Eron klublari legionerlarni qaytishga chaqirmoqda, qaror kutilmoqda

Eurasia Football manbasi tarqatgan maʼlumotlarga ko‘ra, Eron chempionatida to‘p surayotgan kamida ikki nafar xorijlik futbolchiga mamlakatga qaytib, o‘z jamoasi safiga qo‘shilish bo‘yicha rasmiy murojaatlar yuborilgan. Ushbu xatlarda so‘nggi paytlarda vaziyat nisbatan barqarorlashgani, o‘t ochish to‘xtatilgani va klublar asta-sekin yangi mavsumga tayyorgarlikni qayta tiklayotgani qayd etilgan.
Futbolchilarga yo‘llangan rasmiy bayonotlarda xavfsizlik masalasi birinchi o‘rinda ekani alohida taʼkidlangan. Klublar o‘z o‘yinchilari va xodimlarining hayoti hamda sog‘lig‘ini ustuvor vazifa sifatida ko‘rayotganini bildirib, barcha jarayonlar tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda olib borilayotganini maʼlum qilgan.
“Barcha o‘yinchilarimiz va ishchi xodimlarimiz xavfsizligi bizning eng muhim vazifamizdir. Biz vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqdamiz va sizlar uchun xavfsiz hamda professional muhit yaratish maqsadida barcha zarur choralarni ko‘rmoqdamiz”, — deyiladi rasmiy murojaatda.
Shu bilan birga, ichki chempionat taqdiri hali ham ochiqligicha qolmoqda. Manbalarga ko‘ra, Eron futbol federatsiyasi va klublar rahbariyati musobaqani muddatidan avval yakunlash yoki uni qayta tiklash variantlarini jiddiy muhokama qilmoqda. Dastlabki maʼlumotlarga qaraganda, yakuniy qaror aprel oyi yakuniga qadar qabul qilinishi mumkin.
Mamlakatdagi vaziyatning keskinlashuvi sababli xalqaro musobaqalarda ishtirok etish masalasi ham muhokamalar markazida turibdi. Ayrim rasmiylar jahon chempionatida qatnashmaslik yoki klublar hamda milliy jamoalarning ayrim davlatlarga safarlarini cheklash ehtimoli haqida fikr bildirgan. Biroq hozircha bu borada aniq va rasmiy qarorlar qabul qilingani yo‘q.
Shunga qaramay, ayrim jamoalar o‘z ishtirokini davom ettirmoqda. Masalan, “Traktor” klubi Saudiya Arabistonida Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichida o‘yin o‘tkazdi. Milliy terma jamoa esa yozda Shimoliy Amerikada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonlarini boshlab yuborgan.
Ayni vaqtda Eron klublari tarkibida 40 nafarga yaqin legioner faoliyat yuritmoqda. Ular orasida besh nafar o‘zbekistonlik futbolchi — Jaloliddin Masharipov, Oston O‘runov, Rustam Ashurmatov, Odil Hamrobekov va Igor Sergeyev ham bor. Shuningdek, ikki nafar tojikistonlik va bir nafar qirg‘izistonlik o‘yinchi ham qayd etilgan.
Harbiy ziddiyat boshlanganidan so‘ng, xorijiy futbolchilarning aksariyati mamlakatni shoshilinch ravishda tark etgan. Ular asosan Turkiya va Ozarboyjon bilan chegara orqali chiqib ketgani aytilmoqda. Endi esa vaziyat nisbatan tinchlanayotgan bir paytda, ularni yana jamoalar safiga qaytarish jarayoni boshlanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!