00:46 / 18.09.2022
1 565

Buyuk sarkarda va sohibqiron

Buyuk sarkarda va sohibqiron
Amir Temur Ko‘ragoniy ibn Amir Tarag‘ay ibn Amir Burqul hijriy 736 yili ramazon oyida (milodiy 1336 yil 9 aprelda) Kesh (hozirgi Shahrisabz) ning Xoja Ilg‘or qishlog‘ida tavallud topgan. U o‘rta asrlarning yirik davlat arbobi, buyuk sarkardasidir. Amir Temur kuchli, markazlashgan davlatning asoschisi, ilm-fan va madaniyatning homiysi bo‘lgan. Otasi – Amir Tarag‘aybek barlos qabilasining nufuzli oqsoqollaridan edi.

Onasi Takinaxotun buxorolik mashhur faqih Tojush-shari’a (shariat toji) taxallusi bilan mashhur bo‘lgan Ubaydulla ibn Ma- s’udning avlodidan. Temur yoshligidan yaxshi ilm oladi, Allohning Kitobini to‘la yod olib, hofizi Kalomulloh bo‘ladi. Ayni damda chavandozlikka va ovga ishqiboz bo‘lib, kamondan nishonga o‘q uzish, ot choptirish, turli mashqlar va harbiy o‘yinlar bilan shug‘ullandi. Mohir chavandoz, dovyurak bahodir bo‘lib voyaga yetdi.

Amir Temur Movarounnahr va Xorazmda kuchli davlat qurdi. So‘ng, qo‘shni davlatlar ustiga yurish qilib, ularni o‘ziga bo‘ysundirish va markazlashgan buyuk saltanat barpo etishni maqsad qildi. Harbiy yurishni Xurosondan boshladi va Hirotni egalladi. Saraxs, Jom va Qavsiya shaharlari jangsiz taslim bo‘ldi. Eronning katta qismini ham bo‘ysundirdi.

Amir Temur Eron, Ozarbayjon, Iroq va Shom (Suriya) ustiga uch marta lashkar tortib boradi. Bu yurishlar tarixda “uch yillik”, ”besh yillik”, “yetti yillik urush”lar nomi bilan mashhur. Amir Temurning Oltin O‘rda xoni To‘xtamish ustidan qozongan g‘alabasi faqat Movarounnahr uchun emas, balki butun Sharqiy Ovrupa, shuningdek Rus knyazliklari uchun ham buyuk ahamiyat kasb etgan edi.

Sohibqiron Amir Temurning Usmonlilar sultoni Yildirim Boyazid bilan jangi ham Temurning g‘alabasi bilan tugaydi. Kichik Osiyodan Samarqandga zafar bilan qaytgan Amir Temur 1404 yilning kuzida ikki yuz ming qo‘shin bilan Samarqanddan Xitoyga yurish boshlaydi. Biroq bu yurish Amir Temurning hijriy 807 yil sha’bon oyining o‘n yettisida (1405 yil 18 fevral) kasallik tufayli O‘trorda vafot etishi tufayli amalga oshmay qoladi.

(davomi bor)
Ahmad Muhammad Tursunning "Dunyoni tebratgan yetti buyuk" kitobidan olindi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Buyuk sarkarda va sohibqiron