date

130 ming odamni aldagan xitoylik “Boylik ma’budasi” qamaldi

130 ming odamni aldagan xitoylik “Boylik ma’budasi” qamaldi

Britaniyada Xitoy fuqarosi, moliyaviy piramidaning asoschisi deb tanilgan Qian Jimin (Yadi Chjan nomi bilan ham ma’lum) 130 mingga yaqin odamni firibgarlik yo‘li bilan aldagani uchun 11-yil 8 oyga ozodlikdan mahrum etildi, deb xabar berdi Sky News.

47 yoshli ayol 2017-yilda Xitoydan soxta pasport bilan qochib kelgan. U kriptovalyuta orqali tuzilgan “investitsion sxema” orqali odamlarni tez boyish va yuqori foizli daromad va’dasi bilan jalb qilgan. Natijada u 40 milliard yuan (5,6 milliard dollar)dan ziyod mablag‘ni to‘plagan va o‘zini “Boylik ma’budasi” deb atagan.

Tergov davomida politsiya Qianning yashash joyidan 61 279 bitkoin, 300 ming funt naqd pul va “xazina xaritasi”ga o‘xshash hujjatlar topgan. Bu bitkoinlar hozirgi kunda 6 milliard dollardan ortiq qiymatga ega bo‘lib, Britaniya tarixidagi eng katta kriptovalyuta musodarasi hisoblanadi.

Ma’lum bo‘lishicha, Qian va uning sheriklari o‘zlarini qimmatbaho zargarlik mahsulotlari biznesi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar sifatida tanishtirgan. Ular Londonning eng nufuzli tumanlarida joylashgan villalar, Harrods do‘konlarida minglab funtlik kiyimlar va Mercedes E-Class kabi avtomobillar sotib olgan.

Qian 2023-yil aprel oyida York shahridagi Airbnb uyida hibsga olingan. Sud jarayonida u aybini rad etmagan, ammo “faqat sarmoyadorlar ishonchini tiklashni istaganini” aytgan.

Sudya Salli-Ann Heylz uni “jinoyatning boshidan oxirigacha rejalashtiruvchi va boshqaruvchi” deb ta’rifladi. Firibgar ayolning sheriklari Jian Ven 6-yil 8 oyga, Seng Hok Ling esa 4-yil 11 oyga qamalgan.

Prokurorlar ma’lum qilishicha, firibgardan olingan pullarning bir qismi 95 million yuanlik zargarlik buyumlari va qimmat uylarga sarflangan. Jabrlanuvchilarning ko‘pchiligi barcha jamg‘armasidan, hatto uyidan ayrilgan.

Hozirda musodara qilingan bitkoinlar taqdiri va jabrlanuvchilarga tovon to‘lash tartibi haqida qaror hali qabul qilinmagan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » 130 ming odamni aldagan xitoylik “Boylik ma’budasi” qamaldi