Markaziy bankning pul-kredit siyosati sharhida mintaqada suv tanqisligi muammosi jiddiy tus olayotgani sabab meva va sabzavotlar narxi yuqori tebranishi mumkinligi keltirilgan.
Sharhda yozishicha, 2023 yilning 1-yarim yilligida tashqi inflyatsion xatarlarning yumshab borishi kuzatilgan va import tovarlari narxlari orqali inflyatsiyani oshiruvchi ta’sirlar kamayib borgan. Biroq ushbu davrda budjet xarajatlarining yuqori bo‘lgani, real daromadlarning o‘sishi barcha sohalarda kuzatilayotgani, shuningdek, chakana kreditlar bozorida yuqori o‘sishi ikkinchi yarim yillikda ham iste’mol talabni rag‘batlantiruvchi asosiy drayverlardan bo‘lib qoladi.
Prognozlarga ko‘ra, joriy yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya darajasi 8,5—9,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. O‘z navbatida, umumiy inflyatsiyaning 8,5—9,5 foiz doirasida barqaror shakllanishi, yil so‘nggigacha bazaviy inflyatsiya darajasini 7,5—8,5 foizgacha pasayishini talab etadi.
Shuningdek, joriy yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston yalpi ichki mahulotining real o‘sishi 5–6 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. Xalqaro moliyaviy tashkilotlar ham mavjud iqtisodiy sharoitlarni inobatga olib, davlatlar bo‘yicha o‘sish prognozlarini yangiladi.
Xususan, Jahon bankining Xalqaro valyuta jamg‘armasi iyun oyidagi “Global iqtisodiy istiqbollar” prognozlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2023 yilda 5,1 foiz, 2024 yilda esa 5,4 foiz atrofida o‘sishi prognoz qilinmoqda. Shu bilan birga, mamlakat tashqi savdo amaliyotlari 2023 yilda barqaror saqlanib qolishi va eksport (oltinsiz) hajmi 10—15 foiz, import hajmining 12—17 foiz atrofida o‘sishi kutilmoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring