O‘zbekistonlik shifokorlar dunyoning turli nuqtalarida faoliyat yuritadilar. Kimdir malaka oshirish ilinjida, kimdir xorijni kashf qilish uchun, yana kimdir o‘z yurtida qadr topmaganidan o‘ksib olisga yo‘l olgani endi hech kimga sir emas.
Kun.uz muxbiri xorijiy davlatlarda ishlayotgan vatandosh shifokorlar bilan turkum intervyularning navbatdagisida Buyuk Britaniyada mehnat qilayotgan tajribali vrach Nihola Madaliyeva bilan suhbatlashdi.
– Assalomu alaykum, avvalo o‘zingiz haqingizda ma’lumot bersangiz.
– Men, Madaliyeva Nihola, oilaviy shifokorman. 2001 yilda 2-Toshkent davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kirdim. O‘qishni imtiyozli diplom bilan bitirib, 1-Toshkent davlat tibbiyot institutining Nevrologiya bo‘limida magistratura yo‘nalishida tahsil oldim.
Magistraturani 2004 yilda tamomlab, Nevrologiya kafedrasida 2005 yilgacha assistent bo‘lib ishladim. Shifokorlik stajim 15 yil. 2005 yilda Buyuk Britaniyaga oilam bilan ko‘chib keldim va o‘z kasbim bo‘yicha Bornmut shahri shifoxonasi (Royal Bournemouth and Christchurch Hospitals) qoshidagi Dorsetning xorijlik doktorlari uyushmasida malaka oshiruvchi shifokor (clinical attache) sifatida ish boshladim.
– Nega aynan shu davlatni tanladingiz?
– Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, dunyoning rivojlangan davlatlarining birida shifokor bo‘lib ishlash yetti uxlab tushimga ham kirmagan. Buning ustiga yaqinlarimdan uzoqda, musofir yurtda yashash xayolimda ham yo‘q edi. Ustiga ustak, hali shifokorlikning past-baland jihatlarini to‘liq tushunib yetmagan yosh mutaxassis edim.
Xo‘jayinim ham shifokor, u kishi klinik ordinaturani bitirib, jarroh sifatida ishlayotganlariga 3-4 yil bo‘lganiga qaramay, professional o‘sish yo‘lida hech qanday ijobiy natija ko‘rinmasdi. 2003 yilda turmush o‘rtog‘im ingliz tilini mukammal o‘zlashtirish va rivojlangan mamlakatlardan birining tibbiyot sohasini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish maqsadida Buyuk Britaniyaga yo‘l oldi. Olis yurtda ikki yilcha yurib, kasbimizga oid jihatlarni o‘rganib, bir qarorga kelganini aytdi.
Gaplariga qaraganda, u Angliyada shifokorlar uchun yaratilgan imkoniyatlarning beqiyosligini anglab, ixtiyoriy ravishda o‘sha yerda ishlash, malaka oshirish fikriga kelgandi. 2005 yilda meni o‘z yoniga chaqirdi va nihoyat farzandim bilan men ham Buyuk Britaniyaga keldim.
Kelgandan so‘ng diplomimni tasdiqlatish maqsadida IELTS, PLAB imtihonlarini topshirdim. Hujjatlarim tasdiqlanib, Britaniyaning shifokorlari ro‘yxatidan o‘tganimdan so‘ng 2009 yildan boshlab o‘zimiz yashab turgan hududdagi Qirollikning Bornmut shahri shifoxonasida (Royal Bournemouth and Christchurch Hospitals) terapiya bo‘limida shifokor bo‘lib ishlay boshladim.
Albatta, sohangiz bo‘yicha imkoniyatlari bisyor yurtda qo‘llab-quvvatlash yuqori darajada ekanini his qilgach, ilmiy sohada yana o‘sish, kasbingizni yanada mukammal o‘rganishni istar ekansiz. 2014 yilda Qirollik qoshidagi Umumiy amaliyot vrachi kollejiga (Royal college of General Practitioners) o‘qishga kirib, uni 2019 yilda tugatdim.
Britaniyada umumiy amaliyot shifokori (oilaviy shifokor) bo‘lish uchun 4 yil (klinik fanlarning o‘zi 3 yil) o‘qiladi. Bu orada pediatriya, ginekologiya, psixiatriya, LOR, ko‘z kasalliklari kabi mutaxassisliklarda 4-6 oydan ishlab, malaka oshirish zarur bo‘ladi. Chunki oilaviy shifokor yuqoridagi barcha xizmatlarni ko‘rsata olish qobiliyatiga ega bo‘lishi muhim. Men uchun o‘qish jarayoni nisbatan uzoqqa cho‘zildi, chunki orada yana ikki farzandli bo‘ldim, ularning parvarishi uchun onalik ta’tili oldim.
Bugungi kunda Bornmut shahrining xususiy poliklinikalaridan birida oilaviy shifokor bo‘lib faoliyat yuritaman. Turmush o‘rtog‘im ham xususiy poliklinikada umumiy amaliyot shifokori bo‘lib ishlaydi, shuningdek, yana yarim stavkada shahar kasalxonasining tez yordam (accident and emergency) bo‘limida jarrohlik amaliyotlarini bajaradi. Ikkalamiz ham Qirollikning Shifokorlar majmuasida doktor Madaliyevlar bo‘lib MRCGP (professor unvoni bilan teng) nomzodi bilan ro‘yxatda turamiz.
– O‘zbekiston va Buyuk Britaniya tibbiyoti o‘rtasidagi tafovutlar yoki o‘xshash jihatlar qanday?
– Rivojlangan davlatlar, shu jumladan Buyuk Britaniya tibbiyotida xizmat ko‘rsatish ancha yuqori darajada ekani hammaga ma’lum. Ilk kelganimda meni eng ko‘p ajablantirgan tomoni – bu tibbiyotning davlat fuqarolari uchun bepulligi edi.
Britaniyaning Milliy salomatlik xizmati (NHS – National Health Service) butun dunyoga mashhur va o‘z xalqi tarafidan juda ham qadrlanadi. Buning ustiga, bu yerda kasallikni davolash emas, asosan oldini olish birinchi o‘ringa qo‘yilgan bo‘lib, sog‘lom turmush tarzi shifokorlar tomonidan ilg‘or ravishda targ‘ib qilinadi va rag‘batlantiriladi.
Tafovutlarni sanaydigan bo‘lsam vaqt yetmaydi, men o‘xshashligidan boshlashni afzal ko‘rdim.
Qirollik tibbiyotining O‘zbekiston tibbiyoti bilan o‘xshash jihatlari, menimcha, bu shifokorlarida bo‘lsa kerak. Har bir shifokor, u qaysi davlatda bo‘lmasin, o‘z bemorlari uchun haqiqiy malham bo‘lishni, dardini yengil qilishni orzu qiladi va birinchi navbatda shuni diliga tugadi. Buni O‘zbekistonda 20 yil oldin birga o‘qigan kursdoshlarim faoliyatidan bilsam, bu yerda esa birga ishlayotgan kasbdoshlarim ish jarayonida kuzataman.
Mehnatining ijobiy samarasini ko‘rib, samimiy tashakkur eshitish har bir vrach uchun g‘urur tuyg‘usini uyg‘otadi, kasbidan, odamlarga yordami tegayotganidan faxrlanadi.
Ammo achinarlisi (tafovutlardan biri) Britaniya shifokorlarini rag‘batlantiruvchi moliyaviy va ma’naviy imtiyozlar O‘zbekiston shifokorlariga nisbatan ancha yuqori. Shuning uchun kasbga nisbatan mehr, vrach-bemor o‘rtasidagi o‘zaro hurmat ham Britaniyada nisbatan yuqoriroq.
– Sir bo‘lmasa, oyiga qancha daromad qilasiz va uning qanchasi xarajatlarga ketadi?
– Bu yerda maosh soatbay hisoblangani uchun yillik daromad hisobida ko‘rsatiladi, chunki oylik miqdori har oy uchun har xil summada chiqadi. Umumiy amaliyot vrachining boshlang‘ich yillik daromadi 57 ming funt sterlingdan boshlansa, bir necha yillik malakaga ega umumiy amaliyot shifokori yiliga 160 ming funt sterlinggacha olishi mumkin. Bu daromad albatta soliq va boshqa sotsial to‘lovlarni hisobga olmaganda.
Yevropa mamlakatlarida yashash arzon emas. Sodda qilib aytganda, har qadamingiz pul. Buyuk Britaniya ham yashash qimmat davlatlardan ekani hech kimga sir emas, shunga yarasha kundalik yoki oylik xarajatlarimiz ham ancha baland. Buning ustiga uch farzandimiz yaxshi o‘qib yetuk insonlar bo‘lishlari uchun yaxshi bog‘chalarga, nufuzli maktablarga berganmiz. Bular uchun ancha pul xarajat qilishga to‘g‘ri keladi, lekin bolalarimiz kelajagi uchun bu zarurligini yaxshi tushunamiz.
– O‘zbekistonga qaytishdan sizni nima to‘sib turibdi?
– O‘zga yurtda istiqomat qilib faoliyat yuritishdan asosiy maqsad – nafaqat yetuk shifokor bo‘lib yetishish va kelajagimizni ta’minlash, balki o‘zimizni individual inson sifatida kashf qilish edi. O‘zbekistonga har borganimizda yaqinlarimiz bilan qaytishimiz haqida ko‘p maslahatlashamiz, ammo har safar o‘zimiz uchun ayrim savollarga to‘liq javob ola olmay yana xorijga qaytamiz.
Qaytishimiz uchun bizni bir o‘ylantiradigan yana bir masala – farzandlarimizning kelajagi.
Ular bugun davlatning iqtidorli yoshlari uchun maxsus tashkil etilgan maktabda (Grammar school) o‘qishadi va kelajakda bizning izimizdan qadam qo‘yish orzulari bor. Bizning orzumiz esa farzandlarimizni shu davlatning yetuk ta’lim maskanlarida o‘qishlari va yurtimizga qaytib xalqimiz va yaqinlarimizga oqilona xizmat qilishlarini ko‘rishdir.
Bu nafaqat bizning, balki ota-onalarimizning ham orzusidir. Shuning uchun ham ular ona tilimizni unutmasliklari, balki yanada mukammal o‘rganishlari uchun qo‘limizdan kelgancha harakat qildik va Allohga shukrlar bo‘lsinki, bolalarimiz bugun nafaqat ingliz, nemis va fransuz, balki o‘zbek tilida ham bemalol suhbatlasha olishadi.
– Koronavirus sharoitida Buyuk Britaniya tibbiyoti qanday ishlamoqda? Umuman, davlat bu sinovga tayyormidi? Siz o‘zingiz bu kasallikka qarshi kurashga jalb qilindingizmi?
– Afsuski Yevropa, shu jumladan Buyuk Britaniya ham koronavirusning o‘chog‘i bo‘lib qolmoqda. Buning sabablari ko‘p, dunyo yangiliklarida kundalik ravishda yoritilib borilmoqda. Koronavirus bilan kasallangan, vafot etgan va ish jarayonida virus yuqtirib olib, vafot etgan tibbiyot xodimlarining sonini ko‘rsatishimga hojat yo‘q deb o‘ylayman, chunki bu haqda ma’lumotlar internet sahifalarida ko‘p.
Albatta, davlat uchun bu favqulodda hodisa bo‘lib, tibbiyoti yuqori darajada rivojlangan mamlakat ham bu sinovga umuman tayyor emas edi. Shuning uchun hukumat ancha sarosimaga tushib, chegaralarni kech yopgani hisobiga talafot ham katta bo‘ldi.
Tibbiyotning ishlash darajasiga keladigan bo‘lsak, har bir etap hisoblab chiqilgan, kasallikning yengildan og‘ir darajasigacha bo‘lgan muolaja protokol/ko‘rsatma ravishda ko‘rib chiqilib, tibbiyot xodimlariga tarqatilgan. Ko‘rsatmalarga bosqichma-bosqich qat’iyan amal qilinadi.
Afsuski, kasallik tarqalishining oldini olish uchun favqulodda choralar ko‘rilgan bo‘lishiga qaramay, yangi kasallanganlar soni hamon kamayganicha yo‘q. Britaniya tibbiyoti evidence-based (isbotlarga tayangan) amaliyotga qat’iy amal qiladi va virusni bartaraf qilish uchun yangi davo usullari tajribalar asosida ko‘rib chiqilmoqda. Oksford universiteti ishlab chiqqan vaksina amaliyotda tatbiq etilganiga bir oydan oshdi, aniq natijalar olti oy davomida e’lon qilinishi aytib o‘tilgan.
Men COVID-19 bo‘limida ishlamayman, lekin turmush o‘rtog‘im virus bilan kasallangan bemorlar bilan bevosita yuzma-yuz aloqada bo‘ladi.
– Bu davlatdagi faoliyatingizga doir va O‘zbekiston uchun noodatiy bo‘lgan biror qiziq voqeani so‘zlab bersangiz.
– Ish faoliyatimni endi boshlagan paytlarimda Britaniyada bemor va shifokor o‘rtasidagi munosobat meni doimo ajablantirar edi. Bu yerda nafaqat shifokorlar, balki boshqa tibbiyot xodimlari (hamshira, fizioterapevt, psixologlar)ga nisbatan ham hurmat va e’tibor juda yuqori. O‘z navbatida, tibbiyot xodimlarining ham bemorlarga nisbatan izzati ham qoyil qolarli darajada.
Bemorlar bilan suhbatda asosan ularning xohishi ahamiyatga olinadi, «bugungi qabuldan asosiy maqsadingiz nima va siz uchun qanday yordam berishimni o‘ylab ko‘rdingizmi?» degan savol birinchi so‘raladigan savollardan bo‘lib, bemorlar o‘zlarini qiynayotgan masalada ochiq-oydin gapirishlari uchun imkoniyat yaratiladi.
Yakunlovchi savolimiz albatta: «Bugungi maslahatlar va davo rejamiz siz uchun tushunarlimi? Yana qanday savollaringiz bor?», jumlasidan iborat bo‘lib, bu bemorda shifokor xizmatidan qoniqishni rag‘batlantiradi.
Ko‘p surunkali kasalliklar bemorlarga nafaqat jismoniy, balki psixologik jihatdan xam salbiy ta’sir ko‘rsatgani bois, depressiya alomatlariga oid savol berish va unga qarshi kurashish uchun tavsiyalar berish suhbat davomidagi vazifalarimizdan hisoblanadi.
Bemorlar o‘z holatini va davo rejasini tushunib, shifokor bilan ochik bahs yuritishlari doimo rag‘batlantiriladi. Bu albatta ikkala taraf uchun ham foydali bo‘lib, kasallikni nafaqat bartaraf qilish, balki ikki taraflama munosobatning ijobiy yakunlanishiga sabab bo‘ladi.
Abror Zohidov suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Qashqadaryoda erkak ayoli va chaqalog‘ini o‘ldirib, so‘ng o‘z joniga qasd qildi
Bayden hozircha Ukrainani NATOga taklif etishga chaqirmaslikka qaror qildi
Oq uy Ukrainaga Rossiya hududiga ATACMS raketalarini qo‘llashga ruxsat berganini tasdiqladi
Sharmandali mag‘lubiyatdan keyin murabbiy futbolchilarni qamab qo‘ydi
Gavining qilig‘i Flikka yoqmadi: “Aql o‘rgatishni senga kim qo‘yibdi?”
Superligani qaysi klub tark etadi? Kumush medal kimga nasib qiladi?
Yangi Zelandiyada maori qabilasi oqsoqolining portreti auksionda rekord narxda sotildi