00:12 / 12.01.2019
7 101

“Erkak bo‘l... o‘g‘lim!”

“Erkak bo‘l... o‘g‘lim!”
O‘g‘lim... Ko‘zimning oqu qorasi, hayotim quvonchi!

Esimda , homilador paytimda ilk marta sening jinsingni aniqlash uchun tekshiruvga borgan edim. O‘shanda negadir qiz bo‘lishingni xohlaganman. Hatto do‘xtirdan, o‘g‘illi bo‘lishim xushxabarini eshitganimda “Yaxshilab qarang-chi, balki qizdir” deya so‘raganim hamon yodimda.

Bugun esa hamma narsani mutlaqo adolat bilan taqsimlaydigan, hisob-kitobi haq va o‘ta chevar bo‘lgan Zotga menga aynan seni, ya’ni o‘g‘il farazand tuhfa etgani uchun beadad shukronalar aytaman. Chunki hali go‘dak – bo‘lsang-da, ammo mendek ojiza onang uchun kattakon suyanchsan, tirgaksan.

Ishon, “O‘g‘lim bor...” deyishimning o‘zi menga bir olam kuch beradi, o‘zgacha xotirjamlik, taskin va umidlar beradi. Bugungi holimga, boqib, agar qiz bola bo‘lganingda ikkita zaifaning holi ne kechardi, deb ko‘p o‘ylayman va Yaratganning marhamatiga hamdu sanolar aytaman. Shubhasizki, “U Zot xohlagan kishisiga qizlar hadya etur va xohlagan kishisiga o‘g‘illar hadya etur....” ("Shuro" surasi, 49-oyat).

O‘g‘lim... Bilaman, hozir kichkinasan, bu maktubni o‘qishga, so‘zlarimni anglashga, tushunishga ojizlik qilasan. Shunday bo‘lsa-da, hozirdanoq senga aytishim kerak bo‘lgan gaplarim bor. Inshaalloh o‘qishni, yozishni o‘rganib olganingdan keyin, aqling qirib, yaxshi-yommoni, oqu qorani ajrata boshlaganingda mening bu maktubimni hali ko‘p martalab o‘qib chiqasan. Bundagi har bir so‘zimni, pandlarimni qulog‘ingga quyib olasan degan umidim bor... Endi o‘gitlarimni diqqat bilan o‘qi va hech qachon yodingdan chiqarma.

Birinchi nasihatim: Allohdan qo‘rq!
O‘g‘lim... Avvalo sen insonsan! Ana shu inson degan nomga munosib bo‘lish uchun har doim aytadigan har so‘zing, qiladigan amalingni e’tiqoding va vijdoning tarozisida o‘lchashni odat qil. Ana o‘shanda qalbing pok, fitrating toza, maqsadlaring ezgu bo‘ladi. Har xil yomon illatlar sendan chetlashadi. Iymonli bo‘l va Allohdan qo‘rq! Robbimiz shunday marhamat qiladi: “Sizdan avvalgilarga aytilganidek, sizlarga ham “Allohdan qo‘rqing!” deya buyurdik!” ("Niso" surasi, 131-oyat) Ikki olam sarvari nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar: “Albatta, Alloh suratlaringizga va molu dunyolaringizga nazar qilmaydi. Lekin qalblaringizga va amallaringizga nazar qiladi”. Shunday ekan, ko‘nglingga adovat, hasad, nafrat, kibr va manmanlikning qora gardlarini yuqtirma, seni yaxshiliklarga undaydigan solih kishilarga hamroh bo‘l. Yaxshi amallaringni ko‘paytir! Birovlar haqiga ko‘z olaytirishdan, o‘zingdan ojizlarga zulm qilishdan, o‘zingga va ahlingga harom luqma yedirishdan parhez qil. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muoz roziyallohu anhuni Yamanga yubora turib shunday degan edilar: “Mazlumning duosidan ehtiyot bo‘l. Zero, uning duosi bilan Allohning orasida parda-to‘siq yo‘qdir” (Muttafaqun alayh).

Ikkinchi nasihatim: Yolg‘onchi bo‘lma, lafzingda tur!
Bu haqda mashhur hadis bor. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Munofiq odamning alomatlari uchtadir: Qachon gapirsa, yolg‘on gapiradi; Qachonki va’da bersa, va’dasini ustidan chiqmaydi. Unga biror bir narsa omonat qilinsa, omonatga xiyonat qiladi. Sendan toabad onalik talabim va iltimos, ushbu hadisni hayoting davomida shior qil. Aslo munofiq bo‘lma. Boshingga qilich kelsa ham rost so‘zla. Qo‘lingdan keladigan ishni bo‘yningga ol. Va’da berdingmi, bajar. Ayniqsa, ayol kishiga bergan so‘zingni ustidan chiq, dunyoning yuki yelkangga ag‘darilganida ham. Seni erkak deb bilganlarning, senga erkak deb ishonganlarning, senga erkak deb suyanganlarning hafsalasini pir qilma!

Uchinchi nasihatim: Mard bo‘l, halol bo‘l!
Bu haqda senga ko‘p gapirib o‘tirmayman. Faqatgina kichkina hayotiy bir hikoyachani misol keltiraman. Buni kechagina ijtimoiy tarmoqlardan birida o‘qib qoldim. Menimcha, shuning o‘zi yetarli:

“Bir kuni mashinamda o‘tirgandim. Oldimga 11-12 yoshlar atrofidagi bir bolakay yaqinlashdi:
– Amaki, mashinangizni g‘ildiraklarini yuvib beraymi? Ko‘p so‘ramayman. Qancha bersangiz ham roziman...

Unga bir qur nazar tashlab, cho‘ntagimdan 1000 so‘m chiqarib unga uzatdim. Bolakay pulni ko‘rgach yuzi tundlashdi:
– Amaki, men tilanchi emasman.

Shunday deya keta boshladi. “Hoy, to‘xta” deb ortidan chaqirdim, oldimga keldi. Noqulay vaziyatga tushib qolgandim. Yuzlari biroz qoraygan, jemferining tirsaklari yamalgan, qo‘llari mag‘zavadan oqarinqiragan. O‘zim qilgan ishimdan xijolat bo‘lib bolakayga “menga mashina faralari va oynalarini artib ber” dedim, u bo‘lsa yana meni hayratga solishda davom etdi:
– Amaki, mening latta va sovunim faqat g‘ildirak yuvishga mo‘ljallangan. Oynalaringizni yuvib berolmayman...
– Xo‘p, unda g‘ildiraklarni yuvaqol – dedim...

U g‘ildiraklarni yuvarkan, undan oilasi haqida so‘radim. Kam gapirdi. Otasi bundan yarim yil oldin vafot etganini, onasi bo‘lsa betob bo‘lib qolganini, boquvchi bo‘lib faqat o‘zi ishlayotgani, topganini ro‘zg‘orga va onasining dori darmoniga sarflayotganini aytdi. Epchillik va hafsala bilan qilgan mehnatini ko‘rib va uning sharoitini bilib yordam bo‘lar deb yonimdan 15 ming so‘m chiqardim...
– Amaki, bir g‘ildirakni 1000 so‘mdan baholang. Menga 4000 so‘m bersangiz yetadi. Mehnatim berayotgan pulingizga arzimaydi...

Tomog‘imga bir nima tiqilib qoldi... Qo‘yarda qo‘ymay, iltimos qilib, pulni qo‘liga tutqazdim. Bolakay pulni cho‘ntagiga joylab, “rahmat” aytib, keyingi mashina tomon ildam yurib ketdi. Orqasidan qararkanman qo‘lida oddiy chelak va latta bilan halol pul topayotgan, shimlarini shimarib olgan va ahyon-ahyon burnini tortib qo‘yadigan bu yigitcha ko‘z oldimda mixlanib qoldi. Mashinani o‘t oldirar ekanman Yaratganga iltijo qildim: Allohim shunday halol, haqiqiy o‘g‘ilni dunyoga keltirgan ayolning dardiga o‘zing shifo ber”.

O‘g‘lim... ichim-ichimdan shuni istayman va tilaymanki, sen ham mana shu boladek, halolliging va mardliging tufayli ikki dunyo ota-onangga rahmatlar yetkazadigan inson bo‘l!

To‘rtinchi nasihatim: Mas’uliyatli bo‘l!
Alloh taolo har bir narsani yuksak hikmat va tadbir bilan yaratgan. Jumladan, erkak kishini ham. Parvardigor erkak kishiga o‘ta muhim va mashaqqatli va o‘z navbatida sharafli bo‘lgan vazifani topshirish bilan bir qatorda unga shu vazifalarni ado etishga yetarli imkoniyatlar ham bergan. Kuch-quvvat, sabr- bardosh, aql-idrok, savlat, salobat kabi yuksak fazilatlar in’om etgan. Ular ayollarga nisbatan ko‘p jihatdan afzalroq ekani kitoblarda ko‘p ta’kidlanadi. Alloh taolo “Niso” surasi 34-oyatda quyidagicha marhamat qiladi “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoimdirlar..”. Sen ana shu afzalligingni hech qachon suiiste’mol qilma, aksincha buning mas’uliyatini doimo zimmangda saqla!

Beshinchi nasihat: Oriyatli, g‘ururli bo‘l!
Har qanday holatda ham erkaklik g‘ururingni yerga urma! Molu-dunyo, obro‘-mansab, huzur-halovat kabi o‘tkinchi hoyu havaslarga uchib, yigitlik oriyatingni unutma. Qo‘l ostingdagi ahli ayoling, opa-singling sha’nini, qadru qimmatini har narsadan baland tut. Yaqinda zamondoshlarimizdan biri ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga yozgan ushbu iqtibosga ko‘zim tushdi: “Meni ayollarning ochiq-sochiq, kalta-kulta kiyib yurishgani emas, ularning aynan erkagi bor uydan chiqib kelishayotgani ko‘proq iztirobga soladi”.

O‘g‘lim... sen shunday oriyatli bo‘lginki, sening ahli ayoling ko‘chaga chiqayotganida iffatu ibosini o‘zi bilan birga olib chiqsin. Shuni unutmaki, erkakdan g‘urur ketsa, ayoldan hayo ko‘tariladi. Necha yoshda bo‘lishingdan qat’iy nazar, gap-so‘zlaring, yurish-turishing, kiyim-boshing, tanlagan yo‘ling, har bir ishingu orzu-maqsadlaring bari erkakcha bo‘lsin! Atrofingdagi zaifalarni qo‘riy oladigan, ularning nomusini himoya eta oladigan, berilgan ishonchni oqlay oladigan mard bo‘l!

Oltinchi nasihat: Oqibatli bo‘l!
Yaqinlaringga shunday mehrli, e’tiborli bo‘lki, ularga hamma havas qilsin. Agar seni sevishlarini, qadrlashlarini istasang, avvalo o‘zing shunga munosib bo‘l! Yelkangdagi farzandlik, aka-ukalik, erlik vazifalaringni og‘rinmay ado et! Qarindoshlaringga sila rahmda bo‘l! Eng avvalo seni deb sochlari oqargan, yuzlariga ajin tushgan, qaddi bukilgan ota-onangni duosini ol. Ularning so‘zini aslo yerda qoldirma, talablari va buyurganlaridan malollanma!

Bir rivoyat yodimga tushdi: Abu Hanifa roziyallohu anhuning keksa onalari bor edi. Onalari o‘z zamonasining mashhur voizi Umar ibn Zarrni qattiq hurmat qilardi. Shu boishar zamonda o‘g‘illariga biror masalaning javobini so‘rab kelishni buyurardi. Abu Hanifaga garchi masalaning javobini o‘zlaridan yaxshiroq biladigan kimsa yo‘qligi ayon bo‘lsa-da, onalarining so‘zini yerda qoldirmaslik uchun Ibn Zarrning huzuriga yo‘l olardi. Men borib, u zotga o‘sha masalani zikr qilib: “Onam sizdan falon-falon narsalarni so‘rashimni buyurdi” der edilar. Shunda Umar ibn Zarr hayron bo‘lib: “Sendek bir odam mendan bu masalani so‘raydimi?!” derdilar. U zot esa: “Onam shunga amr qildi” deb javob berardi. Voiz esa “Masalaning javobi qanday bo‘ladi? Sen o‘zing menga ayt, keyin men senga aytaman” derdilar. Abu Hanifa u kishiga javobni aytardi, keyin voiz unga qaytarardi. Shundan so‘ng o‘zlari oldindan bilgan “Ibn Zarrning javobi”ni kelib onalariga so‘zlab berardilar.

Ushbu rivoyatda bir qobil farzandning onasiga bo‘lgan beqiyos hurmati, muhabbatini ko‘rish mumkin. Orzuim – koshki, Abu Hanifadek munosib bir o‘g‘il bo‘lolsang...

Yettinchi nasihat: Jasoratli, sadoqatli bo‘l!
Shu joyda yana balandparvoz nasihatlar qilishdan to‘xtab, bir erning sadoqati haqidagi meni ta’sirlantirgan bir voqeani so‘zlab beray: Saudiyalik Molik Zakariyo ismi kishining ayoli baxtsiz tasodifdan keyin nogiron bo‘lib qoladi, halokatdan so‘ng uning bir ko‘zi ko‘rmay qoladi. Ayolning norasida uch go‘dagi bo‘lgani uchun u bitta ko‘z bilan ularni parvarishlashga qiynaladi. Er ayolining ikkinchi ko‘zini davolatish uchun bor-budini sarflaydi, ammo muolajalar kor qilmaydi. Shifokorlar faqat birgina yo‘l borligini, unga sog‘lom ko‘zning shoh pardasini ko‘chirib o‘tkazish mumkinligini aytishadi. Er hech ikkilanmay o‘zining sog‘lom ko‘zlaridan birini jufti haloli, farzandlarining onasi uchun “qurbon” qiladi.

Oxirgi nasihatim: Jasur bo‘l!
O‘g‘lim... erkak degan nom bilan bu dunyoda yashar ekansan, shu nomga munosib umr kechir. Sen ojiza emassan, balki kuchli jins vakili deb ta’riflanadigan erkak zotiga mansubsan! Shu bois qayta-qayta aytaman va eslataman, dovyurak bo‘l, jasur bo‘l, botir bo‘l! O‘ylaymanki, jasorat ko‘rsatish uchun buyuk qahramonliklar qilishing, o‘zingni albatta, qurbon etishing shart emas, bor-yo‘g‘i, har vaqt va har joyda o‘zingni haqiqiy erkakdek tut! Shuni bilki, haqiqiy er yigit oilasiga, Vataniga, qasamiga, do‘stlariga sodiq bo‘ladi va buni o‘zi uchun saodat, sharaf deb hisoblaydi.

Sen-da, shular qatorida bo‘l! Men ana shunday o‘g‘ilning onasi bo‘lishni istayman...
Sitora AZIZOVA

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Erkak bo‘l... o‘g‘lim!”