Prezident va tadbirkorlar uchrashuvida berilgan topshiriqlar asosida Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritiladi. Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov bu haqda batafsil ma’lumot berdi.
20 avgust kuni prezident va tadbirkorlar uchrashuvida bir nechta soliq imtiyozlari va soliq ma’murchiligida ro‘y beradigan o‘zgarishlar tilga olindi. Bu o‘zgarishlar nimalardan iborat va qanday amalga oshiriladi?
Kun.uz ushbu savol bilan moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonovga murojaat qildi.
QQS ma’murchiligini yaxshilash: eksportchi tadbirkorlarga qanday yengillik berildi?
— Prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvi ilk bor o‘tkazildi. Prezidentimiz juda ko‘p narsaga e’tibor berdilar. 7ta yo‘nalish belgilab berilgan bo‘lsa, shulardan biri – soliq yo‘nalishi.
Soliq yo‘nalishida birinchi bo‘lib QQS ma’murchiligini yaxshilash bo‘yicha topshiriq berildi. QQS ma’murchiligida eng muhimi qo‘shilgan qiymat solig‘ida eksportchi tadbirkorlik sub’ektlariga yengillik yaratish.
Agar men QQS to‘lovchi eksportchi tadbirkor bo‘lsam, bugun pulim kelib tushmagan bo‘lsa ham (180 kunim bor realizatsiyaga), QQSni sotib olgan mahsulotlarim bo‘yicha hisobga olishim va budjetga berib, QQSni qaytarib olishim mumkin bo‘ladi. Bu soliq to‘lovchida aylanma oborot paydo bo‘lishini anglatadi.
QQSni hisobga olishda soliq va bojxona idoralarining elektron bazalari o‘zaro bog‘lanadi
— Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha baza yaratish – QQS ma’murchiligini yaxshilashdagi ikkinchi masala. Buning ichiga bojxona to‘lovi va ichki bozor to‘lovi kiradi. Misol uchun, ichki bozorda ko‘proq mahsulot sotib olib sizda minus paydo bo‘lib qoldi deylik. Bojxona orqali tovar import qilayotganda sizda tovar saqlanib turgan bo‘lsa, QQSni o‘sha yerga yo‘naltirish imkoni paydo bo‘ladi. Bu – siz qo‘shimcha mablag‘ qidirib o‘tirmasligingizni anglatadi.
Shu bilan birga, prezidentimiz muloqotda ikkita normani aytib o‘tdilar: birinchisi QQSni 7 kunda qaytarish, ikkinchisi QQSni import qilayotganda bo‘lib-bo‘lib 120 kunda to‘lash.
13 mingta umumiy ovqatlanish korxonasi yil yakuniga qadar yer va mulk solig‘idan ozod qilinadi
— 13 mingta umumiy ovqatlanish korxonalari yer va mulk solig‘idan ozod etiladi, bu bo‘yicha alohida qaror qabul qilinadi. Bundan tashqari, agar umumiy ovqatlanish korxonalarining qarzdorligi bo‘lsa, bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.
Nega aynan 13 ming korxona? Umumiy ovqatlanish korxonalari 13 mingtadan ko‘proq, lekin 13 mingta korxonada qarzdorligi bor, yer yoki mulki bor.
Yer va mulk solig‘idan ozod etiladigan korxonalar sifatida shu sababli ham 13 mingta tadbirkorlik sub’ektlari tanlangan.
Ularning ayrimlari yer yoki mulki yo‘q, ammo qarzdorligi bor, ular uchun qarzdorligini bo‘lib to‘lash imkoni beriladi. Muddatni 31 dekabrgacha uzaytirib beramiz, ungacha qarzni to‘lamaydi, keyingi yildan qarzdorlikni bo‘lib to‘laydi.
Ayrimlarining yeri bor, mulki bor, qarzdorligi yo‘q. Shu yer yoki mulki uchun imtiyoz beriladi. Ayrimlarining yer, mol-mulki va qarzdorligi ham bor.
Hisobotlarni kechiktirib topshirish bilan bog‘liq moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi to‘liq bekor qilinadi
— Bu bo‘yicha bir oy muddatda taklif kiritishimiz kerak, unda ikkita: ma’muriy javobgarlik va Soliq kodeksining moliyaviy sanksiyasi ko‘zda tutilgan. Shulardan bittasi olib tashlanishi kerak, moliyaviy sanksiya bekor qilinib, ma’muriy javobgarlik qoldiriladimi degan masalani ko‘rib chiqamiz. Jahon tajribasini ko‘rib chiqib, bir qarorga kelamiz.
Prezident tomonidan bitta ish uchun 2 marta jarima qo‘llash tajribasini yo‘qotaylik, degan topshiriq bo‘ldi. Yana bir marta tahlil qilib chiqamiz, qaysi hollarda qaysi chora qo‘llanishi borasida bir to‘xtamga kelamiz. Ayrim hollarda korxona hisobchisi bo‘lmagan yoki korxona ishga olmagan bo‘ladi, shu sababli soliq hisobotini vaqtida topshirmagan bo‘lishi mumkin. Moliyaviy nuqtayi nazardan hisobot topshirmaganlik uchun moliyaviy jarimalar qo‘llashni bekor qilish bo‘yicha aniq topshiriq berilgan.
Sement ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun foyda solig‘i pasaytirilishi mumkin
— Sement ishlab chiqaruvchilar foyda solig‘ini 20 foizdan to‘laydi. Boshqa barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar esa 15 foizdan. Muloqotda qoraqalpog‘istonlik tadbirkor raqobat muhitidan kelib chiqib biz ham 15 foizdan to‘laylik deb taklif kiritdi. Sababi 2018 yilda 50 foizdan qo‘shimcha daromad solig‘i bor edi. O‘shanda islohot qilinayotganda ularga foyda solig‘i 20 foiz etib belgilangandi. Prezidentimiz soliqni 15 yoki undan ham pastroqqa pasaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq berdilar. Lekin xomashyo, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq ham 2 barobarga kamaytirilishini hisobga olib, o‘ylaymanki, 15 foizga pasaytirish choralarini ko‘ramiz.
20 avgustda prezident va tadbirkorlar uchrashuvida berilgan barcha topshiriqlarni birma-bir tahlil qilib chiqib, Soliq kodeksiga qo‘shimcha o‘zgartirish kiritamiz.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi