08:30 / 04.11.2021
1 805

Kelgusi 3 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ikki ssenariysi e’lon qilindi

Kelgusi 3 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ikki ssenariysi e’lon qilindi
Markaziy bank boshqaruvi «Pul-kredit siyosatining 2022 yil va 2023—2024 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari»ning dastlabki konseptual loyihasini ma’qulladi, deb xabar bermoqda Markaziy bank matbuot xizmati.

Ushbu loyihani ishlab chiqishda birinchi navbatda, iqtisodiyotda narxlar va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, inflyatsiya darajasini 2023 yil yakuniga qadar 5 foizgacha pasaytirish maqsadlaridan kelib chiqilgan.

Ta’kidlanishicha, tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlarning kelgusidagi o‘zgarishi bo‘yicha noaniqliklar hali ham yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Shu bois o‘rta muddatli makroiqtisodiy rivojlanish prognozlari tashqi va ichki omillarning ta’siri ko‘lami va davomiyligini inobatga olib asosiy va muqobil ssenariylari ishlab chiqildi.

Ssenariylarni shakllantirishda tashqi iqtisodiy sharoitlarning o‘zgarishlari, xalqaro moliya tashkilotlarining jahon iqtisodiyoti va asosiy eksport tovarlari narxlari bo‘yicha prognozlari, asosiy savdo-hamkor davlatlarda kutilayotgan vaziyatlar, ichki iqtisodiy sharoitlardagi ehtimoliy tendensiyalardan kelib chiqildi.

Jahonda vaksinatsiyalash jarayonining borishi rivojlangan davlatlar bo‘yicha iqtisodiy o‘sish sur’atlarining tezroq tiklanishi, rivojlanayotgan davlatlarda esa nisbatan sustroq tiklanishini belgilovchi asosiy omillardan bo‘layotgan sharoitda ssenariylar shartlarini belgilashda pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhim omil sifatida qaraldi.

Shuningdek, bu yilgi hisob-kitoblarda iqlim o‘zgarishlari va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari taklifi, moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlari, amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan islohotlar va ularning kutilayotgan natijalari shartli omillar sifatida inobatga olindi.

Makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy ssenariysida tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlarning bosqichma-bosqich yaxshilanib borishi kutilayotgan bo‘lib, keskin tashqi xatarlar yuzaga kelishi ko‘zda tutilmaydi. Pandemiya bilan bog‘liq vaziyat normallashib, inson resurslari migratsiyasi va transchegaraviy harakatlar bo‘yicha uzoq muddatli cheklovlar joriy etilmaydi.

Mazkur ssenariyga ko‘ra, iqtisodiy faollik yuqori sur’atlarda jadallashib borib, investitsion va iste’mol talabi pandemiyagacha bo‘lgan darajaga to‘liq tiklanadi.

Ushbu ssenariy doirasidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022 yilda yalpi ichki mahsulot hajmi o‘zining potensial darajasiga ko‘tarilib, real iqtisodiy o‘sish sur’atlari 5,5—6,5 foizni tashkil etadi va 2023—2024 yillarda 6 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Asosiy ssenariy doirasida iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashning muhim drayveri sifatida xususiy ichki va tashqi investitsiyalar hamda iqtisodiyot tarmoqlarida amalga oshiriladigan tarkibiy islohotlar qaralmoqda.

Kelgusi yillarda mamlakatda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash vazifasi 2022 yildan bosqichma-bosqich fiskal konsolidatsiya boshlanishini taqozo qiladi va fiskal taqchillikning YAIMga nisbati 2023—2024 yillarda 2,0-3,0 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Yuqorida keltirilgan omillar va tartibga solinadigan narxlarni erkinlashtirish darajasidan kelib chiqib inflyatsiya sur’atlarining 2022 yilda 8-9 foizga tashkil etishi, 2023—2024 yillarda esa 5 foizgacha pasayishi kutilmoqda.

Makroiqtisodiy rivojlanishning muqobil ssenariysi shartlari sifatida jahonda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning keskinligicha qolishi sababli tashqi sharoitlarning noqulay shakllanishi va iqtisodiy faollikni pasayishi kabi ehtimollar asos qilib olingan.

Ushbu ssenariy bo‘yicha yalpi ichki mahsulot hajmining real o‘sishi 2022 yilda 3-4 foiz atrofida bo‘lishi mumkin. Vaziyatning normal fazaga o‘tishi bilan 2023 yildan iqtisodiy faollik va yalpi talabning tiklanishi kuzatilib, 2023 yilda 4,8-5,8 foizni va 2024 yilda 5,5-6,5 foizni tashkil etishi taxmin qilinmoqda.

Bunda, ichki iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash uchun 2022 yilda ham fiskal rag‘batlantirishlar davom ettiriladi va umumiy fiskal taqchillikning YAIMga nisbati 4-5 foiz atrofida bo‘lishini taqozo etishi mumkin. Fiskal konsolidatsiya 2023 yildan boshlanib, fiskal taqchillikning YAIMga nisbati 2023 yilda 3-4 foizgacha, 2024 yilda esa 2,0-2,5 foizgacha pasayishi baholanmoqda.

Makroiqtisodiy rivojlanish shartlari muqobil ssenariy bo‘yicha shakllangan holatda tartibga solinadigan narxlarning erkinlashtirilishi kelgusi davrlarga kechiktiriladi. Natijada, ushbu ssenariy shartlari ro‘y bergan sharoitda umumiy inflyatsiya darajasi 2022 yilda 7,5-8,5 foizni tashkil etishi va 2023 yilda esa 5,6-6,6 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Yuqorida keltirilgan ssenariylarning har birida pul-kredit siyosatining asosiy maqsadi iqtisodiyotda narxlar va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash hamda inflyatsiyaning target ko‘rsatkichiga erishishga qaratiladi. Bunda, ssenariylarda keltirilgan vaziyatlarning shakllanishiga qarab pul-kredit sharoitlarining qat’iylik darajasi belgilab boriladi.

Asosiy ssenariyda pul-kredit siyosatini nisbatan qat’iy sharoitlari saqlab qolinsa, muqobil ssenariyda esa pul-kredit sharoitlarini biroz yumshatish hamda narxlar barqarorligi va iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish maqsadlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rilishi mumkin.

Kelgusi yillarda operatsion mexanizmni yanada takomillashtirish va pul bozorini rivojlantirish bilan birgalikda, ichki valyuta bozorida islohotlarning navbatdagi bosqichini amalga oshirish, tahliliy-prognozlash salohiyatini rivojlantirish va pul-kredit siyosati transmisson mexanizmi samaradorligini oshirish borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar Markaziy bankning diqqat markazida bo‘ladi.

Transmission mexanizm samaradorligini oshirish vazifasi moliya bozorini, xususan davlat qimmatli qog‘ozlari bozorini rivojlantirish, xususiy kapital bozori ko‘lamini oshirish va iqtisodiyotda banklardan tashqari moliyaviy vositachilik institutlarini rivojlantirish bilan bog‘liq hisoblanadi.

Kelgusi yillarda alohida ahamiyat qaratilishi lozim bo‘lgan masala — bu inflyatsiyaning uzoq muddatli barqaror omillarini bartaraf etish masalasi hisoblanadi. Bu, birinchi navbatda, iste’mol bozorida raqobatni rivojlantirish, iste’mol tovarlariishlab chiqarish hajmlarini oshirish, tovarlar importida konsentratsiyalashuv darajasini pasaytirish, hududlarda savdo va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish kabi choralarni amalga oshirishni taqozo etadi.

Ushbu tarkibiy islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi inflyatsiyaning target darajasiga yetganidan so‘ng pul-kredit sharoitlarini bosqichma-bosqich neytral shartlarga o‘tkazish imkonini beradi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Kelgusi 3 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ikki ssenariysi e’lon qilindi