yaqinlashtirgan edi hamki, biz muhabbatim bilan bir-birimizga mahkam yopishib, ishq lazzatidan bahra ola boshladik.

Men qotib qoldim.
— Endi bu yigitchani, — dedi jin. — Sal nariga surib turamiz. Hozircha sayr qilib kelsin! — U bir kaftini boshqasidan tag‘in uzoqlashtirdi va birinchi muhabbatim o‘rnida ikkinchisi paydo bo‘ldi. U yosh, navqiron shoir yigit edi. Biz shoir bilan qisqa vaqt uchrashib yurganmiz. Lekin jinning kaftida yuz berayotgan hodisalarga ishonishning sira imkoni yo‘q edi. Hozirgina birinchi muhabbatim bilan lazzatlangan tanam endi darhol shoirning qo‘yniga kirdi. Jin sal turib ikki kaftini bir-biriga urdi-yu, endi men ikki erkakning orasida qolib ularni o‘z mehrimdan bahramand eta boshladim.

— Ana endi sening haqiqiy sevgilinggayam yetib keldik! — dedi jin.

Haqiqatan uning kafti bo‘ylab kichkina, ko‘p boshli, ko‘p qo‘lli va ko‘poyoqli mahluq kezar, qo‘llari, oyoqlari mening tanamni ikki erkakning quchog‘idan yulib olishga urinardi.

— Bu nimasi? — yig‘lagudek bo‘lib so‘radim men jindan. — Nega yolg‘onlarni namoyish etasan?..
— Bizda yolg‘on bo‘lmaydi. Undan ko‘ra, shartimga quloq tut. Endi bizning knyazimizni xursand qilasan. Shunday xursand qilasanki, hammamiz maza qilib tomosha ko‘raylik. Mana shu narsa senga tayin etilgan jazodir.

Qurbaqasifat jin biz tomon yopirilib kela boshlagan yashil bulutga ta’zim bajo ayladi. Bulut birdan tarqab, orasidan Shaytoni lain tirjaygan ko‘yi chiqib keldi. U qip yalang‘och, kulrang tanasi ko‘ngilni ag‘dargudek jirkanch edi.

— Qani, o‘zimning kichkina qaysarim! — deya menga tobora yaqinlashib kelardi shayton. — Ikkovimiz haqiqiy sevgini namoyish etamiz. Manavilar ham bir tomosha ko‘rishsin-da!.. O‘zim suyaklaringni sindirgudek erkalayki…

— Farishtam! — qo‘rquv aralash qichqirdim men.
— Chiranaverma ko‘pam! — dedi shayton. — U baribir seni eshitmaydi. Bizdagi yoqimsiz hidlarga farishtangning dimog‘i dosh bera olmay juftakni rostlab qolgan. Kelaqol, otaginangning qo‘ynini to‘ldir, jonidan!

Men o‘zimni nari olib qo‘limni orqaga tashlagan edimki, shu zahoti kaftlarim orasida bobomning tumori boylangan zanjirni his etdim.
— Qo‘yvor bu zanjirni! — baqirdi shayton va men tomon yugurdi. Biroq zanjirning bir uchini kaftlarimga o‘rab ikkinchi uchi bilan shaytonni tushirib qoldim. Ana endi atrofimdagi jinlarning qichqiriqlari hammayoqni tutib ketdi. Meni esa qandaydir kuch darvoza ortiga itqitib tashladi.

Ko‘zimni ochganimda ikki qo‘ltig‘imdan farishtam va bobom tutgancha noma’lum tarafga sudrab borishardi.
Sal o‘zimga kelgach, ular meni yana oldinda xayrsizlik saltanati kutayotganidan ogoh etishdi. Men o‘zimcha bunisidan ham osongina o‘ta olishimga ishondim. Ammo ularga hech narsa demadim. Va to‘g‘ri yo‘l tutdim.
* * *
Men tirikligimda hech qchon gadoyning yonidan indamay o‘tib ketmaganman. Cho‘ntagimda so‘nggi tanga qolgan bo‘lsa-da, unga tutqazganman. Do‘stlarim kulfatda qolsalar, ko‘maklashganman. Hatto siyosiy terror qurbonlariga, Chernobil halokati tufayli jabr chekkanlarga, Armanistondagi zilzila tufayli aziyat ko‘rganlarga sidqidildan yordam berganman. Qayta qurish davrida esa rossiyalik keksalarni moddiy tarafdan qo‘llab-quvvatlaganman. Lekin bu saltanatdagilarning namoyish etayotgan o‘yinlaridan lol edim.

Ana, otam bilan siyosat bobida bahslashyapman. Unga marksizm-leninizmga asoslangan klassiklarning jumlalarini keltirib o‘zimni oqlamoqchi bo‘lyapman. Biz bahslashishimiz davomida ortimizda ikkita qora soya paydo bo‘ldi. Biri otamniki, ikkinchisi meniki. Soyam o‘tkir, uzun va beo‘xshov tishlarini g‘ijirlatgancha otamning jigarini sug‘urib olishga intilyapti.

Georgiy va mening ishtirokimdagi sahna ham xuddi shunga o‘xshash edi. U ojiz, bemor holatda vannaxonada qimirlamay yotar, men bo‘lsam, ostonada ikki qo‘limni belimga tiragan ko‘yi uni chaqib-chaqib olar, «Yo‘qol, xiyonatkor! Ket uyimdan! Yo‘qol!» deya baqirardim. Hayqiriqlarimdan vannadagi suv qizara boshlab, qonga aylana borardi.

Ha, hayotimda bu taxlit ko‘ngilxiraliklarning juda ko‘pini keltirib chiqarganman. Shuning uchun ham nima qilishni bilmayman. Oldinda o‘zimni kutayotgan jazolarni o‘ylab dir-dir titrayman. Ana, ro‘paramda og‘ir gurzilar ko‘targan bir to‘da jinlar hozir bo‘lishdi. Agar savalay boshlashsa, majaqlab tashlashadi-ku!.. — Eh, bobojon, farishtam, meni himoya etsalaring-chi!.. Qaranglar, og‘zimdan xuddi vannadagi kabi qip-qizil qon sizib chiqyapti! Dimog‘imni qonning sassiq hidi tutib, ko‘nglim ayniyapti…
(Davomi bor)
Yelena VOZNESENSKAYa

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » O‘limdan keyingi hayot… (3-qism. Mistika)