19:13 / 02.06.2022
1 782

Chet eldan olib kelinayotgan tovuq go‘shti halolmi?

Chet eldan olib kelinayotgan tovuq go‘shti halolmi?
So‘nggi paytlarda aholi orasida tovuq go‘shtiga bo‘lgan talab ancha oshdi. Ushbu mahsulot turi yengil hazmliligi va vitaminlarga boyligi bilan inson organizmi uchun zarur ozuqa hisoblanadi. Ayniqsa, keksalar va yosh bolalar uchun bu go‘sht mahsulotini iste’mol qilish juda qulay. Boz ustiga narxi ham hamyonbop.

Importning asosiy qismi musulmon bo‘lmagan davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonga 15 ta davlatdan qiymati 17,4 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 18,1 ming tonna parranda go‘shti import qilingan.

Qayd etilishicha, bu o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 2,7 ming tonnaga oshgan. 2022 yilning dastlabki 4 oyida O‘zbekiston eng ko‘p parranda go‘shtini import qilgan davlatlar orasida Polsha yetakchilik qilmoqda – 5 ming tonna.

Ushbu ko‘rsatkich qolgan davlatlar kesimida quyidagicha ko‘rinish oldi: Turkiya – 3,2 ming tonna; Rossiya – 2,7 ming tonna; Belgiya – 2,2 ming tonna; AQSH – 1,5 ming tonna; Niderlandiya – 816 tonna; Litva – 607 tonna; Germaniya – 423 tonna.

O‘zbekiston aholisini asosiy qismi musulmon. Tabiiyki, Islom dinida belgilangan tartib-qoidalarga amal qiladi. Xususan, biz iste’mol qilayotgan barcha mahsulotlar HALOL, shariat tamoyillari asosida tayyorlangan, pok bo‘lishi shart. Shu bois ham, odatda, sotib olayotgan mahsulotimizning mana shu — nozik tomonlariga ahamiyat qaratamiz. Yuqorida keltirilgan statistik ma’lumotdan anglash mumkinki, O‘zbekistonga import qilinayotgan parranda go‘shtining asosiy qismi musulmon bo‘lmagan davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: bu go‘shtlar halolmi? Dinimizda belgilangan talablar asosida so‘yiladimi? Buni qanday aniqlash mumkin?

Ko‘pchilikni qiziqtirayotgan bu kabi savollarga javob olish maqsadida mutaxassislarga yuzlandik.

Ma’lumotlar maxfiy...

O‘zbekistonga kirib kelayotgan iste’molga yaroqli go‘sht mahsulotlarini asosan qaysi korxonalar yetkazib bermoqda, degan savol bilan Davlat statistika qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Usmon Abdurasulovga yuzlanganimizda u “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, birlamchi ma’lumotlar maxfiyligi bois, nafaqat bizga (jurnalistlarga), balki boshqa “organ”ga ham ochiqlamasligini ta’kidladi.

Savdo-sanoat palatasi yoki Tashqi savdo vazirligida parranda go‘shti bilan shug‘ullanadiganlar ro‘yxati bo‘lishi mumkin, — deya qo‘shimcha qildi qo‘mita xodimi.“Halolligi buyurtmachiga bog‘liq...

Bizning tovuq go‘shtining halolligi bo‘yicha navbatdagi suhbatdoshimiz Savdo-sanoat palatasi mutaxassisi bo‘ldi.

«Agar importni qabul qilayotgan tadbirkor yoki tashkilot kelishuvga asosan Halol standart talablari asosida mahsulot yetkazib berish talabini qo‘ygan bo‘lsa, shu asosda yetkazib beradi. Importchi olib kelgan mahsulot (masalan, tovuq go‘shti, oyog‘i yo qanoti)ni qayta ishlangan yoki tayyor go‘sht sifatida sotayotgan bo‘lsa, uning yorlig‘ida — “Halol standarti asosida” degan yozuv bo‘lishi shart. Yorliqqa bu tamg‘ani bosish uchun esa maxsus sertifikat talab etiladi (xaridor sotuvchini ushbu sertifikatini so‘rashga to‘liq haqli). Yoki iste’molchiga tovarning halolligiga javob bera olmayman, deb to‘g‘risini aytish kerak.

Hozirgi kunda supermarketlarda qadoqlangan mol va qo‘y go‘shti ustiga “Halol” degan yozuv yopishtirib qo‘yilganiga ko‘zimiz tushadi. Demak, ular halol sertifikatini olgan korxonaga taalluqli kushxonalarda so‘yilgan.

Chet davlatdan import qilinayotgan parranda go‘shtlarining halolligi, asosan, mahsulotni “zakaz” qilgan importchi tashkilotga bog‘liq. Bunga yanada aniqlik kiritish uchun yetkazib beruvchining o‘zidan so‘rash kerak bo‘ladi
», — deydi Savdo-sanoat palatasi mutaxassisi.

Bu masala yuzasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi boshlig‘i G‘ulomiddin Xolboyevga murojaat qildik.

Darhaqiqat, sizlar ko‘targan masala judayam dolzarb. Chunki kundan kunga parranda go‘shtiga bo‘lgan talab ortib boryapti. Avvalo narxi arzon, ikkinchidan esa, tovuq go‘shti parhezbop. Bu bo‘yicha bizga ko‘plab savollar keladi. Ularni umumlashtirib, quyidagilarni aytish mumkin:

Birinchi navbatda tovuqni so‘yayotganda dinimiz talabiga ko‘ra har biriga alohida “Bismillah, Allohu akbar” degan kalimani aytish kerak. Bugungi kunda zamonaviy apparatlar chiqqan, ya’ni o‘nlab, yuzlab tovuqni (parrandani) bir vaqtning o‘zida so‘yib yuboradi. Bu joiz emas.

Ikkinchidan, tovuq (parranda)ni patini tozalash uchun qaynoq suvga solinadi. Bu holatda suvning harorati 63 gradusdan baland bo‘lmasligi lozim. Aks holda parranda ichidagi najosat go‘shtga aralashib ketishi mumkin.

Yana bir e’tiborli tomoni shundaki, suvga soliboq olish kerak. Chunki suvga qon oqsa, o‘sha suv ham nopok suvga aylanib qoladi.

Mana shunday shartlar bilan so‘yilgan tovuq yoki parranda go‘shti halol bo‘ladi. Alhamdulillah, shu asosda so‘yib, xalqimiz dasturxoniga halol go‘sht taqdim etayotgan tadbirkorlarimiz yo‘q emas...


Avval xabar berganimizdek, O‘zbekistonda «Halol standarti» joriy etilgan.

Bu ish bilan O‘zstandart agentligi qoshidagi Standartlashtirish, sertifikatlash va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot (qisqacha Standartlar instituti) institutining Halol mahsulot va xizmatlarni sertifikatlashtirish organi shug‘ullanadi. Standartlar instituti xodimlari bilan bog‘langanimizda O‘zbekistonda parranda (tovuq) go‘shti bo‘yicha ham “Halol”lik sertifikatini olgan korxona borligi haqida ma’lumot berishdi. Demak, bu borada ham Islom dini ko‘rsatmasi asosida ish olib borishning imkoni bor (bunga asli shubha ham yo‘q, lekin aniq fakt borligini nazarda tutyapmiz – tahririyat).

Kuni kecha prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishda ham aholini parrandachilik mahsulotlari bilan ta’minlash borasidagi bir qator muammolar borligi aytildi.

Jumladan, “8 ta viloyatda parranda go‘shtini yetishtirish aholi talabining 70 foizini ham ta’minlamayapti”. (Bu esa o‘z-o‘zidan importning oshishiga sabab bo‘ladi – tahririyat)

Parrandachilik xo‘jaliklari bilan uchrashuvlarda 20 dan ortiq muammo va takliflarni ko‘tarilgan. Jumladan, parrandachilik yo‘nalishidagi 50 dan ziyod yirik korxona 50 foiz quvvatda ishlamoqda.

Lekin, qaysi viloyat, tuman va shahar hokimi ular bilan uchrashib, ozuqa yem, transport, aylanma mablag‘ masalalarida yordam berayapti, degan savolga, afsuski, ijobiy javob yo‘q
”, dedi Prezident.

Darhaqiqat, dinimizda insonning faqat ruhiga emas, balki jismiga ham alohida ahamiyat berilgan. Inson jismiga berilgan bu ahamiyatni Islom unga o‘z hayotini saqlash va o‘zidan halokatni daf qilish, Haqning yo‘lidan borish, U buyurganlariga amal qilish, buyurilmaganidan tiyilishni vojibga aylantirganining o‘ziyoq bunga yaqqol namuna bo‘la oladi.

Chet eldan, xususan, musulmon bo‘lmagan davlatlardan kirib kelayotgan har qanday mahsulot bizning ahkomlarimizga to‘g‘ri kelishi, musulmonlar uchun HALOL bo‘lishi shart. Chunki xalq iste’molchi. U peshona terisi bilan topgan halol puliga HALOL mahsulotlarni sotib olishni va halol luqma yeyishni joiz deb biladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Chet eldan olib kelinayotgan tovuq go‘shti halolmi?