date

Alonso “Chelsi”da katta maqsadlar sari yo‘l boshladi

Londonning “Chelsi” klubi yangi davr ostonasida turibdi. Jamoaning yangi bosh murabbiyi etib tayinlangan Xabi Alonso ilk taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Ispaniyalik mutaxassis ingliz klubi bilan to‘rt yillik shartnoma imzolab, “ko‘klar” loyihasini yangi bosqichga olib chiqishga kirishmoqda.

Alonso “Chelsi”ni jahon futbolidagi eng yirik va nufuzli klublardan biri sifatida ta’rifladi. Uning aytishicha, bunday tarixga, katta muxlislar armiyasiga va yuqori talablarga ega jamoani boshqarish har qanday murabbiy uchun katta mas’uliyat va sharaf hisoblanadi.

“Chelsi” — jahon futbolining eng yirik klublaridan biri va bunday buyuk klubning bosh murabbiyi etib tayinlanganimdan g‘ururlanaman”, — dedi Alonso.

Ispaniyalik mutaxassis klub rahbariyati bilan o‘tkazgan suhbatlaridan keyin Londonda undan faqat yuqori natijalar kutilayotganini anglaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Chelsi” shunchaki barqaror jamoa bo‘lishni emas, balki har mavsum sovrinlar uchun jiddiy kurashadigan kuchga aylanishni maqsad qilgan.

“Klub xo‘jayini va sport direktori bilan suhbatimizdan maqsad eng yuqori natijalar ekanligini angladim. Biz eng yuqori darajada barqaror ishtirok eta oladigan va sovrinlar uchun kurashadigan jamoani yaratishni istaymiz”, — deya fikr bildirdi murabbiy.

Alonso “Chelsi” tarkibida katta salohiyat borligini alohida qayd etdi. So‘nggi yillarda London klubi ko‘plab iqtidorli futbolchilarni jamlagan, ammo ularni yagona tizimga solish va barqaror natijaga olib chiqish oson vazifa bo‘lmagan. Endi bu mas’uliyat Xabi Alonso zimmasiga tushmoqda.

Mutaxassisning fikricha, jamoadagi imkoniyatlar juda yuqori. Ammo bu salohiyatni natijaga aylantirish uchun faqat nomlar va iqtidor yetarli emas. Kuchli mehnat, to‘g‘ri muhit, intizom va g‘alaba madaniyati kerak.

“Klubning ham, jamoa tarkibidagi futbolchilarning ham salohiyati juda yuqori. Uni boshqarish men uchun sharaf. Hozir asosiysi — astoydil mehnat, to‘g‘ri madaniyatni yaratish va sovrinlarni qo‘lga kiritishdir”, — dedi Alonso.

Xabi Alonso murabbiy sifatida qisqa vaqt ichida o‘zini taktik jihatdan puxta, zamonaviy futbolni yaxshi tushunadigan va jamoani aniq g‘oya atrofida birlashtira oladigan mutaxassis sifatida ko‘rsatib ulgurdi. Endi esa uni Angliya Premer-ligasida katta sinov kutmoqda.

“Chelsi” uchun bu tayinlov juda muhim. Chunki klub so‘nggi mavsumlarda barqarorlik topishda qiynaldi. Katta xarajatlar, yosh tarkib va yuqori talablar fonida jamoaga aniq yo‘nalish bera oladigan murabbiy zarur edi. Alonso esa aynan shunday loyiha uchun mos nomzod sifatida ko‘rilmoqda.

Endi londonlik muxlislar yangi murabbiydan tezkor mo‘jiza emas, balki aniq o‘yin uslubi, rivojlanish va sovrinlar uchun haqiqiy kurashni kutadi. Alonso esa birinchi bayonotidayoq “Chelsi”dagi maqsadlar kichik emasligini ochiq bildirdi.

Qisqasi, “Chelsi”da yangi sahifa ochilmoqda. Alonso keldi, reja katta, bosim esa odatdagidek London ob-havosidan ham tez o‘zgaradi. Endi gap maydonda: g‘oya bor, tarkib bor, faqat natija kerak.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Alonso “Chelsi”da katta maqsadlar sari yo‘l boshladi