08:40 / 10.10.2022
1 844

«Bobo, siz do‘zaxga ketyapsizmi?»

«Bobo, siz do‘zaxga ketyapsizmi?»
(Bo‘lgan voqea)

Berilib televizor ko‘rib o‘tirgan cholni kapalagini uchirgan savol qo‘qqisdan jarangladi:
— Bobo, siz do‘zaxga ketyapsizmi?

Ro‘rarasida turgan besh yoshli jingalaksoch nevara qanday savol berib qo‘yganini ham tushunmay, javdiragancha javob kutardi.
— Men ham siz bilan birga ketaman-a?

Tili kalimaga kelmay qolgan bobo ikkinchi savoldan so‘ng ilkis silkinib, rangi oqargancha nevarasiga yuzlandi:
— Nimaga do‘zaxga ketar ekanman? Qayerdan olding bu gapni?

Qizaloq unga sinovchan tikilib, biyron javob qaytardi:
— O‘zingiz kecha dadamga do‘zaxga ketishga ham tayyorman" dedingizku! Sizni yolgiz yuboramanmi? Birga ketamiz!

Oltmishdan oshgan bo‘lsada haliyam chinordek baqquvat, basavlat erkakning gavdasi nevarasi bergan bir zarba bilan to‘kilib tushdi.

Hammasiga o‘g‘li aybdor! Kecha u bilan baland ovozda tortishgandi. Chol Putinni yadro bombasini ishlatishiga qarshiligi yo‘qligi, shu bilan dunyoda adolat o‘rnatilishini ta’kidlab, o‘z haqiqatini himoya qilgandi.

Rosa qizishganda aytgan jumlasi esa, murg‘ak nevarasining miyasiga quyulib qolgan ekanda:
"Putin bilan do‘zaxga ketishga ham tayyorman!"

— Bobo, ikkalamizgina emas, Saida, Siroj, Muhammad Bilol, Farzona, Robiya, Bobur, Javohir hatto mittivoy Rayyona ham do‘zaxga ketadi. Ular bilan boya o‘ynayotganimizda yaxshilab gaplashib oldim. Hammasi "xo‘p" deyishdi. Faqatgina Rayyona chinqirib yig‘lab yubordi. Uni beshigi bilan ko‘tarib olaverasiz-a?

— A bobo, xo‘p deng?!

Yo Alhazar!

Bidirlab birma-bir sanalgan sakkiz nevarasini ro‘parasidagi qaqajonidan kam ko‘rmasa, ularning tovoniga qadalgan zig‘irdek zirapcha bobo yuragiga millionta o‘tkir nayzaday qadalsayu, bularni ketmoqchi bo‘layotgan manzilini qara!

Do‘zaxmish?!

Bobo ularni faqat firdavs bog‘lariga munosib ko‘rardiku!

Yana... Yana, Rayyonani beshigi bilan birga ko‘tarib olarmish...

Lop etib ko‘z o‘ngida do‘zax olovida birga lovullayotgan nevaralarining mitti vujudlari gavdalandi. Ularning ayanchli chinqirg‘ini, nolalarini eshitdi.

Keyin atrofdagi minglab, millionlab bolalarning faryodlari ham qulog‘iga quyilib, miyasini erigan temirday kuydira boshladi.

Qizaloq esa boboning xayolan allaqachon do‘zaxdaligini bilmay, hamon yalinardi:
— Yolg‘iz ketib qolmaysiz-a? Birga ketamiz bobo! Va’da bering! Bobooooo, va’da beriiiing, deyapman!

Bobo uni eshitmas, karaxt aftiga erkalanib tikilgancha do‘zax va’dasini tilanib so‘rayotgan nevaraning o‘tinchlari esa tinmasdi.
Bir muddatdan so‘ng chol sal o‘ziga keldi. Badanini qoplagan muzdek terga e’tibor bermay, qo‘rqib atrofga alangadi.

Xuddi xayolidagi dahshatlar hozir sodir bo‘ladiganday titragancha qizaloqni mahkam quchoqladi. Bir narsalar degisi, aniqrogi tavba qilgisi keldiyu, bo‘g‘ziga harsang tosh tiqilganday beun o‘kirdi. Go‘yo nevarasini qo‘lidan tushirsayoq qiyemat boshlanadiganday uni dast ko‘targancha xonada telbavor gandiraklay boshladi.

Kechagina tarafini olayotgan, siyosatini yoqlayetgan, butun dunyoni xavfga qo‘yayotgan va nevaralari kabi millionlab murg‘aklarni do‘zax alangasida qovrilishini o‘ylamagan maxluqni umrida birinchi marta bo‘ralab qarg‘adi. Yomon qarg‘adi...

Lekin, baribir shuuridagi o‘sha dahshatli olov so‘nmadi. U borliqni mumday eritib, katta-kichikni faryodidan lazzatlanib, yanayam quturayotgan, qovrilgan go‘sht hidi bilan bulgangan tutun esa quyoshni ham yutaman deyayotgan vahshatla ko‘kka o‘rlardi.

Qiyomat shumikan? Nahotki?!

U haliyam o‘chirilmagan televizorda bo‘kirayotgan bombalar bilan jar solib kelyaptimi?

Ekranni zirillatib, urushni targib qilayotgan shaytonbashara voizlarning ovozi bilan xabar berib boshlanyapti.

— Bolamni urushga olib ketmang!

Chinqirayotgan kim? Bu ovoz ham televizordan keldiku! Ha, anavi o‘ris ayol telbavor qichqiryapti.

Kecha yigirma besh yoshli yigit voyenkomni otib tashlagan edi. Uni iddaolarini eshitib, kulmaganmidi chol?!

Hozir telbavor baqirayotgan ayol qiyefasida o‘z xotini, voyenkomni otgan bola o‘rnida o‘z o‘g‘li, anavi kolonna bo‘lib jang maydonlari tomon otlangan avtobuslar ichida esa nevaralarini ko‘rganday, seskanib ketdi.

Tuyqus yuragida o‘nlab snaryad portladi...

U bo‘sh qo‘li bilan ko‘kragini changalladi...

Havo yetishmayotganini his qilib, arang deraza oldiga yetib oldi va uni lang ochib yubordi.

— Vo darig‘! Tavba qildiiim, Alloh! Tavba qildim!

Chol boshqa hech narsa deya olmadi. Mahkam quchoqlab olgan nevarasini arang quchog‘idan bo‘shatib yerga qo‘ydi.

“Immmm...”

Yuragi portladi va dunyoni gursillatib quladi.

Muazzam Ibrohimova

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat