
Qishloq xo‘jaligi kambag‘allikni qisqartira olishi isbotlandi. / Álvaro Bernis
Iqtisodchilar uzoq yillar davomida kambag‘allikni qisqartirish uchun birinchi navbatda jadal sanoatlashuv kerak, deb hisoblab kelishgan. Bunda kambag‘al aholi zavod-fabrikalarga ishga joylashib, topish-tutishi yaxshilanishi ko‘zda tutilgan. Lekin Hindiston tajribasi bunday qarashni inkor qilyapti.
Iqtisodchilar Surjit Bhalla va Karan Basin tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, 2024-2025 yillardagi so‘rovnomalar natijalari shuni ko‘rsatadiki, Hindistonda xalqaro kambag‘allik chegarasi – kuniga $2,15 (xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha) darajasidan past yashovchi aholining ulushi atigi 1 foizni tashkil qiladi. Bu esa 1990-yillardagi holatdan keskin farq qiladi, o‘sha paytda aholining deyarli 50 foizi kambag‘allik chizig‘idan pastda edi.
Eng ajablanarli jihati shundaki, Hindiston bu natijaga aholining 40 foizi hali ham qishloq xo‘jaligida band bo‘lishiga qaramay erishgan.
Xitoydagi kabi sanoatlashuv bilan solishtirganda, Hindiston o‘z aholisini fabrikalarga jalb qilish o‘rniga, qishloqda turib ham daromadini oshirishiga zamin yaratdi. Ya’ni, dehqonchilikni yaxshilash, qishloqda ish haqlarini oshirish va davlat tomonidan amalga oshirilgan qo‘llab-quvvatlash dasturlari millionlab odamlarni kambag‘allikdan chiqardi.
San-Diyegodagi Kaliforniya universiteti tadqiqotchilari olib borgan tahlil shuni ko‘rsatdiki, Xitoyda qashshoqlikdan chiqib ketganlarning 37 foizi qishloq xo‘jaligidan sanoat yoki xizmat ko‘rsatish sohalariga o‘tgan bo‘lsa, Hindistonda bu ko‘rsatkich atigi 10 foizni tashkil qiladi. Bu esa shundan dalolat beradi: qishloqda turib ham iqtisodiy taraqqiyotga erishish mumkin ekan.
Shuningdek, iqtisodchilar Hindistonda yangi kambag‘allik mezonlari joriy etilishi kerakligini ta’kidlamoqda. Hozirgi xalqaro kambag‘allik chegarasi ($2,15) deyarli barchani qamrab olgani uchun, bundan keyingi rivojlanishni to‘g‘ri baholash qiyin bo‘ladi. Shu sababli, tadqiqotchilar aholining daromadlari bo‘yicha eng quyi qatlamdagi 25-30 foizini qamrab oluvchi kambag‘allikning yangi chegarasi aniqlashni taklif qilmoqda.
Chunki har qancha daromad oshgani bilan, ko‘pchilik hali ham moliyaviy beqarorlik muammosiga duch kelmoqda. Masalan, tibbiy xizmat xarajatlari, ta’lim uchun sarflanadigan mablag‘ yoki uy-joy sotib olish xarajatlari ko‘pchilik uchun og‘irlik qiladi.
Hindiston tajribasi shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy taraqqiyotning yagona to‘g‘ri yo‘li yo‘q. Bu paytgacha sanoatlashuv va migratsiya asosiy vosita sifatida ko‘rilgan bo‘lsa, endilikda qishloqdagi iqtisodiy o‘sish ham samarali bo‘lishi mumkinligi oydinlashdi. Hindistonda millionlab odamlar qishloqda qolgan holda kambag‘allikdan chiqishga muvaffaq bo‘ldi.
Bu esa boshqa rivojlanayotgan davlatlar uchun katta ibrat bo‘lishi mumkin. Kambag‘allikka qarshi kurashda faqat zavodlar qurish emas, balki mavjud resurslardan samarali foydalanish, qishloq infratuzilmasini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish ham muhim ekani tasdiqlanmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar