Zamonaviy hayot insonni baxtli qilolmayotgani, baxtsizligini unuttirish uchun insoniyatni mutassil dorilarga qaram qilib, sarxushlikda uxlatishga urinayotgani inkor etilmaydigan haqiqat.
Ammo tabassum uchun ham savobga erishadigan dinga mansubligimizni mulohaza qiling, birodar. Shunga qaramay, kulish uyoqda tursin, dardlarini eslamaslik uchun mutassil dori qabul qiladiganlarga nima deyishni ham bilmaydi kishi. O‘zimizdan uzoqlashganimiz sari o‘zimizni yo‘qotib boryapmiz. G‘arbning muammoga yechim deya o‘ylab topganlari hatto o‘zlarini ham qutqarolmayapti.
Yanada ochiqroq aytish kerak bo‘lsa, hatto “dindor”lar ham mayda-chuyda tashvishlarni yengib o‘tish uchun tinchlantiruvchi dorilar qabul qilishini bilaman. Otam qattiq g‘azablanganida tahoratga shoshilganini va shu yo‘l bilan o‘zini tinchlantirganini eslayman.
O‘z diniy-milliy qadriyatlarimizga qaytmasdan turib, o‘zligimizni topa olmasligimizni qanday misollar bilan ifodalashni o‘ylar ekanman, olis xotiralarimga ko‘z yugurtirdim. Universitetda o‘qigan yillarim rahmatli onkolog-proffessor, doktor Xoliq Nurboqiy janoblari gapirib bergan voqea hech qachon esimdan chiqmaydi. Bu xotirani sizlar bilan ham baham ko‘raman.
Doktor Nurboqiy hikoyasi:
“U haqida qirq yil avval eshitgandim. O‘ttiz yil avval o‘zi bilan tanishib, boshidan o‘tganlarni o‘z og‘zidan eshitish imkoniga muyassar bo‘ldim.
Yusuf Diyorbakirda, badavlat oilada dunyoga kelgandi. Otasi mahallaning begi bo‘lib, hammaga qo‘lidan kelgancha yordam berishga harakat qilardi. Yusufning aytishiga ko‘ra, chamasi besh yoshlarida uylari atrofiga bir darvesh keladi va devor ostida makon qiladi. Yusufning otasi “Darveshga biz qarashimiz kerak. Lekin zinhor unga xizmatkordan biror narsa berib yubormanglar” deya oilasiga uqtiradi. Darvesh otaga yegulik olib borish kichkina Yusufning yumushiga aylanadi. Bolakay avval biroz xushlamagan bu ishidan keyin o‘zgacha lazzat tuya boshlaydi va keksa odam bilan Yusufni ko‘ngil rishtalari bog‘laydi. Darvesh bilan bo‘ladigan suhbatlar Yusufning bola qalbida chechaklar ochadi.
Bir kuni darvesh ota bolakaydan:
— Yusuf, senga bir tuya yasab beraymi?-deb so‘raydi. Bunday taklifga qaysi bola yo‘q deydi? Keksa odam buni yaxshi bilgani uchun shartini shunday ifodalaydi:
— Uyingdagilar senga bodom, mayiz, qovurilgan no‘xat va boshqa shirinliklar berishsa uni menga olib kelasan. Lekin buni hech kimga aytmaysan. Lekin menga olib keladigan narsalaring o‘zingga berilgan yeguliklar bo‘lsin, uyoq-buyoqdan topib olib kelmagin, yo‘qsa, tuyaga o‘xshamay qoladi.
Yusuf bu ishni maxfiy bajarishidan yanada sevinadi. Har gal yeguliklar keltirganida “Tuya yasalyaptimi?” deb so‘rar, Darvesh ota:
— Albatta, bolajonim, sen olib kelayotgan har bir yegulik tuyaning bir a’zosiga aylanyapti,- deya javob beradi.
Kunlar bir-birini quvalab o‘tar, Yusufning sabri tugab borayotgandi. Shunday kunlarda Darvesh ota xushxabar aytdi:
— Tuya bitdi, Yusuf. Faqat ikki ko‘zi qoldi. Agar ikkita bodom olib kelsang, tuyangni ko‘rasan! Yusuf o‘sha kecha tongacha uxlayolmadi. Bomdodga azon o‘qilganida o‘rnidan dast otilib turib, bir burchaklarda to‘plab qo‘ygan no‘xat, pista-bodomlarni hovuchiga olib darvesh otaning makoniga chopdi. Ammo keksa kishi tunda eski chodir boshpanasida jon taslim qilgandi. Janoza ishlari Yusufning otasi zimmasida edi. Darveshni o‘sha atrofdagi qabristonga dafn etadilar. Bolakayning ko‘z yoshlariga tosh ham toqat qilolmasdi.
Oradan o‘n ikki yil o‘tib, Yusuf voyaga yetadi. Afsuski o‘sha yoshlarda ruhiy xastalikka uchraydi. 1910-1915 yillarda bu kasallik o‘lim oqibatlarigacha boradi. Yusufning badavlat otasi bolasini avval Istanbulga, keyinroq esa Parijga olib boradi. Ammo qayerga bormasin bir xil javobni eshitadi:
— Bu kasallikning davosi topilmagan. Moddiy ahvolingiz yaxshi, Yusufni Istanbuldagi ruhiy xastaliklar shifoxonasida yotqizib, u yerda o‘g‘lingizga maxsus qarovchi yollashingiz mumkin.
Yusufning otasi shifokorlarning aytganiga ko‘nishdan boshqa chora topmaydi. O‘g‘lini Istanbuldagi shifoxonaga yotqizadi va qarovchiga ikki hissa maosh tayinlab, o‘zi tez-tez ziyorat qilib turadi. Olti oydan keyin Yusufning ahvoli juda og‘irlashadi va uni boshqa kasallardan ajratib, o‘lishi muqarrar xastalar bo‘limiga o‘tkazadilar. Otaga esa “O‘g‘lingizni asrab qolish uchun hech qanday umil qolmadi!” degan mazmunda telegramma jo‘natadilar. Bundan keyingilarini Yusuf shunday gapirib bergandi:
— Qirq darajali olovda yonar ekanman, o‘zimni dahshatli cho‘lda ko‘rdim. Quyosh har bir zarramni alohida qizdirar, vujudimni yondirayotgan qumda qovjirarkanman, bir tomchi suvga ilhaq jon talvasasi chekardim. Jon berayotganimni his qilib, bir muddat osmonga tikilganimda ko‘zlarimga ishonmay qoldim. Bolaligimda qolgan Darvesh ota, bir tuyaning yuganidan tutgancha menga qarab kelayotgandi.
Yaqinlashganida:
— Yusufim, bolajonim, - dedi. – Mana, tuyang ham tayyor, uni minishing mumkin!.. - Yotgan joyimdan mashaqqat bilan qo‘zg‘alib, darveshning yordamida tuyaga minganimda chanqog‘im va bemorligim bir zumda o‘tib-ketganday bo‘ldi...
O‘sha lahzadayoq ko‘zimni ochdim va ilk so‘raganim: “Qayerdaman?!” degan savol bo‘ldi. Atrofimdagi shifokorlar va qarovchilar sog‘ayganimdan hayratda edilar. Ruhiy xastalik bilan birga zotiljam xastaligidan ham xalos bo‘lgandim.
Yusuf boshidan o‘tgan bu hodisani gapirib berarkan, tinimsiz ko‘z yosh to‘kdi va: “Darvesh ota qalb ko‘zi bilan boshimga tushadigan savdolarni his etgan va shuning uchun ham “Sadaqa umrni uzaytiradi” hadisiga suyangan, dedi. Shuning uchun faqat menga berilgan shirinliklarni olish bilan menga sadaqa ibodatini bajartirib, shu bilan umrimning uzayishiga vasila bo‘lgan ekan.”
Yusuf sakson yoshlardan oshib Haqning rahmatiga erishdi”.
Bir muddat oldin ro‘y bergan avtofalokatdan jarohatlanmay, sog‘-omon chiqqanim sababini bilaman. Rahmatli Xoliq Nurboqiy ustozning xotirasiga o‘xshagan misollarni boshqa kitoblarda ham ko‘p o‘qigandim.
Sadaqa qilish umrni uzaytirishiga, duo olish boshimizga tushadigan balo-qazolardan asrashiga ishonishimiz uchun g‘arb olimlarining tadqiqot o‘tkazishi kerakmi?!..
Baxtli bo‘lishni istaysizmi? Boshqalarni baxtiyor qiling!
Duo olishni istaysizmi? Odamlarga yaxshilik qiling!
Agar bularga ishonmasangiz dori ichishda davom eting. Dorini yutganingizdan keyin uni zararlarini sanab birovlarni ayblashga haqingiz yo‘q!
Balo-qazo, ofatlardan saqlanish yo‘llarini dorixonalardan topolmaysiz!..
Said Chamlijaning
“Stress va iymon” kitobidan
Umida ADIZOVA tarjimasi
“Stress va iymon” kitobidan
Umida ADIZOVA tarjimasi
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”