14:03 / 30.04.2019
5 099

Bolaligi o‘g‘irlangan "bola"lar

Bolaligi o‘g‘irlangan "bola"lar
Har kuni tushlik mahali ishxonam yaqinidagi oshxonada tamaddi qilaman. Mijozlarga xizmat qiladigan ko‘rinishidan 13-14 yoshlardagi o‘smirning xizmat ko‘rsatishi menga ma’qul keladi. Ko‘p kirganim uchunmi, yigitcha bilan ko‘zlarimiz orqali tanishib olganmiz. Ko‘cha-kuyda ham ko‘rishib qolsa, ma’yus chehrasiga zo‘rma-zo‘raki jilmayish indirib, so‘rashib qo‘yadi. Har safar uni ko‘rganimda, nigohlaridagi mung boisini o‘ylab xayolga tolaman. O‘smirlik olamida shirin orzular qanoti bilan parvoz qilishga arzirli bu yigitcha, nima uchun bunchalar g‘amnok, aftoda? Dunyoning bor quvonchu shodliklari jajji yuragini shamchalik ham yoritolmaydigan darajada qanday alam unga o‘rnashib ulgurgan ekan? Axir uning yoshidagi bolalar ayni chog‘da shodon yashayapti-ku. U nega bu saodatdan mahrum ekan?...

Yigitchani ko‘rganimda ko‘nglim buzilar, uni qanday qilib suhbatga chorlashni bilmasdim. Bir kuni bozordan ikki qo‘limda bozorliklar bilan liq to‘la xaltalarni ko‘tarib chiqayotsam, “menga bering, ko‘tarishaman” degan tanish ovoz diqqatimni tortdi. Javob berishga ulgurmasimdan, o‘sha ofitsiant yigitcha qo‘limdagi sumkalardan birini oldi.

– O‘zim olaman, qo‘yavering. Sizniyam ovora qildim... – degan xijolatli qarshiligimga:
– Unday demang, yordam bermoqchiman, jurnalistsiz-a? – deb javob oldim. Uning hozirjavobligi va meni tanishidan hayratga tushdim:
– Jurnalistligimni qayerdan bilasiz? – Yana o‘sha dardnok chehraga mahzun jilmayish zohir bo‘ldi:
– Axir, kirib-chiqib yuradigan joyingiz tahririyat-ku. Qolaversa, gazeta-jurnal, kitob o‘qish jonu dilim.
– Ofarin! – yigitchani alqab qo‘ydim. – Uzr ismingizni bilmayman...
– Shahin ismim...
– Chiroyli ismingiz bor ekan. Menimcha. Forscha ism. Ma’nosi – mard, jasur, dovyurak, degani adashmasam.

Shu payt men kutayotgan marshrut taksi kelib qoldi-yu, suhbatimiz o‘z-o‘zidan uzilib, ikkimiz ham o‘z manzilimiz tomon yo‘l oldik. Turgan gapki, uyga yetgunimga qadar o‘z xayollarim, muammolarim o‘yida Shahinning hayotiga nisbatan qiziqishlarim ham yodimdan chiqib ulgurgan edi. Faqat ertasi kuni tushlik mahali hamkasbimning ofitsiant yigitcha bilan bog‘liq gaplari yana o‘sha qiziqishlarimga jon bag‘ishladi.

– Shahin juda aqlli yigit! Singlimning sinfdoshi. To‘qqizinchi sinfda o‘qiydi. Lekin fikrlari, yurish-turishi, gap-so‘zlari hayot achchiq-chuchugini allaqachon tatib ulgurgan katta odamni eslatadi. Juda tez ulg‘aydi.
– Bu bir tomondan yaxshi, lekin, nima bo‘lganda ham bolani bolaligidan – beg‘uborligidan erta ayirish yaxshi emas.
– To‘g‘ri. – Hamkasbim fikrimni tasdiqladi. – Shahinning oilaviy hayoti, ota-onasining fe’l-atvori uni yoshidan ilgari kattalar olamiga qo‘shib qo‘ygan edi.
– Oilasiga nima bo‘lgan?

– Ular oilada ikki o‘g‘il bir qiz. Onasi uy bekasi edi. Otasi mas’uliyatsiz bolalarga, oilasiga qaramas, ichkilikka berilgan edi. Ikki yilcha oldin yangi yil arafasida ulfatlari bilan ichib, gap talashib qolishadi. Mastlikda bir og‘aynisini pichoqlab o‘ldirib qo‘yadi. Yangi yil kechasi uni olib ketishadi. Xullas, otasi qamalgach, ro‘zg‘orda qiynalib qolgan onasi befarzand odamga turmushga chiqdi. To‘g‘ri, o‘gay otasi bolalarga mehribon, ularning bor-yo‘g‘i, issiq-sovug‘idan doim xabardor. Ammo, baribir bolalarning o‘z otasi bo‘lolmaydi-da. Shahin o‘gay otasining qo‘lidan pul olgisi kelmas ekan. Shuning uchun darsi tugagach, shu qahvaxonada ishlaydi. Ozmi-ko‘pmi pul topadi, ishqilib birovga muhtojligi yo‘q.

– Baribir ko‘ngli yarim-da.

Suhbatdoshimning hikoyasidan ta’sirlanib ketdim. Shahinga o‘xshagan bolalar atrofda ko‘p. Bir oilani bilaman. Er-xotinning ikkita shiringina qizaloqlari bor. Biri 8-sinfda, biri 6-sinfda o‘qiydi. Otaning ishida tayini yo‘q. Birovlarning eshigida mardikorchilik qilib topgani aroqdan ortmaydi. Ona qizlarini yoniga olib, hali uning kirini yuvsa, hali buning nonini yopib ro‘zg‘orni – amal-taqal qilib o‘tkazadi. Qizaloqlar dunyoga kelganidan beri yangi kiyim kiyishmabdi. Qo‘shni qizlarning kalta kelgan yoki torayib qolgan ko‘ylaklarini kiyib yurishadi. Maktabda obuna yoki bayram-tadbirlar uchun ulardan pul yig‘ishmaydi. “Kam ta’minlangan”. Ularga nisbatan shu jumla ishlatiladi. Nigohlarining tub-tubida dard cho‘kib ketgan. Qorachiqlari alamdan qoraygan. Otaning bir hafta mobaynida ichadigan arog‘ining puliga butun boshli oilaning bir haftalik yeguligini xarid qilsa bo‘ladi. Qizlar esa qachon so‘nggi marta go‘sht yeganini, uylarida tansiq ovqat pishirilganini eslasholmaydi. Tengdoshlari orasida qisinib-qimtinib yurishadi. Go‘yoki bu g‘arib ahvollariga ular aybdordek...

... – Ayam bilan akam chet elga ishlagani ketishgan. Yaqinda ikki yil to‘ladi. Dadam bizga qaraydilar. Men singlim bilan uy ishlarini bajaramiz. Ayam ishga ketganlarida ukam to‘rt yoshda edi. Yaqinda u 6 yoshga to‘ldi. Tug‘ilgan kunida ayam bo‘lmaganlari uchun rosa xarxasha qilib yig‘ladi. Qaniydi ayajonim tezroq kela qolsaydilar...

Tahririyatga “she’rlarimni ko‘rsatmoqchi edim”, deb kirib kelgan qizaloq yoshli ko‘zlarini yerga qadab gapirdi. Uning qo‘lidagi daftarni varaqlashga tutinaman. Murg‘akkina yuragidagi sog‘inchini she’rlarga ko‘chirishga uringan. Nazarimda satrlar siyoh bilan emas, ko‘z yoshlar bilan qoralagandek tuyuladi. Bundaylar yon-atrofimizda ozmuncha deysizmi? Har tong otasini yoki onasini tush ko‘rib uyg‘ongan, yoki ota-onasi bilan birga yashaydigan, otasi ichib kelib to‘polon ko‘tarmaydigan tengdoshlariga havas qilib yashaydigan bolalar kammi? Farzand – Alloh insonga bergan omonat ne’mati. Ularni mehr bilan parvarishlab, boqib, o‘qitib, tarbiyalab komil inson qilib elga qo‘shish ota-onaning vazifasi.

Balki kattalar bolalarning bolalarcha yuragi yuqoridagi befarqliklarni ilg‘amaydi, deb o‘ylashar. Balki, “erta-indin katta bo‘lsa o‘zi tushunib olar” qabilida beparvolarcha qo‘l siltab qo‘ya qolar. Ammo, bolalarning quvonchini o‘g‘rilashga, ularning chaqnoq nigohlarini so‘ndirishga hech kimning haqqi yo‘q! Siz bunga nima deysiz?
Kubro Buyuk

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bolaligi o‘g‘irlangan "bola"lar