23:53 / 19.04.2021
2 916

Ro‘zadorlarga biolog maslahati


So‘nggi kunlarda saharlikka ko‘p ovqat yeyish shart emas, suv, bir necha xurmo, ozgina meva, bitta tuxum yetadi kabi postlarga ko‘zim tushib qolmoqda. Do‘stlar, agar oziq-ovqat sotib olishga imkoningiz bo‘lsa, saharlik vaqtida tanovul qilishga boshqa yeguliklaringiz bo‘lsa, yuqorida sanalganlar bilan kunduzi och qolishingiz aniqligi ma’lum bo‘lsa, o‘zingizni bunaqa qiynashingiz ham din tomondan, ham biologiya tomonidan to‘g‘ri emas! Zotan, dinimiz har narsaning imkon qadar yengilini olishga targ‘ib qiladi. O‘zingizni o‘zingiz qiynab ko‘proq savob olaman, deb ovora bo‘lmang.

Agar U ertangi Kunda rahmat ko‘zi bilan qaramas ekan, ming yil toat-ibodat qilsak-da bergan ne’matlari ichidan aqalli bittasining ham haqini ado qila olmaymiz. Men bugun diniy tomoni haqida emas, biologiya tomoniga urg‘u bermoqchiman. Diniy tomoni haqida soha mutaxassislari shu kunlarda ko‘p va xo‘p gapirishmoqda.

Ko‘pchilik “ro‘za kunlari kunduzi uxlayman, uyda o‘tiraman, offisda ishlayman, og‘ir mehnat qilmayman, shu bois ko‘p narsa yeyishim shart emas yoki bahonada ozib olaman”, deyayotgan bo‘lsa, quyidagi ma’lumot aynan o‘shalar uchun.

Odam organizmi o‘zining har bir kilogramm massasiga har bir soatda 1 kkal energiya sarflaydi. Bu energiya siz ishlasangiz ham, jim yotsangiz ham farqi yo‘q, bir xilda sarflanadi. Bu degani deylik siz 70 kg siz. Har bir kiloga 1 kkal dan ketsa bir soatda 70 kkal energiya sarflaysiz, endi shuni 24 soatga ko‘paytiramiz = 1680 kkal. Demak siz hech narsa ish qilmagan taqdiringizda ham organizmingiz uchun shuncha energiya kerak bo‘ladi.

Bu energiya qayerga sarflanadi?
Siz jim turganingiz bilan organizm ishlashda davom etayotgan bo‘ladi. Masalan, yurak to‘xtovsiz urib qonni qon tomirlari bo‘ylab harakatlantiradi, buyraklar qonni filtrlab undan ikkilamchi siydikni ajratib chiqaradi, ichaklar ozuqani qayta ishlab hazm qiladi, ortiqcha axlat qismini yo‘g‘on ichakka surib chiqaradi, jigar qonni filtrlab zararli moddalardan tozalab beradi, o‘pka doimiy ravishda tashqi atmosfera havosidan kislorod olib qonni kislorod bilan boyitadi, qondagi karbonat angidridni chiqarib yuboradi, qonda hujayralar tashqi muhitdan kirayotgan zararli jismlarni zararsizlantiradi, ko‘z ko‘radi, ko‘rgan narsasini miyaga uzatadi, til kun bo‘yicha jag‘i jag‘iga tegmay gapiradi, bularning barchasini miya to‘xtovsiz nazorat qiladi. Ha, bularning barchasi uchun energiya sarflanadi.

Bundan tashqari endi siz kunduzi hech bo‘lmaganda namoz o‘qiysiz, turib-yurasiz. Bularning barcha-barchasi energiya talab qiladigan ishlar. Biz qandaydir harakat qilishni ish deb tushunamiz. Lekin muskullarimiz unday emas. Bizning muskullarimiz ikki xil ish bajaradi: dinamik va statik.

Dinamik ish bu o‘zingiz bilgan ish: yurish, qo‘lni harakatlantirish, o‘tirib turish, qisqasi bir joydan ikkinchi joyga harakatlanish bilan bog‘liq ish. Statik ish esa organizmni ma’lum holatda ushlab turish, masalan, shunchaki to‘g‘ri tikka turish, namozda qa’dada o‘tirish, partada o‘tirish va hokazo. Bularning barchasi statik ish va muskul bu uchun ham ishlaydi va energiya sarflaydi.

Xuddi mana shu bois ham, organizm uchun eng zarur minimal darajadagi energiyani qabul qilish kerak.

Ro‘zada harakatsiz shunchaki ochlik hisobiga ozaman, deyayotganlarning ishida bitta xatolik mavjud. Ochlik bilan siz muskul hisobiga ozishingiz mumkin, xolos. Odatda son, dumba, qorin, ko‘krak sohasida yig‘ilgan yog‘lar shunchaki erimaydi. Ularni turli mashqlar bilangina eritish mumkin, xolos. Mana shuni hisobga olishni unutmasangiz yaxshi bo‘lar edi. 

Ha, darvoqe, men bu bilan saharlikka bo‘kib ovqatlaning, demoqchi emasman. Men o‘zingizni qiynab ataylab oz ovqatlanmang, o‘rtacha, me’yorida taomlaning demoqchiman.
Baxtiyor Sheraliyev,
biolog
Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ro‘zadorlarga biolog maslahati