Axborot ustidan senzura o‘rnatish muammoni yechmaydi, balki davlatning muammoni ko‘rish va his qilish qobiliyatini o‘ldiradi. Bu – eski tafakkur tarafdorlarining O‘zbekiston va ikkinchi ma’muriyat ustidan g‘alabasini ham anglatadi.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov prezident mustaqil OAVni qo‘llab-quvvatlayotgani, lekin undan erkin matbuotni yopishni so‘rovchilar borligi haqida so‘z yuritdi.
Prezident Mirziyoyev yaqinda Qashqadaryoga qilgan safarida, ba’zi davlat mulozimlari “mustaqil OAV yopishni” so‘raganini bildirdi.
“Yopiq davlat bo‘lib, OAVni qo‘llab-quvvatlamaganimiz uchun xalqning ovozini eshitmadik. Erkinlik nafasi yoqadimi? Menga yoqadi. To‘g‘ri, menga bunday ishlash qiyinroq. Hamma aytadi, e, yopib qo‘y, deydi. Yo‘q, yopmayman. Yana oldingidek, prokuror, SNB, tekshiruvchi bo‘laversinmi? Biz niyatimizga yetdikmi? Birimiz ikki bo‘ldimi?” – dedi davlat rahbari.
O‘zbekistonda so‘z va fikr erkinligi Konstitutsiyaviy qadriyat va talab ekanini qo‘ya turaylik. Ya’ni kimki so‘z va fikr erkinligiga qarshi chiqsa, aslida Konstitutsiyaviy tizimga qarshi chiqqan bo‘ladi. Chunki O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ko‘ra, so‘z va fikr erkinligi – oliy qadriyatlardan, bu har bir shaxsning huquqi, uni poymol etish esa – noqonuniy ish.
Hozir masalaning boshqa tomonini tahlil qilmoqchiman. Ya’ni, “O‘zbekistonda so‘z erkinligi to‘liq yo‘q qilinsa, mustaqil ishlab turgan OAVga bosim bo‘lib, ular mustaqil va erkin ishlash imkoniyatidan mahrum bo‘lsa, buning oqibati davlat uchun, hokimiyat uchun, hukumat uchun, prezident uchun qanday bo‘ladi?” degan savolga javob izlamoqchiman. Bu savolga javob topish qiyin emas. Bu savolning javobi yaqin tariximizdan, hech kim inkor qilib bo‘lmas darajada, ochiq-oydin ko‘rinib turibdi.
Birinchidan, O‘zbekistonga daxldor axborot va fikrlar tashabbusi, yana O‘zbekistondan tashqariga chiqib ketadi. Insoniyat globallashuvda yashamoqda. Bundan keyin, axborot bilan inson o‘rtasida faqatgina uning irodasi to‘siq bo‘lishi mumkin. Axborot insonning barmog‘i uchida turadi. Bundan keyin axborot defitsit bo‘lmaydi, tanqis bo‘lmaydi.
Aksincha, insonlarning, jamiyatning diqqat-eʼtibori tanqis bo‘ladi. Axborot ko‘p bo‘ladi. Axborotlar o‘rtasida mislsiz raqobat bo‘ladi. Bu axborotlar, odamlarning, jamiyatlarning e’tibori, ongi, shu’uri uchun kurashadi.
Lekin, agar O‘zbekistonda to‘liq senzura o‘rnatilsa, O‘zbekiston mana shu raqobatli maydondan, o‘z xohishiga ko‘ra, chiqib ketgan bo‘ladi. Tashabbusni to‘laligicha xorijiy OAV qo‘lga oladi.
Ma’lumki, tashqi dunyoda ishlab chiqilayotgan axborotlar oqimiga O‘zbekiston davlatchiligi ta’sir qila olmaydi.
Taxminan 2005-16 yillarga kelib, O‘zbekistonda shunday vaziyat shakllandiki, butun jamiyat tafakkuriga ta’sir qiluvchi asosiy axborotlar, g‘oyalar, voqea-hodisalar sharhi chetdan turib berilar edi. O‘zbekiston oliy hokimiyati taqdiri borasidagi jiddiy ma’lumotlar, axborotlar mutlaq to‘laligicha xorijda shakllandi, xorijiy OAVlarida chiqdi, muhokama qilindi. Aholi soniga ko‘ra post-sovet hududidagi Rossiya va Ukrainadan keyingi uchinchi, Markaziy Osiyodagi birinchi davlat bo‘lishiga qaramasdan, O‘zbekistonning qalbi, tafakkur markazi borasidagi, uning taqdiri haqidagi barcha ma’lumotlar, axborotlar hammasi faqat O‘zbekiston hududidan tashqarida aytilardi.
Axborot siyosati va axborot mustaqilligi borasida O‘zbekiston davlatchiligi shu qadar murakkab vaziyatga tushib qolgan ediki, endi eng asosiy kun voqealarining barchasi rasmiy OAVlaridan tashqarida kechar edi. Ya’ni, O‘zbekistondagi real muammolarni jamoatchilik faqat tashqarida joylashgan OAVlardan, tashqarida yashab kelayotgan shaxslardan bilib keldi.
O‘zbekiston ichkarisida keng jamoatchilik mustaqil OAVlarini yashirincha kuzatardi, mustaqil radiolarni eshitadi va internet saytlarini o‘qiydi, eng ahamiyatli voqea-hodisalar davlatning ichida mish-mishlar darajasida, o‘zaro yashirincha muhokama qilinadi. Lekin rasmiy hokimiyat bu axborotlarga hech qanday ta’sir qila olmasdi, munosabat bildira olmasdi.
Boshqacha qilib aytganda, O‘zbekiston dunyodagi juda kam sonli shunday davlatlardan biriga aylandiki, uning taqdiriga daxldor axborotlari to‘laligicha xorijda shakllanar edi. O‘zbekiston, bu bilan, o‘zining axborot mustaqilligini to‘laligicha yo‘qotgan, axborot dunyosining sub’yekti emas, 100% obektiga aylangan davlat edi.
Vaziyatning murakkabligi shu darajaga bordiki, butun boshli davlat tashqi axborot xurujlari, tashqarida joylashgan guruhlarning axborot-psixologik hujumlaridan qo‘rqib yashagan davrlar kechdi. Bu qo‘rquv, ayniqsa, “arab bahori” voqealari fonida, ijtimoiy tarmoqlar rivojlanishi soyasida yaqqol ko‘rindi.
Hokimiyatning qo‘rquvi asosli edi: bir tomondan odamlar hokimiyatga ishonmasdi, boshqa tomondan tashqi aktyorlarning yo‘naltirilgan axborot siyosati, mamlakatda ijtimoiy bo‘hronlarga katalizator bo‘lish potensiali mavjud edi.
Har qanday davlatning axborot mustaqilligi – siyosiy mustaqilligining poydevorlaridan biri. Lekin, globalllashgan dunyoda izolyatsionizm ishlamaydi. Jamiyat haqqoniy va yolg‘on ma’lumotlarni doim farqlay oladi. Odamlarning qalbidagi, yuragidagi, ongidagi eng jozibador fikrlar, agar davlatning ichida aytilmasa, muhokama qilinmasa, albatta u davlat tashqarisida aytiladi va muhokama qilinadi. Ana shu holatdan boshlab, jamiyatning qalbi, yuragi va tafakkuri davlatning ichidan tashqariga chiqib ketgan bo‘ladi, va bu davlatning, davlatchilikning inqirozli holatga tushib qolganini ifodalaydi.
Ikkinchidan, O‘zbekiston o‘zini raqobatbardosh axborot segmentini shakllantirishdan o‘z xoxishiga ko‘ra voz kechishi, nafaqat o‘zbek tilli xorijiy OAV rolini oshiradi. Bu, eng avvalo Rossiya propagandasining ta’sirini yanada oshiradi. Hali O‘zbekiston Rossiya propagandasi bilan kurashish darajasiga mutlaq yaqinlashgani yo‘q. Lekin, O‘zbekiston ichida ma’lum ijobiy tendensiyalar ketyapti.
O‘zbekistonning ichidagi mustaqil OAV rus propagandasi va uning salbiy oqibatlari haqida ozmi-ko‘pmi gapirmoqda. Lekin, agar O‘zbekiston to‘laqonli senzuraga qaytadigan bo‘lsa, Rossiya OAV, jumladan propagandasining ta’siri kuchaysa kuchayadi, pasaymaydi. Bu faqat bitta narsani anglatadi – o‘zbekistonliklar ongi, shu’uri Toshkentning emas, Moskvaning qo‘lida bo‘ladi.
Rossiya o‘zining axborot resurslari naqadar qudratli ekanini yaxshi biladi. 2010 yilda Qirg‘iziston prezidentligidan Bakiyevni aynan rus OAV yiqitgan edi. Bakiyev Manasdagi AQSh harbiy bazalarini yopaman deb Putinga va’da bergan, va vaqt o‘tib, bu va’dasini bajarmagach, rus propagandasi qirg‘izistonliklarni ommaviy namoyishlarga chaqirgan edi.
Uchinchidan, davlatning axborot siyosatida senzura o‘rnatilar ekan, bu axborotlarni saralashni anglatadi. Natijada, davlatda “to‘g‘ri axborotlar oqimi” borasida mafkura shakllanadi. Yillar davomida, bu mavkura kengayib va chuqurlashib boradi. Va huddi 2016 yilgacha bo‘lgandek, davlat siyosatida ichki va tashqi siyosatni baholash borasida mafkuraviy tizim shakllanib ulguradi.
Bu mafkuraviy tizimga ko‘ra, O‘zbekiston – barqarorlik, farovonlik va rivojlanish orolchasi sifatida baholanar edi. Tashqi dunyoda esa, urushlar, beqarorliklar, kambag‘allik, behuzurlik va h.k.
Faqat 2016 yilda hokimiyat o‘zgarib, O‘zbekistonda kambag‘allik va qashshoqlik rasman e’tirof etildi. Ungacha bo‘lgan mafkuraviy tizim davlatni va jamiyatni aldash ekani ma’lum bo‘ldi.
Haliga qadar ba’zi amaldorlar tushunmayapti yeki tushunishni istamayaptiki, ijtimoiy yeki siyosiy muammolar – sub’yektiv emas, obektiv. Agar ko‘z yumsangiz, odamlarning muammolari yo‘q bo‘lib qolmaydi. Hozir – internet davri. Ijtimoiy tarmoqlar, VPNlar va boshqa raqamli aloqa vositalari – O‘zbekistonni tashqi dunyodan uzilishiga imkon bermaydi.
Birinchi ma’muriyatning siyosiy qarashlari 90-yillarda shakllandi. Jumladan, senzura ham. Lekin internet sekinlik bilan 2000-yillarda kirib keldi. Bu payt birinchi ma’muriyatning siyosiy stili shakllanib bo‘lgan edi. Internet kirib kelib ham, tizim, yangi davrga moslasha olmadi. Shuning uchun, birinchi ma’muriyat, internet bilan besamar kurashishda davom etaverdi.
Bugun esa, har qanday davlat va hokimiyatning manfaatlari axborot oqimlari, ijtimoiy tarmoqlar, OAV faoliyati bilan bog‘lanib ketgan. Investitsiyalar, xorijiy aloqalar, geosiyosiy munosabatlar – shular jumlasidan... Birgina investitsiyalar bilan bog‘liq davlatning juda katta manfaatlari bor. Ijtimoiy tarmoqlar, internet bo‘g‘ilgan davlatga investorlar kelmasligi, kundek ravshan...
Aslida, axborot – bu bor vaziyatni bilish vositasi. Tsenzura o‘rnatib, davlat o‘zini real voqelikdan uzgan bo‘ladi. Tsenzura orqali, davlat: “vaziyat qandayligini bilishni istamayman! Men aldashni va aldanishni istayman!” degani bo‘ladi. Tsenzura orqali, globallashgan dunyoda, eng avvalo, davlatning o‘zi yutqazadi.
To‘rtinchidan, senzurani qumsayotgan davlat muassasalari va mulozimlari borligi, aniq. Chunki to‘liq senzura o‘rnatilsa, ular ikki taraflama yutadi. Bir tomondan, ular o‘zlariga yuklatilgan vazifani nointellektual, oson usullar bilan bajarish imkoniyatini qo‘lga kiritishadi. OAVni yopish oson, jurnalist va blogerlar ovozini o‘chirish qiyin emas.
Axborot tashabbusi tashqi dunyoga chiqib ketgach, borgan sari bu muassasalar va mulozimlar, o‘zlari uchun qo‘shimcha vakolatlar va resurslar so‘ray boshlaydi. Chunki tashqi dunyodagi “axborot xurujlari” bilan kurashish katta vakolat va resurslarni talab qiladi.
Qolaversa, davlat rahbari va oliy hokimiyatni axborot bilan ta’minlash ham, mana shu idoralar va mulozimlarning monopoliyasiga aylanadi. Bu bilan, davlat rahbari ikki tomonlama vaziyatning asiri bo‘lib qoladi. Avvalo, davlat rahbari to‘g‘ridan to‘g‘ri mustaqil axborot ololmaydi. Jamiyatning kayfiyatini bila olmaydi.
Agar jamiyatda ijtimoiy portlash bo‘lsa, buning oqibatlari aynan davlat rahbari uchun o‘ta og‘ir bo‘ladi, chunki ko‘zga ko‘rinmaydigan va o‘rta bo‘g‘indagi mulozimlar va muassasalar uchun esa hech qanday yo‘qotish bo‘lmaydi. Ular, qanday ishlagan bo‘lsa, shunday ishlayveradi. Qo‘shimchasiga, davlat rahbariyati davlatning axborotni boshqaruvchi institutlari monopoliyasiga to‘liq tushadi.
Prezident, O‘zbekistonda senzura o‘rnatilishiga e’tiroz bildirib, o‘zining tarixiy manfaatlari uchun kurashyapti. Axborot ustidan senzura o‘rnatish – primitiv usul. Bu usul muammoni yechmaydi, balki davlatning muammoni ko‘rish va his qilish qobiliyatini o‘ldirgan bo‘ladi. Prezident esa, davlatning ko‘zlari ochiq bo‘lishi, quloqlari yaxshi eshitish kerakligini talab qilyapti.
O‘zbekiston davlatchiligining ko‘zlari yopilishi va quloqlari to‘liq tom bitishi bilanoq, ikkinchi ma’muriyat tarixiy kampaniyani yutqazgan bo‘ladi, eski tafakkur tarafdorlari prezident va O‘zbekiston ustidan to‘liq g‘alabaga erishgan bo‘ladi.
Demak, O‘zbekiston Konstitutsiyasini, milliy manfaatlarni, prezidentni qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekistonda erkin va raqobatdosh OAVni kuchaytirib borish kerak. Boshqa yo‘l yo‘q, bo‘lishi ham mumkin emas...
Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)