Shu payt tepamdan kimningdir uvillagani eshitilib, shosha-pisha ko‘zlarimni ochdim. Yo‘q, bu mahluqning ham, odamning ham ovozi emasdi. Ishga chaqiruvchi signal edi.
Qora uylardan bir-birlarini turtib, siltab erkak-ayollar tashqariga chiqa boshlashdi. Keyin… Boshliqlar bo‘lsa kerak, g‘azablangan erkaklar paydo bo‘ldi. Ularning qo‘llarida temirdan yasalgan yarim metrlik tayoqlar. Barchalari baqirib, odamlarni hayday ketishdi.
— Sen nima qilib o‘tiribsan?
Men tapamga kelib qolgan boshliqlardan birini payqamabman. Hali o‘rnimdan turib ulgurmay, qo‘lidagi temir tayoq bilan yelkamga tushirdi.
— Tez bo‘l, qimirla!
— Men… Bu yerlik emasman… — dedim qo‘rqa-pisa.
— Nima?.. Men senga bu yerlik emaslikni ko‘rsatib qo‘yaman!.. Qani, safga tur! Tez bo‘l-o‘l!..
U ikkinchi marta yelkamga tayoq bilan urdi. Qo‘limdan nima kelardi? Itoat bilan safga borib turdim.
Bildimki, qandaydir turma yoxud lagerga kelib qolibman. Nima qilib bo‘lmasin, bu yerdan juftakni rostlash kerak. Ha, baribir qochib ketaman…
Buyruq berilgach, biz yo‘lga tushdik.
Ha, adashmabman. Bizni yo‘l qurilishiga haydab borishdi. Men ikki semiz ayolga sherik bo‘ldim.
Ishda kim dangasalik qilsa, qo‘riqchilar qo‘llaridagi temir tayoqlar bilan kaltaklashardi. Tayoqda kichik ilgichlar bo‘lib, har kelib tushganda, odamning bir parcha go‘shtini yulib olardi. Yo‘q, men buni xohlamasdim. Yaxshisi, ter to‘kib ishlagan ma’qul. Endigina qo‘riqchi yaqin kelgandiki, semiz ayolga shivirladim:
— Bo‘l, ishla tezroq! Aks holda tayoq yeysan!
Biz ishni tugatdik. Tag‘in saf tortib shaharga yo‘l oldik. Omadim kelib meni ham qora uylardan biriga turtkilab kiritishdi.
Bu yerda hech kim bir-biri bilan gaplashmasdi. Faqat so‘kinishardi. Shaharni juda-juda qo‘rqinchli mahlqlar boshqarib turardi. Ular gohida shahar tepasiga uchib kelib qolishar, shu zahoti hamma o‘zini yerga tashlab, boshini ikki qo‘li bilan berkitib olardi. Basharti, kimdir ulgurmasa, tamom. Mahluqlar o‘shani ko‘tarib uchishadi. U yuqaytib shaharga kelmaydi. Menga esa mahluqlar tegishmasdi. Yaxshi berkinardim chog‘i. Yerga o‘zimni tashlamasdim-u, devor tomon o‘girilib olardim. Va ko‘zlarimni chirt yumardim. Natijada meni mahluqlar ilg‘ashmasdi.
Mahluqlar o‘ta xasis edi. Ular bizga na ovqat, na suv berishardi0 O‘zlari esa biz kabilarni yeb kun ko‘rishardi. Agar o‘ljaning omadi kelgan bo‘lsa, bir parcha go‘shtini uzib olib o‘zini qo‘yib yuborishardi. Aksincha bo‘lsa, yeb bitirishardi.
Shaharga xo‘jayin mahluqlardan tashqari mehmonlar ham uchib kelib turishardi. Ular ulkan qushlar qiyofasida bo‘lib, tepadan bizlarga non, suv to‘ldirilgan idishlarni tashlashardi. Hamma tortiqlarga tashlanar, kimgadir to‘polonda yo non tegardi, yoki suv.
Yo‘lni esa shunday qurardik. Oldin bir tomoniga plitalar yotqizib chiqardik. Keyin yo‘lning boshqa tarafiga yo‘l olardik. Plitalarni lom bilan urib maydalardik.
Ha, ishlasam, orom olardim. Busiz yashab bo‘larmidi…
Ish paytida bizga «ruhxo‘r» deb nomlangan mayda boshliqlar buyruq berishardi. Ular ham bizga o‘xshagan-u, faqat biroz qoracha, semiz. Ular ham xo‘jayinlaridan o‘rganishganmi, keyinchalik odamlarni yeydigan bo‘lishdi. Lekin yeb qorinlarini to‘ydirishgach, qolgan-qutgan suyak, go‘shtlarni ishlayotganlarga qoldirishardi.
Odamlar-chi? Ular bir-birlariga o‘qrayganlari o‘qraygan, o‘shqirganlari o‘shqirgan. G‘azablanganlarida bir-birlarini tishlay ketishadi. Shundaylari borki, oxir-oqibat ojizroq qolganni yeb bitirishadi. Vaqt o‘tishi bilan o‘shalar ham ruhxo‘rlarga aylanishadi. Faqat boshliq emas, «yovvoyi ruhxo‘r»ga evrilishadi.
Yovvoyi ruhxo‘rlar ishlashmaydi va alohida qora uylarda yashashadi. Agar yolg‘iz ruh ularga duch kelib qolsa, shu ondayoq yeb qo‘yishadi.
Tasodifan yana bir sirni anglab oldim. Barcha odamlar ikki navga bo‘linarkan. Bizni yeydigan va boshqalarga yem bo‘ladiganlar. Men ikkinchi toifaga tegishli edim. Kunlarning birida yovvoyi ruhxo‘rlardan biri kimningdir ruhini tilkalab tashladi. Oyoqlarim ostiga bir bo‘lagi kelib tushdi. Darrov teskari o‘girildim. Ammo yonimdagilardan bittasiyugurib kelib bo‘lakni qo‘liga oldi-da, bir zumda yeb tashladi.
Bora-bora bu yerda ham zerika boshladim. Hamma g‘azabnok, birov-birovini ayashni, mehr ko‘rsatishni bilmaydi. Zo‘ravonlar klataklashgani-kaltaklashgan. Men qayerdadir bir ko‘l borligini eshitib qoldim. U yerda hech kim bir-biriga baqirmas, bir-birini kaltaklamas va yemas ekan. Eh, o‘sha ko‘lga olib boradigan yo‘lni aniqlasaydim…
Bir kuni katta ruhxo‘r bizga dam olishni buyurdi. Biz sherigim semiz ayol bilan yerga zambilni tashladik. Ayol darhol zambilga yastanib oldi. Men bo‘lsam, uning tepasida turgan ko‘yi ko‘kka boqdim. Shunda osmonda katta bir qush paydo bo‘ldi. Kutilmaganda oyoqlarim ostiga bir bo‘lak non kelib tushdi. Ehtiyotkorlik bilan nonni qo‘limga olib sekin atrofni ko‘zdan kechirdim. Hamma uxlayapti. Nonni yeya boshladim. Oh, qanchalar totli! Issiqqina, Quyosh hidi kelardi nondan. Afsus, nonning bir burdasinigina yeyishga ulgurdim. Bir mahal semiz ayol uyg‘onib ketib dast o‘rnidan turdi-da, qo‘limdagi nonga tashlandi.
— Ahmoq! Uni yema! Zaharli non bu!
Uning hayqirig‘idan boshqalar ham uyg‘onib ketdi. Ko‘ribsizki, bir zumda nonning uvog‘i ham qolmadi. Yeb bitirishdi. Menga juda alam qildi. Axir, bu mening nonim edi!
Lekin ertasiga o‘sha ulkan qush yana mening tepamga uchib kelib non tashladi. Men nonni oldim-u, yo‘lning boshqa tomoniga qarab chopdim. Shunday qilib nonimni so‘nggi uvog‘igacha o‘zim yeyishga erishdim…
* * *
Shu lahzadan boshlab hayotimda hamma narsa o‘zgara boshladi. Eng asosiysi, o‘zimni tanidim, vujudim kuchga to‘ldi. Men o‘ylay va nimalarnidir eslay boshladim. Bungacha faqat ko‘z oldimdagi narsalarnigina o‘ylay olardim. Endi esa o‘zim uchun unut bo‘lib ketgan ko‘p voqealarni yodga oldim. Ha, sahro bo‘ylab uzoq yo‘l bosdim. Qayergadir borishim kerak edi. Lekin qayerga?..
Oq qush menga har kuni oq non olib keladigan bo‘ldi. Bora-bora tanam tiniqlashib, o‘zim yoshara borayotganimni his etdim. Ruhxo‘rlar esa tanasi tiniq ruhlarni xush ko‘rishmaydi.
Tanam tiniqlasha boshlaganini sherigim pa qab qoldi. U yuzimga tuflaydigan, bo‘ralab so‘kadigan odat chiqardi. Keyin shu qadar g‘azabnok bo‘lib qoldiki, bir kuni zambilni ko‘tardi-yu, boshqalar safiga qo‘shilib ketdi. Menga boshqa sherik berishdi.
U juda ozg‘in va shalpangquloq bir yigit edi. Uni Shalpangquloq deb chaqirardim. Xafa bo‘lmasdi. Qachon qarasa, noligani noligan edi: «Voy, yomon bo‘lib ketayapman!.. Ortiq chiday olmayman…» Lekin hasadgo‘y emasdi. Mening non yeyishimni maroq bilan tomosha qilardi. Afsuski, kuchsiz edi. Zambilni bemalol ko‘tarib kerakli joyga eltish uchun ikkita plitani kam solishga majbur bo‘lardim.
Lekin ayyorona tutgan yo‘limizni oxir oqibat ruhxo‘r boshliqlar payqab qolishdi va tez orada Shalpangquloq sherigimni yeb bitirishlarini e’lon qilishdi. Qo‘rqib ketdim. Xo‘sh, unga qanday yordam bersam bo‘ladi? Menga boshqa sherikning keragi yo‘q…
Ha, Shalpangquloqqa picha non berishga qaror qildim. Balki, shu bahona kuch yig‘ar dedim. Oq qush non olib kelib menga tashlagach, hammasini unga berdim Sho‘rlik yeb bo‘lib tag‘in umidvor boqadi-ya ko‘zlarimga!..
— Boshqa yo‘q. — dedim unga rahmim kelib. — Keyinroq bo‘ladi…
U arazlab teskari o‘girildi-yu, nari ketdi. Hatto rahmat ham demadi. Biz so‘nggi zambilni plitalarga to‘ldirib tashib bo‘lganimizdan so‘ng, ko‘nglim birdan g‘ash tortdi. Demak, Shalpangquloqning kuni bitgan ko‘rinadi. Ana, ikki ruhxo‘r soqchi hushyor tortib biz tomondan ko‘z uzmayapti. Shubhalarim to‘g‘ri chiqdi. Endigina zambilni bir chetga qo‘ygan edikki, ulardan biri menga yaqin kelib temir tayog‘ini bo‘ynimga tiradi.
— Sen safga bor. Sen esa shu yerda qolasan!.. Senga nima dedim? Yugur safga!..
— Shalpangquloq, tez yugur! — deya hayqirdim sherigimga. — Hozir bular seni yeb qo‘yishadi. Safga borgin-da, berkinib ol!..
Hayqirig‘imdan g‘azab otiga mingan soqchilar jonholatda menga tashlanib, qo‘llaridagi tayoqlar bilan ura ketishdi.
Bora-bora hushimdan ketib yiqildim.
* * *
Hushimga kelganimda Shalpangquloq tepamda turib olgancha qichqirardi:
— Yo‘qol yaramaslar! Uni senlarga bermayman! U hammadan yaxshi! Yo‘qol, itvachchalar!
Shunday deb qo‘lidagi zambil tutqichini silkigancha tepamda uyoqdan-buyoqqa uchib aylanayotgan ruhxo‘rlardan himoya qilardi. Tushundimki, ruhxo‘rlar meni yeyish harakatiga tushishibdi. Men Shalpangqquloqdan juda xursand bo‘lib ketdim. U meni tashlab qochmabdi. Faqat… Zambil tutqichini sug‘urib olgani uchun javob berishga to‘g‘ri keladi. Ruhxo‘r soqchilar kaltaklashadi…
Men sekin o‘rnimdan qo‘zg‘aldim. Shalpangquloq oyoqqa turib olishimga ko‘maklashib yubordi. Shu ondayoq tanam samodan kelib tushgan nonlar tufayli bo‘lsa kerak, oppoq tus olib, o‘zidan ko‘zni qamashtiruvchi yorug‘ nur tarata boshladi. Ruhxo‘rlar darhol chekinib, osmonu falakka ko‘tarilishdi va ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi.
— Yaxshiyam sen tirik qolding! — yelkamni silab so‘z qotdi Shalpangquloq. — Tezroq qora uylarga boraylik! Bu yer qo‘rqinchli ekan…
— Yo‘q, — dedim qat’iy. — hech qanaqangi qora uyga qaytmaymiz. Bu yerlardan ketamiz. Tutqichni olvol! Kerak bo‘lib qolishi mumkin.
Shalpangquloq xuddi ruhxo‘rlar kabi uv tortib yubordi.
— Nega uv tortasan? — so‘radim undan jahlim chiqib.
— Qo‘rqib ketayapma-an!
— Unda bor, qora uyga bir o‘zing ketaver!
Men zambilning qolgan qismlarini tepa-tepa sindirdim-da, jahd bilan yo‘lga tushdim.
Shalpangquloq esa ancha joygacha ortimdan ergashib borar, ahyon-ahyonda uv tortib qo‘yardi.
Toqati toq bo‘ldi shekilli, menga yetib olib qo‘limdan tutdi.
— Yur, lagerga qaytaylik!
— Suf senga! — jerkib berdim uni. — Erkakmisan o‘zi? Namuncha quyonyurak bo‘lmasang?..
Men uni qo‘lidan mahkam tutib oldinga yetakladim…
* * *
Biz toshdan bunyod etilgan quduqqa yetganimizda, to‘satdan quduq ichidan: «Yo‘qol! Bu yer band!» degan hayqiriqlar atrofni tutib ketdi. Mayli, nimayam qilardik? Yura-yura, sahroga yetdik. Men o‘zimga yoqadigan katta xarsang toshni tanlab o‘sha yerda to‘xtadim.
— Shu yerda yashaymiz. — dedim Shalpangquloqqa.
— Qo‘rqinchli-ku!
— Nimasi qo‘rqinchli?
— Anavilar kelib yeb qo‘yishsa-chi?
— Qo‘rqoq! Mening yonimda bo‘lsang, seni yeya olishmaydi! Endi kattaroq toshlardan tanlab tashishni boshla! Ruhxo‘rlardan saqlansa bo‘ladigan uycha qurib olamiz!
Unga tosh tashishni o‘rgatib o‘tirishning hojati yo‘q edi. Lagerda o‘rgangan.
Ko‘z ochib yumguncha uycha ham tayyor bo‘ldi. Biz bir-birimizning pinjimizga kirgancha ko‘zlarimizni yumdik.
***
Shalpangquloq adashmagan edi. Bir necha marta ruhxo‘rlar uychamizga mo‘ralab ko‘rishdi. Lekin katta xarsang toshlar jonimizni asradi. Ular jo‘nab ketganlaricha, qaytishmadi.
Ikkalamiz birgalikda o‘zimizni juda yaxshi va xotirjam his etardik. Shalpangquloq yo jim o‘tirar, yoki taqdiridan nolirdi. U jonini jabborga bersa berardiki, lekin meni sotmasdi. Shalpangquloq deganlari shunday yigit edi. Qo‘rqoq-u, ammo sadoqatli.
Ahvolimiz ham kun sayin yaxshilana bordi. Har kuni oq qush bizga non tashlab o‘tar, nonni ikkalamiz bo‘lishib yer edik. Oyoqqa tura boshlaganidanmi, hatto quloqlari ham u darajada sezilmay qoldi nazarimda.
Bir kuni beixtiyor bu yerdan ham ketgim kelib qoldi.
— Qayerga? — Shalpangquloq jahli chiqib yo‘limni to‘sdi. — Qayerga boramiz? Ahmoq ekansan! Bizni yo‘lda yeb qo‘yishadi-ku! Balki, boshqa joylarda non bo‘lmas?..
Yo‘q, mening o‘z rejalarim bor edi. Faqat Shalpangquloqqa aytib o‘tirmadim. Hozircha ketmay turishga ahd qilgan bo‘lsam-da, oq qush olib kelayotgan nonni tejab, zahiraga olib qo‘yadigan bo‘ldim.
Rejalarim pishgach, Shalpangquloqqa dedim:
— Bas! Bugun jo‘nab ketamiz.
— Men bormayman! — dedi Shalpangquloq ortga tislanib.
— Borasan. Men bilan birga bo‘lsang, faqat yaxshilik ko‘rasan.
Xullas, u yig‘lay-yig‘lay, ortimdan ergashdi. Biz ancha yo‘l bosib dengiz bo‘yiga yetdik. Undan so‘ng qumdan bunyod bo‘lgan tog‘lar… Ketidan yana dengiz…
— Shalpangquloq, bu nima? — so‘radim sherigimdan.
— Suv-da! — javob qildi Shalpangquloq.
— Suvligini bilaman. Nima deb ataladi?
— Yaxshisi, o‘zing ayt!
— Dengiz, ahmoq, dengiz!
Dengiz bo‘yida ulkan shahar qad ko‘targandi. O‘sha tomonga bordik. Shaharda juda chiroyli qora uylar o‘rnatilgan. Derazalari, balkonlari bor.
Bu shaharning odamlari juda osoyishta yashashar, bir-birlari bilan mushtlashishmas, haqoratli so‘zlarni tillariga chiqarishmasdi. Shu yerda yashab qolishga ahd qildik.
Hech kim bizga xalal bermasdi. GOho o‘tkinchilardan kimdir o‘zimiz tanlab joylashib olgan qora uychaga mo‘ralardi-da, yo‘lida davom etardi. Biz qo‘rqmasdik. Negaki, yonimizda zambilning tutqichi bor. Bemalol dushmandan himoyalana olishimizga aqlimiz yetadi.
Tez-tez dengiz bo‘yiga borib suvga tikilishni odat qildik. Shunday lahzalarda oq qush dengiz osha uchib kelardi-da, non tashlab ketardi…
* * *
Keyingi kunlarda negadir yuragim g‘ash tortadigan, kimlarnidir qo‘msaydigan bo‘lib qolgandim. Sababini bilmasdim. Shalpangquloqning gaplari ham, dengiz ham, oq qushning mehr ila non tashlab ketishlari ham ko‘nglimga sig‘masdi. Faqat ketgim va ketgim kelaverardi.
— Men ketmasam bo‘lmaydi. — dedim nihoyat bir qarorga kelib. — Dunyoga sig‘may qolayapman. Kimlarnidir ko‘rgim, kimlargadir yetishgim kelayapti.
Shalpangquloq og‘ir tin oldi. Ammo hech narsa demadi. Uzoq muddat dengizni to‘ldirib oqayotgan ko‘kimtir suvga tikilgancha o‘y surib o‘tirib qoldi.
So‘ngra beixtiyor boshini ko‘tardi.
— Ketsang ketaver! — dedi u qovoq uyib. — Men shu yerda qolaman.
— Nega? Ochlikdan o‘lib ketasan-ku!
— Mayli… Bir marta o‘lib ko‘rdim, yomon bo‘lmadi. Ikkinchi marta o‘lsam nima bo‘pti?..
— Unda bilganingni qil!
— Sen qay yo‘l bilan ketmoqchisan? — so‘radi Shalpangquloq. — Yo‘lda ruhxo‘rlar tutib olishsa-chi?
— Men dengizda suzib ketaman. Ishonaman, baribir o‘zim borishim manzilga yetaman. Mana ko‘rasan.
— Cho‘kib ketishdan qo‘rqmaysanmi?
— O‘zing aytding-ku! Men ham bir marta o‘lib ko‘rdim. Nega qo‘rqishim kerak?..
Xullas, biz Shalpangquloq bilan yig‘lab xayrlashdik. O‘rganishib qolgan ekanmizmi, sira bir-birimizni qo‘yib yuborgimiz kelmasdi…
Ammo na iloj? Qalbim faqat oldinga talpinar, ortiq bu yerlarda turishga bardoshim yetmasdi.
Men Shalpangquloqni qo‘yib yubordim-u, o‘zimni dengiz qa’riga otdim.
* * *
Dunyoda omad kelmasa qiyin ekan. Suvga sho‘ng‘iganimdayoq hushimdan ketgandim.
O‘zimga kelganimda, cho‘lu biyobon o‘rtasida yotar, tepamdan hatto qush ham uchib o‘tmas, issiqdan zo‘rg‘a nafas olardim. Mendan ancha narida esa dengiz shovqinigina quloqqa chalinardi…
Ajabo! Qanday qilib shuncha joyga hushsiz kelib qoldim? Kim meni keltirdi bu yerga? To‘lqinlarmi? Ular dengiz ichkarisidagina mavjudligini bilaman-ku!..
Xullas, shunday xayollar bilan ancha vaqt bosh qotirdim. Baribir sababini topa bilmadim.
Sal o‘tmay, birdan havo aynib yomg‘ir tomchilay boshladi. Qornim och, suv ichgim kelardi.
Sekin o‘rnimdan turdim-da, xo‘rligim kelib oldinga yurdim. Ajab emaski, biror daraxt uchrasa va men o‘sha daraxt soyasida jon saqlasam. Balki, biror yegulik toparman. Ey Xudoyim, nega mehribon oq qush uchib kelmayapti? Nega menga non tashlamay qo‘ydi?.. Xudoyim! Nega meni bu ahvolga solib qo‘yding? Nahotki, menga ko‘mak bermasang? Menga shafqat qilmasang?..
Keyin ancha xotirjam tortdim. Axir, men allaqachon o‘lganman! Nimadan qo‘rqaman? Menga yoqadimi-yo‘qmi, qarshimda boqiy dunyo yuz ko‘rsatib turibdi. Men shu dunyoda yashashga majburman. Aslida o‘sha dahshatli, muzlardan iborat ko‘l bo‘yida yashashim, ruhxo‘rlarga qul bo‘lib qolib ketishim, yoki jinlar hukmronlik qiladigan joylarda abadiy qolib ketishim ham mumkin edi. Zulmat qo‘ynida joylashgan do‘zaxning qiynoqlari haqida u qadar tasavvurga ega bo‘lmasam… Nega shukr qilmayapman?
Taqdirga tan berganim hamono miyamda turli rejalar aylana boshladi. Ancha yo‘l bosib mayda-mayda daraxtlardan iborat bir joyga yetdim. Lekin bu yer ham issiq, aksiga olib o‘rgimchaklar, kaltakesaklar har qadamda duch kelardi. Men ulardan qo‘rqmaslikni o‘rgandim. Jim o‘tirganimda kaltakesaklar oyoqlarimga chiqib isinishardi.
Mayda daraxtlar shoxlarini sindirib o‘zim uchun ko‘rpa va yostiq yasadim. Shunday qilib yolg‘izlikdagi hayotimni sal bo‘lsa-da, yo‘lga qo‘ygandek bo‘ldim…
* * *
Afsuski, ko‘nglim yorishmasdi. Ertalab quyosh yuz ko‘rsatishi bilan Xudoga nola qilar, ovozimning boricha frashtamni qoshimga chorlardim. Bobomga xayolan yalinib, qutqarishlarini so‘rardim.
So‘ngra qumga cho‘k tushib yaqin o‘tmishim haqida o‘ylashga tushardim. Noto‘g‘ri hayot kechirganimdan, yo‘l qo‘ygan gunohlarimdan nadomatlar chekardim. Qarangki, tavba qilganim sayin shuncha yengil torta borardim. Ha, bu haqiqat. Hayotim shu qadar iflosliklar changalida o‘tgandiki, manavi zangori osmon ostida o‘tirishga, nafas olishga haqsiz ekanimni yurak-yuragimdan his etardim. Hatto, hov anavi kaltakesak, o‘rgimchaklardek begunoh jonivorlarni ko‘rishga ham haqqim yo‘q edi. Ammo Xudoyim menga tag‘in shafqat qilib, barcha mushkulotlardan xalos etdi va shu yerlarga kelib qoldim.
Yana tirikligimda o‘zim yoqtirgan insonlarni va jannatda sevishga ulgurgan yaqinlarimni esladim. Xayolan foniy dunyodagi do‘stlarim, qarindosh-urug‘larimdan kimlarningdir yo‘liga yurib ko‘ngillariga yetkazgan ozorlarim uchun astoydil kechirim so‘radim. Jannatdagi aziz qondoshlarimga rahmatlar aytib, meni duo qilishlarini so‘radim.
Kunlar esa o‘tib borar, men daraxt barglarini yeb, dengizning sho‘r suvidan ichib hayot kechirardim. Shunga majbur edim. Biroq qalbimni to‘rdek o‘rab olgan g‘am, tushkunlik azobi balki ibodatlarim sabab asta-sekin bo‘lsa-da, tarqala borardi.
Oh, Olga!.. Buvijonim!.. Siz ham menga katta ko‘mak berdingiz! Umidni vujud-vujudimga singdirib qo‘ydingiz! Ikki ming yil siz meni kutibsiz-a, buvijonim Olga!.. Men ahmoq bo‘lsam, o‘zimning boqiy hayotimni endigina boshlabman-u, vaqti kelsa bardoshim tamom bo‘lgandek dunyoga sig‘may ketaman… Xudoyim sizni rahmatiga olgani rost bo‘lsin!
Boya atyganimdek, qancha ko‘p ibodat qilsam, shuncha oson kechardi. Men Xudoyimga tasannolar aytishdan charchamasdim. Chunki, u tufayli o‘limni boshimdan kechirdim. Do‘zax, jannat orqali o‘tib, Shayton kimligini, aslida Yaratgan egam haqiqitan borligini anglab yetdim. Bunga amin bo‘ldim.
Mo‘’jiza kutilmaganda ro‘y berdi. Bir kuni tunda yomg‘ir yog‘di. Bir mahal dimog‘imga atirgul ifori urildi. Men bu hidni shamol qayerdandir uchirib olib kelgan bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim. Qum ustida cho‘zilib yotgancha jannat gullarini ko‘z oldimga keltirishga ham ulgurdim. Olga bilan ko‘rgan billur gullarni esladim… Shu taxlit uyquga ketdim…
Tong otdi. Yomg‘ir tinibdi. Atrof jimjit. Men o‘rnimdan turdim. Oyoqlarim ostidagi qum namlanibdi. Endi bu qum uzra bemalol, qiynalmasdan yursa bo‘ladi.
Men sohil bo‘ylab oldinga bosdim. Hech qancha yurmay, farishtamga ko‘zim tushdi. Ha, u meni kutardi! Quvonib ketdim. Chopib borib bag‘riga o‘zimni otdim.
— Mana, Anna, — dedi farishtam. — hammasi tugadi. Senga shafqat ko‘rsatgani uchun Xudoyimga shukrona keltir! Xo‘sh, mo‘’jizani ko‘rdingmi?
— Albatta. Mayda, qurib qolgan daraxtlar birdan uyg‘onib, barg yozib, gullarga burkandi.
Farishtam meni ko‘tarib oldi va men uning yelkasiga boshimni qo‘yib oldim. Biz samoga ko‘tarildik.
— So‘nggi bor shaharga nazar tashlab olishni istaysanmi? — so‘radi farishtam.
— Ha, agar mumkin bo‘lsa.
Farishtam boshqa tomonga burildi. Ammo ostimizda hech qanday shahar ko‘rinmasdi. Faqat uyilib yotgan axlatlar, pachoqlangan mashinalar ko‘zga tashlanardi. Kulrang tanali yalang‘och erkak, ayollar axlat uyumlarini oralab yurishardi. Ular nimanidir qidirish bilan ovora edi. Qayoqqa qaramang, g‘alati, ko‘rimsiz qushlar uchib aylanar, mushuk singari miyovlashardi.
— Men tushunmadim. — dedim hayron bo‘lib. — Shahar qani?
— Hamma gap shunda. — bosh irg‘adi farishtam. — Bu shahar bir paytlar bo‘lgan. Ammo odamlari yolg‘onchi, xiyonatkor, firibgar bo‘lishgan va oqibatda Xudoning g‘azabiga uchragan. Mana, buning natijasini ko‘rib turibsan. Qachonlardir shu shaharni yer yutgan. Hov anavi yalang‘ochlar esa men aytgan gunohkorlar. Ular uchun do‘zaxga kirishning hojati yo‘q. Shu yerning o‘zida do‘zaxdagidan battar umr kechirishadi. To qiyomat kuni kelib, Yaratganning marhamatiga muyassar bo‘lmagunlaricha shu taxlit yashashadi. Yo‘q, ketdik! Ko‘radigan narsaning o‘zi yo‘q bu yerda!
Biz boshqa bir tarafga uchib ketdik.
Yelena VOZNESENSKAYa
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?