17:17 / 05.08.2022
1 555

Bir kunda 4 ta qonun rad etildi. Senat uyg‘onyaptimi?

Bir kunda 4 ta qonun rad etildi. Senat uyg‘onyaptimi?
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati
4 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda senatorlar 4ta qonunni rad etdi. Yoppasiga buncha qonunning rad etilishi Senat tarixida ilgari kuzatilmagandi.

Dastavval senatorlar Uy-joy kodeksi ham ma’qullanmadi. Yuqori palata qonunchilarining fikricha, kodeksda mahalliy hokimliklarning davlat uy-joy fondidagi turar joylarni yuridik shaxslarga belgilangan maqsadda foydalanish uchun ijara shartnomasi shartlari asosida berish vakolatini amalga oshirish tartibi belgilanmagan, bu esa hokimiyat vakolatlarini suiste’mol qilish va boshqa korrupsion holatlarga shart-sharoitlar yaratib beradi. Shuningdek, hujjatda boshqa bir qator normalarni qo‘llash mexanizmlari yetarlicha ochib berilmagan, shu bois uni takomiliga yetkazish zarur.

Senat a’zolari nikohlanuvchi shaxslarning majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan so‘ng 1 oylik muddatni kutmasdan istalgan vaqtda nikohdan o‘tishi haqidagi qonunga ham qarshi chiqishdi. Ular bu normani kiritishda takliflar yetarli darajada asoslantirilmagan deb topdi.

Himoya orderi talabini buzgan zo‘ravonlarga nisbatan belgilangan jarima miqdorini amaldagi 300–900 ming so‘mdan 1,5–3 mln so‘mgacha oshirish haqidagi qonun ham rad etildi. Senatorlarning aytishicha, BMT tavsiyalariga asosan, oilada zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga jarima solishni jabrlanuvchiga tushadigan yuk sifatida qarash kerak.

Qaytarib yuborilgan to‘rtinchi qonun – sud tizimini elektronlashtirishga oid. Unga ko‘ra, e’lon qilingan hukm sudning rasmiy saytiga elektron hujjat tarzida joylashtirilishi va uning havolasi sudlanuvchiga SMS-xabar yoki elekron pochta shaklida yuborilishi ko‘zda tutilgandi. Qonunchilar e’tirozicha, bu tizimning xavfli jihati bor: elektron havola internetda tarqalib ketsa, sud hukmida yozilgan va odamlarning boshqalar ko‘rishini istamaydigan ma’lumotlari ommaga yoyib ketishi mumkin. Senatorlar bu tizimni respublika miqyosida joriy qilishdan avval eksperiment qilib ko‘rish kerak degan fikrni bildirdi.

Huquqiy eslatma: Rad etilgan qonunlar Senat tasdig‘isiz ham qabul qilinishi mumkin

Qonunchilikka ko‘ra, Senat tomonidan rad etilgan qonun Qonunchilik palatasiga qaytariladi. Qaytarilgan qonun yuzasidan Senat va Qonunchilik palatasi kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin.

Kelishuv komissiyasining takliflari qabul qilingan taqdirda, qonun Qonunchilik palatasida qayta ko‘rib chiqiladi va ma’qullash uchun Senatga yuboriladi. Agar Senat ilgari rad etilgan qonunni qayta ko‘rib chiqishda uni kelishuv komissiyasining tahririda ma’qullamasa, qonun rad etilgan hisoblanadi va u yana Qonunchilik palatasiga qaytariladi.

Qonunchilik palatasi Senatning qonunni rad etish to‘g‘risidagi qaroriga rozi emasligini bildirsa, qonun avvalgi qabul qilingan tahririda ovozga qo‘yiladi. Deputatlarning kamida uchdan ikki qismi qonunni yana ma’qullasa, hujjat Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan deb hisoblanadi hamda Qonunchilik palatasi tomonidan prezidentga imzolash va e’lon qilish uchun yuboriladi.

Albatta, yuqoridagi huquqiy jarayonlarning amaliyotda ro‘y berishi ehtimolini yuqori deb bo‘lmaydi.

Bloger va huquqshunos munosabati

Davletovuz Telegram-kanali birvarakayiga 4ta qonunni ma’qullanmaganini Senat tarixidagi rekord bo‘lishi mumkinligiga ishora qilgan. Bloger, shuningdek, rad qilish asoslari ham keltirilganiga e’tibor qaratgan hamda parlament yuqori palatasining dadilligi, o‘z so‘zini aytayotganini olqishlagan.

Shuning barobarida, kanal muallifining fikricha, nikohdan o‘tishdagi 1 oylik muddatni bekor qilish haqidagi qonunni rad etishda senatorlar tahlillarga emas, balki qandaydir klassik ehtiyotkorlik bilan yondashishgan.

O‘zi 1 oylik muddat shundoq ham amaliyotda inson omilini rag‘batlantiradigan, korrupsiya uchun shart-sharoit yaratadigan norma edi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tish talablariga qanchalik amal qilinayotgani ham ko‘pchilikka sir emas. O‘zimizni aldashni to‘xtatarmiz, balki...

Agar yuqoridagi qonun bo‘yicha ham tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkazilganda, balki senatorlarimiz qo‘lida mutlaqo boshqacha kartina hosil bo‘lgan bo‘lur edi. Amaldagi norma haqiqatda ishlyaptimi? Ishlayotgan bo‘lsa, shuncha irsiy kasalliklar bilan tug‘ilayotgan bolalar qayerdan paydo bo‘lyapti? Bu norma korrupsiyani rag‘batlantirmayaptimi? Burgaga jahl qilinib, ko‘rpa yoqilmayaptimi? Ajralishlar, boshqa oilaviy muammolarni bartaraf etishda ushbu norma haqiqatda yordam beryaptimi? Oddiy savollar — lekin qaychilash yechim emas
”, deb yozadi Davletov.uz.

Nikohga oid qonun muallifi – Adliya vazirligi. Bu vazirlik huzuridagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi direktori Furqat Tojiyev senatorlarning rad javobiga munosabat bildirdi.

Tojiyevning aytishicha, nikoh FHDYOga ariza bergandan keyin 1 oy o‘tib rasmiylashtiriladi degan qoida 1998 yilda kiritilgan va ko‘p ehtimol bilan SSSRda ham bo‘lgan.

Senatorimiz aytganday bu qoida nikohlanuvchilar yaxshilab o‘ylab ko‘rishi uchun kiritilmagan. Bir oylik muddat ZAGSga kerak bo‘lgan, ariza berganlarning boshqa nikohi bormi-yo‘qmi, shuni tekshirish uchun. Bu uchun hamma ZAGSga xat chiqarib javobi kutilgan. Hozir buni tizim orqali 5 daqiqada bilsa bo‘ladi. Bu qoida o‘zining asl funksiyasini bajarmayotganligi uchun bekor qilish lozim”, – deya yozdi huquqshunos Twitter sahifasida.

Olamshumul voqea emas

Bir kunda to‘rtda qonunni rad etilganini parlamentning yuqori palatasi jonlanayotganini anglatadimi? Bu haqda xulosa chiqarishga hali erta. Ro‘y bergan holat aslida olamshumul hodisa emas. Shunchaki senatorlar risoladagidek ishlasa, bu kabi holatlar hech kimni hayratlantirmay ham qo‘yadi. Odatda qonunlar qabul qilinayotganida debatlar kuzatilmasligi, muhokamaga qo‘yilgan hujjatlar aksar holatlarda bir ovozdan qabul qilinishi ko‘pdan buyon jamoatchilikning bahs mavzusi bo‘lib keladi.

Biroq Qonunchilik palatasidan farqli o‘laroq Senatda bahslar tez-tez kuzatilib turiladi. Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev va Aksilkorrupsiya agentligi direktori Akmal Burhonov o‘rtasida, senatorlar va adliya vaziri Ruslanbek Davletov o‘rtasida, senator Qutbiddin Burhonov hamda Avtoyo‘llar qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev o‘rtasida kechgani kabi bahs va tortishuvlar odatda quyi palatada kuzatilmaydi.

Parlament palatalarining ochiqlik siyosatiga munosabati solishtiriladigan bo‘lsa, bu borada yuqori palata yaqqol ustun ekani hech kimga sir emas. Quyi palatadagi qonunchilar majlislarni jonli efirga uzatishni bir necha oy oldingina boshladi, Senat esa allaqachon buni yo‘lga qo‘ygan.

Umuman olganda, ham deputatlar, ham senatorlar bir joyda depsinib turganini ochiq aytish lozim. Aksariyat qonunchilar xalqni qiynayotgan o‘tkir muammolarga befarq, kundaylik hayotda ro‘y beradigan voqea-hodisalarga ham munosabat bildirmaydi, hech qursa o‘zlari biror masalani ko‘tarib chiqmaydi.

Jamshid Niyozov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bir kunda 4 ta qonun rad etildi. Senat uyg‘onyaptimi?