date

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofida keskin siyosiy bahs kuchaymoqda

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofida keskin siyosiy bahs kuchaymoqda

AQSH prezidenti Donald Tramp Tehron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining tijorat kemalari uchun ochiq ekani haqidagi bayonotdan keyin ham Eronga nisbatan harbiy-dengiz blokadasi bekor qilinmaganini maʼlum qildi. Uning taʼkidlashicha, vaziyat hali to‘liq hal etilmagan va muzokaralar yakuniga yetmaguncha bosim saqlanib qoladi.

Tramp o‘zining Truth Social platformasida bildirishicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi biznes kemalari va xalqaro yuk tashuvi uchun to‘liq ochiq bo‘lishi kerak, biroq AQSH va Eron o‘rtasidagi kelishuv 100 foiz yakunlanmaguncha harbiy-dengiz qamali o‘z kuchida qoladi.

“Jarayon tez yakunlanishi kerak, chunki asosiy masalalar deyarli kelishib bo‘lingan”, — deya qayd etgan AQSH rahbari. Shu bilan birga, u Eron AQSH ko‘magida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini dengiz minalaridan tozalash ishlarini boshlagani yoki yakunlaganini ham alohida taʼkidladi.

“Eron AQSH yordamida barcha dengiz minalarini olib tashlamoqda yoki ularni allaqachon tozalab bo‘lgan”, — dedi Tramp.

17 aprel kuni Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi muayyan davr uchun tijorat kemalari harakatiga ochilganini maʼlum qilgan edi. Bu qaror Isroil va Livanning “Hizbulloh” harakati o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi doirasida qabul qilingani aytilgan.

Biroq Tasnim agentligi tarqatgan maʼlumotga ko‘ra, Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi manbalari bo‘g‘oz orqali o‘tayotgan kemalar qatʼiy nazoratda bo‘lishini bildirgan. Unga ko‘ra, kemalar hamda ularning yuklari AQSH va Isroil manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lmasligi shart.

Fevral oyi oxirida AQSH va Isroil tomonidan Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlanganidan so‘ng, Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopiq deb eʼlon qilgan edi. Bu qaror jahon energetika bozori va dengiz logistikasida jiddiy xavotirlarni keltirib chiqargan.

Shuning ortidan Tramp bo‘g‘ozni darhol ochish talabini qo‘ygan, rad javobidan keyin esa AQSH Eron portlari va qirg‘oq hududlariga nisbatan blokada choralarini joriy etgani aytilmoqda. Hozirgi vaziyatda esa tomonlar o‘rtasidagi siyosiy va harbiy bosim hali ham saqlanib turibdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofida keskin siyosiy bahs kuchaymoqda