2 750
Uch tomonlama ittifoq, tashqi kuchlar qoʻlidagi oʻzbek gazi va Volodinning hurmatsizligi

Soʻnggi bir necha kun Oʻzbekiston va Rossiya munosabatlariga oid voqeliklarga boy boʻldi. Dastlab, Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqaev tilidan Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Qozogʻiston-Oʻzbekiston-Rossiya oʻrtasida uch tomonlama ittifoq tuzmoqchiligi haqida eshitgan boʻlsak, 29 noyabr kuni Rossiya davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin Toshkentga keldi va Oʻzbekistonni Amerika bilan hamkorlikning goʻyoki “xunuk” oqibatlaridan ogohlantirib ketdi.
Kun.uz muxbiri soʻnggi kunlarning shu va boshqa voqealari atrofida siyosiy tahlilchilar Farhod Tolipov, Kamoliddin Robbimov va iqtisodiy tahlilchi Abdulla Abduqodirov bilan intervyu oʻtkazdi.
— Intervyumiz avvalida shu yil 21 noyabr kuni Qozogʻistonda oʻtgan prezidentlik saylovlari va uning natijalari haqida bir necha savol bermoqchiman. Saylov oʻtdi va unda Toʻqaev juda kuchsiz va koʻpchilik tanimagan nomzodlar orasida 81 foiz ovoz bilan gʻolib boʻldi. Kuzatib bordik, ushbu saylov jarayoni va natijalariga nisbatan ham qozoq jamiyati va uni kuzatishga kelgan xalqaro kuzatuvchilar tomonidan turli tanqidlar bildirildi.
Yodingizda boʻlsa, qator ekspertlar Qozogʻistondagi saylovlar oldidan Qozogʻistonda yangi davr, islohotlarning yangi bosqichi boshlanayotgani haqida gapirgandi. Xoʻsh, muxolifatsiz, arzirli nomzodlarsiz oʻtgan saylovdan keyin ham Qozogʻistonni islohotlar yoʻliga kirdi deya olamizmi?
Farhod Tolipov, tahlilchi: — Qaysidir ma'noda Qozogʻistonni demokratik yoʻldan ketyapti deb ayta olamiz. Umuman olganda, sovet ittifoqidan ajralib chiqqan davlatlardan katta natijalarni kutib ham boʻlmaydi. Ular jadal islohotlar bilan demokratiyani bunyod etadi deyishga biroz erta. Hattoki, demokratik davlat hisoblangan AQSh saylovlarini olsangiz ham, oʻtgan saylov demokratik tamoyillarga zid oʻtgani borasida qator dalillar koʻrsatishdi. Shu ma'noda olib qaraganda Qozogʻistonda olib borilayotgan siyosatda jiddiy oʻzgarishlar bor, albatta.
Masalan, prezidentlikka etti yilda bir marotaba saylov oʻtkazilishining oʻzi ham katta bir siyosiy islohot. Bu saylovlar muxolifatlarsiz oʻtgan boʻlsa ham, kamchiliklar mavjud boʻlsa ham, inkor qilib boʻlmaydigan oʻzgarishlar amalga oshirilyapti. Albatta, Qozogʻiston uchun bu oson boʻlmayapti. Kengroq qaraydigan boʻlsak, geosiyosiy, tarixiy omillar ham yoʻq emas. Tashqi bosim ham mavjud.
Umuman olganda, Toʻqaevni yangi islohotchi deb olmaylik, baribir uning siyosiy tizimida ham, shaxsiyatida ham eski tuzum asoratlari yoʻq emas. Uning ayrim xatti-harakatlari va tashabbuslari shaxsan menga gʻalati tuyuladi. Shunda uning oʻzi ham tashqi ta'sir va bosimlardan mustaqil emasdir, degan fikrni ham shakllantirishi mumkin. Chunki uning oʻzi ham eski tuzum siyosiy elitasidan chiqqan amaldordir.
Kamoliddin Robbimov, tahlilchi: — Qozogʻistonning oldida yirik vazifa turibdi. Birinchidan, Toʻqaev Nazarboevning oʻrinbosari sifatida uning qozoq jamiyatida legitimligi juda ham yuqori emas. Ayniqsa, yil boshidagi yanvar voqealaridan keyin unga nisbatan muxoliflar orasida norozi kayfiyat kuchayib ketdi. Shuning uchun ham unda hali qozoq jamiyatida toʻla shakllanmagan plyuralizmni olib kirish orqali hokimiyatni ushlab qola olmaslik xavfi ham bor.
Agar toʻlaqonli siyosiy saylovlar oʻtkazilsa, vaziyatni ushlab tura olmasligim mumkin, degan xavotir bor unda. Ammo shunga qaramasdan, birinchi va oxirgi etti yillikka saylanishi ortidan yirik islohotlarni amalga oshirishiga ishonaman. Chunki oʻzining siyosiy faoliyatini ijobiy nom bilan tarixga olib kiradi deb oʻylayman. Umuman olganda, nafaqat Qozogʻistonda, balki Markaziy Osiyo davlatlarida ham tom ma'noda siyosiy plyuralizm va demokratik davlatlar an'anasi hali mavjud emas.
Umuman olganda Qozogʻiston avtoritarizmning ichkarisiga emas, balki tashqarisiga qarab ketmoqda. Shunga koʻra, demokratiya tomonga ba'zan sekinroq, ba'zan tezroq qadam tashlayapti. Qozogʻiston vakillarining rasmiy bayonotlaridagi raqamlardan ham buni koʻrish mumkin. Masalan, Nazarboev davrida 5-6 ta namoyishlar kuzatilgan boʻlsa, Toʻqaev davriga kelib, roʻyxatdan oʻtib tashkillashtirilgan namoyishlar soni 500 dan ziyodni tashkil qiladi. Uning hozirgi xatti-harakatlaridan hokimiyatni avtoritar yoʻl bilan mustahkamlab, demokratik jamiyat qurishga tomon harakatlanyapti deb oʻylayman.
Abdulla Abduqodirov, iqtisodiy tahlilchi: – Toʻqaevning shaxsiyatiga e'tibor beradigan boʻlsak, u Nazarboev jamiyatidan chiqqan va u yaratgan siyosiy elitaga tayanadigan shaxs. Undan qandaydir demokratik energiya va katta-katta islohotlarni kutishning oʻzi notoʻgʻri. Ikkinchidan, bu kabi katta loyihalarni amalga oshiradigan jamoasi ham yoʻq. Siyosatning sub'ekti shakllanmay turib, kuchli oʻzgarishlar boʻlmaydi. Xalqning oʻzi shu islohotlarni amalga oshirishni talab qilsagina biror oʻzgarishlar boʻlishi mumkin. Qaysi rejim amalda boʻlishidan qat'i nazar xalqning irodasi hal qiluvchi rol oʻynaydi.
— Alohida tahlil qilinishi kerak boʻlgan yana bir masala – Toʻqaev prezidentlikka qasamyod qilgan kundagi nutqida bundan keyin ham Qozogʻiston tashqi siyosatida avval Rossiya, keyin Xitoy va undan keyin Markaziy Osiyo ustuvor boʻlishini ma'lum qildi.
Sizningcha, LXR va DNRni tan olmaslik haqidagi bayonot, bir necha dadil chiqishlar saylov va unda gʻoliblik uchungina gapirilganmidi? Ya'ni Toʻqaevning Rossiya boʻyicha pozitsiyasi qanday oʻzi? Nazarimda, unda ham baribir Markaziy Osiyoda Qozogʻiston etakchi boʻlishi kerak, degan tafakkur bor. Markaziy Osiyo hamkorligini rivojlantirishda unga qanchalik ishonish, suyanish mumkin oʻzi?
Farhod Tolipov: — Albatta, bu erda tarixiy taqozo ham bor. Toʻqaevning oʻzi ham, Tashqi siyosiy kontseptsiyada belgilangan fikrlarga koʻra ham, Markaziy Osiyo manfaati birinchi oʻringa qoʻyilgan. Shaxsga oid sub'ektiv burilishlar oʻzgargan boʻlsa ham, ob'ektiv oʻzgarishlar ham yoʻq emas. Buni hech bir lider inkor eta olmagan. Hattoki, Nazarboevning oʻzi 2007 yilda Markaziy Osiyo ittifoqini tuzishni taklif qilgan.
Lekin Qozogʻistonga xos boʻlgan ziddiyatli yoʻnalishlar ham bor. Ular bu kabi siyosatni koʻp vektorli siyosat degan atama bilan ataydilar. Aslida bu koʻp vektorli boʻlmay, koʻproq bir tomonga ogʻishga oʻxshash siyosat boʻlib chiqqan edi. Umuman olganda, Rossiya bilan eng uzun chegarada joylashganligi ham bu davlatga qandaydir ta'sir koʻrsatishini toʻgʻri tushunish kerak. Ammo nima boʻlgan taqdirda ham Markaziy Osiyoni hech bir prezident ham, elita ham inkor eta olmaydi.
Etakchilikka intilish degan gapni men soxta tushuncha deb bilaman. Vaqtning oʻzi bu borada hech qanday kurash boʻlmaganligini ham koʻrsatdi. Oʻzbekiston va Qozogʻiston uchun Toʻqaev qanday ahamiyat kasb etishi borasida aytadigan boʻlsak, kecha imzolangan bitimni eslashning oʻzi kifoya. Kuni kecha Oʻzbekiston va Qozogʻiston ittifoqdoshlik toʻgʻrisida bitim imzolashdi. Oʻtgan yili bu deklaratsiya edi. Deklaratsiya esa bitimga aylantirildi. Endi bu ikki davlat ittifoqdoshlik maqomiga ega va ijobiy signal deb bilaman.
Kamoliddin Robbimov: — Toʻqaev boshqarayotgan Qozogʻistonning Xitoy, Rossiya va Oʻzbekiston bilan har xil vazifalari bor. Bir tomondan olib qaraganda Rossiya Qozogʻiston uchun juda katta tahdid. Rossiya telekanallarida Ukrainadan keyin navbat Qozogʻistonga degan fikrlar ham yangrab oʻtdi. Qozogʻiston hukumati esa bu borada Rossiya yuqori organlaridan izoh ham talab qildi.
Bir tomondan qaraganda, bu ikki davlatning iqtisodiy aloqalari nihoyatda yuqori. Bundan tashqari, ikki davlat ham juda yirik ikki tashkilotning a'zosi hisoblanadi. Qozogʻiston tahdid sifatida Rossiyaning keyingi davrdagi agressiv siyosatini koʻradi. Xitoy esa iqtisodiy jihatdan juda rivojlangan va shuning uchun ham Qozogʻiston uchun muhim bir davlat.
Avval Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasida qandaydir raqobat boʻlgan boʻlishi mumkin, ammo hozir ikki davlat rahbari ham tashqi bosimlarni his qilgani holda bu vaziyat ancha yumshagan. Toʻqaevning bayonoti esa Rossiya va Qozogʻistonni tinchlantirish uchun aytilgan boʻlishi ham mumkin. Shu bilan birga Toʻqaevning birinchi davlat tashrifi ham aynan Rossiyaga uyushtirildi. Chunki agar ziddiyatli vaziyatlarning ortishi ortidan Ukrainadagi vaziyat silliqqina Qozogʻistonga koʻchishini qozoq elitasi istamaydi.
Ilyos Safarov suhbatlashdi
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring 
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar