Xastalik tahdidi hech qachon bunchalar ko‘p bizning o‘y-xayolimizni band qilgan emas. Haftalarki, har bir ro‘znomaning bosh sahifasi faqat koronavirus pandemiyasi haqidagi maqolalar bilan to‘lgan; radio va televideniye o‘lim hollari ko‘paygani haqidagi so‘nggi yangiliklarni tarqatmoqda; sotsial media platformalari ham qo‘rqinchli statistik ma’lumotlar, amaliy maslahatlar yoki yumorlarga to‘la.
Boshqalar bundan avval yozganidek, bu singari "muntazam axborot bombardimoni" bizning ruhiy salomatligimizga darhol ta’sir qiladi, xavotirlarimizni yanada kuchaytiradi. Ammo doimiy tahdid hissi bizning psixologiyamizga yanada makkorroq ta’sir o‘tkazadi. Kasallikni yuqtirish tahdidi bizni odamovi qilib qo‘yadi. Bizning axloqiy hukmlarimiz shafqatsizroq, immigratsiya yoki jinsiy erkinlik va tenglikka nisbatan ijtimoiy munosabatimiz konservativroq tus oladi. Kasallikni har kuni yodimizga solayotganlari hatto siyosiy qarashlarimiz o‘zgarishiga ham olib kelishi mumkin, deb yozadi VVS.
Koronavirus sabab ksenofobiya va irqchilik holatlari ko‘paygani haqidagi xabarlar yuqoridagi fikrning ilk alomatlari bo‘lishi mumkin, ammo ilmiy tadqiqotlarning bashoratlari to‘g‘ri chiqsa, bundan keyin yanada chuqurroq sotsial va ruhiy o‘zgarishlarni kutish mumkin.
Xulq-atvor immun tizimi
Inson psixologiyasining aksarida bo‘lgani singari kasallikka nisbatan reaksiya ham o‘tmish kontekstida qaralishi kerak. Zamonaviy meditsina yuzaga kelishidan oldin insoniyat uchun eng yirik xatar infeksiyali xastaliklar edi. Inson immunitet tizimining kasallik keltirib chiqaradigan "bosqinchilarni ovlash va o‘ldirish"dek hayratlanarli mexanizmi bor.
Afsuski, bu reaksiyalar bizgacha mudroq holda yetib kelgan, bemor ajdodlarimiz ov qilish, to‘planish va bola boqib katta qilishdek amallarga qodir bo‘lmagan bo‘lardilar.
Foto: GETTY IMAGES
Infeksiyali xastaliklar bizning million yillik evolyutsiyamizni, shuningdek, psixologiyamiz va fiziologiyamizni ham o‘zgartirgan
Xasta bo‘lish psixologik jihatdan ham qimmatga tushadi. Isitma payti tana haroratining ko‘tarilishi sog‘lom immun tizimining hayotiy ahamiyatga ega reaksiyasi - ammo buning oqibatida tana energiyasining 13 foizi shunga sarflanib ketadi. Ovqat taqchilligi payti buning uddasidan chiqish jiddiy vazifaga aylanadi.
"Kasal bo‘lish va bu ajoyib immun tizimining ishlashiga qo‘yib berish qimmatga tushadi", deydi Vankuverdagi Britaniya Kolumbiyasi Universitetidan Mark Sheller. "Bu xuddi tibbiy sug‘urtaga o‘xshaydi - sug‘urtaning borligi yaxshi, ammo ishlatishga to‘g‘ri kelganida anchasi so‘rilib ketadi".
Infeksiya ehtimolini boshidanoq kamaytiradigan har neki bor tirik qolish ustunligini taqdim etishi kerak. Shuning uchun ham odamzot g‘ayrishuuriy psixologik reaksiya ishlab chiqqan - ularni Sheller "xulq-atvor immun tizimi» deb ta’riflaydi - bu tizim biz potensial patogenlarga ro‘para kelganimizda vayronakor kuch bilan kontaktni kamaytiradigan birinchi mudofaa qalqoni vazifasini o‘taydi.
Kasallikni yuqtirish tahdidi bizni odamovi qilib qo‘yadi. Axloqiy hukmlarimiz shafqatsizroq, jinsiy erkinlik va tenglikka nisbatan ijtimoiy munosabatimiz konservativroq tus oladi.
Jirkanish reaksiyasi xulq-atvor immun tizimi o‘zining mavjudligini namoyon etadigan eng ravshan unsurdir. Biz sassiq hid yoki ovqatga duch kelganimizda "bu toza emas" deya o‘zimizni olib qochishimiz instinktiv ravishda infeksiya yuqtirishdan o‘zimizni asrash yo‘lida qilgan harakatimiz bo‘ladi. "Aynigan nimanidir yeb qo‘ydim" degan oddiy xayolning o‘zi ham bizni qayt qilishga majburlaydi, infeksiya borib tushmasidan oldin iste’mol qilgan ovqatimizni tashqariga chiqarib tashlashimizga sabab bo‘ladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, biz jirkanishni yuzaga keltiradigan materialni qattiq eslab qolamiz, bu keyinchalik bizni xatarga qo‘yadigan vaziyatlarni yodda saqlash( o‘zini olib qochish)ga da’vat qiladi.
Inson ijtimoiy jonzot hisoblanar ekan, u katta-katta guruhlar tashkil qilib yashab o‘rgangan, xulq-atvor immun tizimi ham kasallik tarqalishini kamaytirish maqsadida odamlar bilan muloqotimiz yo‘lini ham o‘zgartirgan. Bu esa yana instinktiv ko‘rinishda bizni ijtimoiy masofani saqlashga undaydi.
Bunday reaksiyalar ancha qo‘pol bo‘lishi mumkin. Holbuki bizning ajdodlarimiz muyayan kasallikning aniq sababi yoxud uning qanday yuqishi borasida tasavvurga ega bo‘lmaganlar. "Xulq-atvor immun tizimi "keyin afsuslangandan ko‘ra hozir bexatar bo‘lgan ma’qul" degan mantiq bo‘yicha ish ko‘radi", deydi Daniyadagi Orxus Universitetidan Lene Aroe. Buning ma’nosi shuki, aks reaksiya ko‘pincha noo‘rin bo‘lishi, nomutanosib axborot tufayli yuzaga kelishi mumkin. Bu esa joriy tahdidga umuman aloqasi bo‘lmagan masalalarga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi, bizning axloqiy qaror qabul qilishimiz yoki siyosiy nuqtai nazarlarimizni o‘zgartiradi.
Yoki moslashasan yoki tark etasan
Keling, madaniy me’yorlarimizga hamda bu me’yorlarni buzgan insonlarga nisbatan bizning umumiy mavqe’imizga nazar tashlaymiz.
Foto: GETTY IMAGES
Jirkanish reaksiyasi bizni xasta qilishi mumkin bo‘lgan narsalar - oziq-ovqat yoki ichimlikdan o‘zimizni olib qochish yo‘li sifatida paydo bo‘lgan
Turli eksperimentlarning natijalari shuni ko‘rsatdiki, agar biz kasallik tahdidi bilan ro‘para kelib qolsak, og‘uvchan moslashuvchan va tartib-qoidalarga hurmat bilan yondashadigan bo‘lib qolamiz. Sheller eksperiment ishtirokchilaridan kasallikka uchragan paytidagi holatni tasvirlab berishni so‘radi va turli testlar bilan ularning moslashuvchanligini tekshirish bilan infeksiya tahdidini qanday his qilishlarini o‘rganmoqchi bo‘ldi. Testlardan birida talabalardan universitetning baholash tizimini o‘zgartirish so‘ralgan.
Bir shisha idishga "qo‘shilaman", ikkinchisiga esa "qo‘shilmayman" degan yozuv yozildi va talabalardan qo‘shilish-qo‘shilmasligidan kelib chiqib idishlardan biriga tanga tashlash so‘raldi. Xastalikka nisbatan yuqori sezuvchanlik ishtirokchilarni "podaning orqasidan yurishga" yetakladi va qaysi idishda tanga ko‘pligiga qarab o‘zining tangasini tashlashga undadi. Ishtirokchilar o‘zining nuqtai nazarini bildirib oqil fikr bildirishdan ko‘ra mashhurlik izidan borishni afzal ko‘rdilar.
Qatnashchilardan qanday insonlarni yoqtirishlari haqida so‘ralganida, kasalliklardan xavotirlanib yuradigan odamlar ham "ijodiy" yoki "artistik" insonlardan ko‘ra "odatiy" yoki "an’anador" individuallarni ustun qo‘yishlarini bildirishdi. Ma’lum bo‘lishicha, yuqish xavfi yuzaga kelganida erkin fikr yuritishning har qanday shakli - kashfiyot bo‘ladimi yoki innovatsiya - qadrsizga aylanar ekan. Anketa so‘rovlarida ham ko‘proq ishtirokchilar "ijtimoiy tartibbuzarlik zararli, qasddan qilinmagan oqbatlarga olib kelishi mumkin" degan bayonotni ma’qullashlari ayonlashgan.
Bu eksperimentlar bugun biz yuzma-yuz kelib turgan voqe’likning televizion va onlayn yortilishidan ancha uzoq bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo Gonkong Universiteti tadqiqotchilari "Virus tarqalishi" badiiy filmidan olingan, bizning hozirgi kunlarimizga o‘xshab ketadigan kadrlardan foydalanib, insonlar xulq-atvori bo‘yicha eksperiment o‘tkazib, g‘alati reaksiyaning guvohi bo‘lganlar. Pandemiya haqidagi kuchli taassurotli tasvirlar eksperiment ishtirokchilarini moslashuvchan isyonkorlikdan ko‘ra ko‘proq itoatgo‘ylikni qadrlaydigan qilib qo‘ydi.
Axloqiy hushyorlik
Nega xulq-atvor immun tizimi bizning ongimizni bu shaklda o‘zgartiradi? Doktor Sheller buni shunday izohlaydi: boisi bizning ko‘plab yozilmagan qoidalarimiz - ovqatni qanday pishirish keragu, qanday pishirib bo‘lmaydi, ijtimoiy muloqotlarning qaysi shakli maqbulu, qay biri nomaqbul, inson najasini qanday utilizatsiya qilsa bo‘ladi yoki bo‘lmaydi, degan savollarga yondashuvlar infeksiya riskini kamaytirishga yordam bergan.
"Insoniyat tarixining aksar qismida ko‘plab normalar va udumlar xastaliklarni odamlarga yaqinlashtirmasdan uzoq masofada ushlab turish vazifasini o‘tagan. O‘sha tartib-qoidalarga bo‘ysunishga rozi bo‘lgan insonlar jamoat sog‘liqni saqlash tizimiga xizmat qilganlar. Bu tartib-qoidalarni mensimagan odamlar nafaqat o‘zlarini, balki atrofdagilarni ham xatarga qo‘yganlar", deydi doktor Sheller. Natijada yuqumli xastaliklar tahdidi ro‘parasida urf-odat va an’analarga bo‘ysunish foydali hisoblangan.
Foto: GETTY IMAGES
Pandemiya haqida o‘ylashning o‘zi ham boshqalardan ajralib turishdan ko‘ra ko‘p qatori bo‘lishni ustun qo‘yishga undaydi
Mana shu mantiq odamlar nega yuqumli kasallik tarqalgan vaqtda yanada hushyorroq bo‘lib qolishlari sababini izohlab beradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, biz xastalikni yuqtirib olishdan qo‘rqqan vaqtimizda qoidani buzganlarga yoki rasmiylarning topshiriq-buyruqlarini nazar-pisand qilmaydigan shaxslarga nisbatan keskinroq hukm chiqaradigan bo‘lib qolamiz.
Ayrim juz’iy holatlar, albatta, kasallik tarqalib ketishiga olib kelmasligi mumkin. Ammo biz o‘sha odamlar haqida "tartibga rioya qilmaslik bilan ular kasallikni bizdan uzoqda ushlab turgan boshqa yanada muhimroq qoidalarni buzadigan odamlar" degan xulosaga kelamiz.
Xastalik haqidagi nozik eslatma ham bizning o‘zimizni tutishimiz va munosabatimizni o‘zgartirishi mumkin. Bir eksperimentda ishtirokchilardan oddiygina qo‘lni dezinfeksiyalaydigan vosita oldida navbatda turish so‘raldi, xolos. Shu iltimosning o‘zi ham an’analar va tartib-qoidalarga nisbatan hurmat ko‘rsatish kuchayganini namoyish etdi.
O‘sha eksperimentda ishtirokchilarga qo‘lni yuvish zarurligi eslatib turildi. Ushbu eslatmaning o‘zi ham qatnashchilarda noodatiy jinsiy hatti-harakatlarga nisbatan toqatsiz munosabatni keltirib chiqargani aniqlandi. Misol uchun, bolaligidagi paxmoq ayiqchasini qo‘lida ushlaganicha masturbatsiya bilan shug‘ullangan ayol yoki buvisining to‘shagida jinsiy aloqa qilgan yigit-qizning harakatini kechirib bo‘lmaydi, deb hisoblaydiganlarning soni eslatmadan oldingiga nisbatan ko‘paygani kuzatildi.
Begonalardan xavfsirash
Kasallik yuqtirish xavfi bizning ijtimoiy guruhlarimiz ichida odamlarga nisbatan keskinroq hukm chiqaradigan qilib qo‘yishidan tashqari begona insonlarga nisbatan ham ishonmaydigan qilib qo‘yadi. Bu, ayniqsa, o‘zi uchun juft qidirib tanishish istagida yurganlar uchun yomon xabar. Kanadadagi Makgil Universitetidan Natsumi Savada o‘tkazgan tadqiqotidan shunday xulosaga keldi: agar biz infeksiya yuqtirishdan cho‘chib qolgan bo‘lsak, boshqa birov haqidagi ilk taassurotimiz, bu onlayn tanishuv bo‘ladimi yoki yuzma-yuz uchrashuv, qat’i nazar, salbiy bo‘ladi. Ayniqsa, tashqi ko‘rinishi u qadar chiroyli bo‘lmagan insonlarga nisbatan tobora ko‘proq salbiy xulosa chiqariladi, buning sabablaridan biri g‘ayrishuuriy tarzda "bu odamning salomatligida muammosi bo‘lsa kerak" degan fikr paydo bo‘lishidadir balki.
Bizning o‘tkirlashgan ishonchsiz va shubhali reaksiyamiz o‘zga madaniyat vakillari bo‘lgan insonlarga nisbatan munosabatimizga ham ta’sir qiladi. Doktor Sheller xulosalariga ko‘ra, buning sababi nomaqbullik xavotiridan bo‘lishi mumkin: chunki o‘tmishda bizning ijtimoiy guruhimiz a’zosi bo‘lmagan shaxs bizni infeksiyadan muhofaza qilib kelgan maxsus udumlarga rioya qilmagan va biz bu odamlar o‘zi istamagan holda(yoki atayin) kasallik tarqatishi mumkin, deya xavotirlanamiz. Ammo bugunga kelib, bunday munosabat noto‘g‘ri tushunchaga asoslangan mulohaza va ksenofobiyaga sabab bo‘layotgani kuzatilmoqda.
O‘z navbatida doktor Aaroe kasal yuqtirishdan qo‘rqish odamlarning immigratsiyaga bo‘lgan munosabatiga ta’sir ko‘rsatayotganini aniqlagan. Aaroe xonim fikricha, bu xulq-atvor immun tizimining bir qismi bo‘lib, u "keyinchalik afsuslangandan ko‘ra hozir bexavotir bo‘lish chorasini ko‘rgan afzal" degan yondashuvdir. Bu "tahdid fikri bilan to‘lgan ongning hozirgi zamonda multikulturalizm va etnik turfa xillik bilan ro‘para kelganda" qabul qilgan nomutanosib signallarining "noto‘g‘ri talqin qilinishidir", deydi olima.
Covid-19 tahdidi bilan ro‘para kelganda
Xulq-atvor immun tizimining ta’siri hammada ham ham bir xil kuzatilmaydi. "Ayrim insonlarning xulq-atvor immun tizimi juda nozik bo‘ladi va shuning uchun ham ular potensial infeksiya tahdidiga haddan ziyod reaksiya ko‘rsatadilar", deydi Aaroe. Tadqiqotlarga ko‘ra, ana shu nozikta’b insonlar sotsial me’yorlarga yanada qattiqroq rioya qiladilar, oddiy odamlarga nisbatan begonalarga yanada ko‘proq shubha bilan qaraydigan bo‘lishadi. Kuchaygan kasallik tahdidi ularning mavqe’ini yanada qattiqlashtiradi.
Hozircha koronavirus bizning ongimizga qay yo‘lda ta’sir ko‘rsatishi borasida tadqiqotlarga asoslangan ma’lumot yo‘q. Ammo xulq atvor immun tizimi nazariyasidan kelib chiqib bunday ta’sir aniq bo‘ladi, deb aytishga asos bor. Toronto Universitetidan Yoel Inbar fikricha, ijtimoiy munosabatlardagi ulkan sakrashdan ko‘ra aholining aksar qismi ongida mo‘’tadil o‘zgarish yuz beradi.
Foto: GETTY IMAGES
Koronavirus bizning ongimizga qanday ta’sir ko‘rsatishi borasida hozircha tadqiqotlarga asoslangan ma’lumotlar yo‘q
Olim 2014 yili jahon ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgan Ebola xastaligi tarqalishi paytidagi sotsial o‘zgarishlarni o‘rgangan.
Olim o‘rganishlariga ko‘ra, bu paytda fikrlari o‘rganilgan 200 ming kishining gey va lesbiyanlarga nisbatan bo‘lgan yashirin munosabati biroz o‘zgargandek taassurot uyg‘otgan.
"Bu tabiiy eksperiment bo‘ldi. Odamlar kasallik tahdidi haqida juda ko‘p axborot olib turgan bir paytda ularning munosabati kam o‘zgardi", deydi tadqiqotchi.
Amerika Qo‘shma shtatlaridagi prezidentlik saylovi yaqinlashib kelar ekan, kun tartibiga qo‘yilayotgan tabiiy savollardan biri kasallik tahdidi va geylikka munosabat odamlarning nomzodlarga nisbatan tanloviga ta’sir qiladimi yoki yo‘qmi degan savol.
Doktor Sheller fikricha, ularning ta’siri kam bo‘ladi. "Ko‘zga yaqqol tashlanadigan ta’sir xulq atvor immun tizimiga bevosita bog‘liq bo‘lmasligi, balki hukumat rasmiylarining vaziyatni o‘nglash borasida qanchalar yaxshi faoliyat yuritishlariga bog‘liq bo‘lishi mumkin", deydi olim.
Psixologik o‘zgarishlar mamlakat miqyosidagi saylov natijalariga ta’sir qilmagan taqdirda ham bu o‘zgarishlarning ta’siri siz bilan bizning koronavirusga nisbatan shaxsiy reaksiyamizga nisbatan bo‘lishi muqarrar.
Biz konformist nuqtai nazarni ifoda etamizmi yoki boshqa birovning hatti-harakatini qoralaymizmi, siyosiy kuchlarning qadriyatini anglashga harakat qilamizmi, har qanday holatda ham biz fikrlarimiz ratsional mushohada natijasimi yoki mikroblar haqidagi nazariyalar kashf etilishidan minglab yil oldin shakllangan ajdodlarimiz reaksiyasimi, degan savolni o‘zimizga o‘zimiz berishimiz mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
AQSHda 10 yoshli bola politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, matematikadan uy vazifasini bajarishda yordam so‘radi
Rossiya Davlat dumasiga rus tilini bilmaydigan migrant bolalarni maktablarga kiritishni taqiqlash loyihasi kiritildi
Migren, klaster sefalgiya, zo‘riqish... Bosh og‘rig‘ining necha turi mavjud?
Sayxunobodda qarzdor otadan salkam 75 mln so‘m aliment pullari undirildi
Xonanda Munisa Rizayeva ilk marta ona bo‘ldi
Kipr hukumati rossiyalik va ukrainalik milliarderlarning «oltin» pasportlarini olib qo‘ydi
Eron oliy rahnamosi Netanyaxuni qatl qilishga chaqirdi