Tarbiya niqobi ortida: direktorning qilmishi fosh etildi

Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida maktab rahbari bilan bog‘liq jiddiy holat fosh etildi. Voyaga yetmagan o‘quvchi qizga ijtimoiy tarmoq orqali noo‘rin va odob-axloqqa zid mazmundagi xabarlar yuborgan 39 yoshli direktorga nisbatan sud qarori chiqarildi. Bu haqda Qalampir nashri sud hujjatlari bilan tanishib, xabar berdi.
Sud hujjatlarida qayd etilishicha, 1987 yilda tug‘ilgan J.I. joriy yilning 16–17 aprel kunlari davomida “Telegram” orqali o‘quvchi qizga shaxsiy yozishmalarda nomaqbul mazmundagi xabarlar yuborgan. Ushbu holat fosh etilgach, ish sudga oshirilgan.
22 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yuqori Chirchiq tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqildi. Sud jarayonida ayblanuvchi o‘z qilmishini tan olgan. Biroq u yuborilgan xabarlarni “tarbiyaviy maqsadda” amalga oshirganini aytib, suddan yengillik berishni so‘ragan.
Jabrlanuvchi tomon — o‘quvchi qizning onasi esa bu harakatni keskin qoralab, bunday shaxs ta’lim muassasasida ishlashga mutlaqo munosib emasligini ta’kidlagan. U suddan qattiqroq jazo tayinlashni talab qilgan.
Sud qaroriga ko‘ra, J.I. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shaxvoniy shilqimlik) bo‘yicha aybdor deb topildi. Unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi belgilandi.
Mazkur holat ta’lim muassasalarida odob-axloq me’yorlariga rioya qilish, ayniqsa, pedagog va rahbar kadrlarning mas’uliyatini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi. Mutaxassislar bunday holatlarning oldini olish uchun nazoratni kuchaytirish va ta’lim tizimidagi ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish zarurligini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!