Marquinhos Gabrielni nima uchun yupatganini tushuntirib berdi

Pari Sen-Jermen sardori Marquinhos Chempionlar ligasi finalidagi hal qiluvchi penaltini aniq amalga oshirolmagan Gabriel Magalhaesga nima uchun tasalli berganini ochiqladi. Budapeshtdagi "Pushkash Arena"da kechgan dramatik bahsda PSJ ketma-ket ikkinchi bor Yevropa taxtiga chiqdi, biroq jamoa sardori g‘alabani nishonlashdan oldin raqib himoyachisining yoniga borishni afzal ko‘rdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Arsenal markaziy himoyachisi Gabrielning zarbasi darvoza to‘sini yuqorisidan o‘tib ketishi natijasida kubok Parij klubiga nasib etdi. PSJ futbolchilari g‘alabani nishonlash uchun yugurib ketayotgan bir paytda, Marquinhos o‘z hamyurti va raqibini uzoq vaqt quchoqlab, unga dalda berdi. Ushbu olijanob harakat Arsenal sardori Martin Odegaard tomonidan ham yuqori baholandi.
"U haqiqiy jentlmen. Marquinhos maydondagi eng tajribali o‘yinchi va bunday vaziyatlarni har ikki tomondan ham boshidan o‘tkazgan. Uning bu harakati va qanday inson ekanligi katta hurmatga loyiq", — dedi Martin Odegaard o‘yindan keyingi intervyusida.
Marquinhosning o‘zi esa bu harakatini shaxsiy tajribasi bilan izohladi. 32 yoshli himoyachi 2022-yilgi Jahon chempionati chorak finalida Xorvatiyaga qarshi o‘yinda penaltidan adashganini esladi. "U penaltini ura olmaganida, Xorvatiyaga qarshi o‘sha lahzalarni esladim. Bu juda og‘ir mas’uliyat va bunday vaziyatdan chiqib ketish uchun kuchli bo‘lish kerak", — deya ta’kidladi PSJ sardori.
Shuningdek, Marquinhos Gabrielning mavsum davomidagi xizmatlarini e’tirof etdi. Gabriel joriy mavsumda William Saliba bilan birga mustahkam himoya qo‘rg‘onini barpo etib, Arsenal jamoasining 22 yildan so‘ng ilk bor Angliya Premer-ligasida chempion bo‘lishiga ulkan hissa qo‘shgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!