
Mamlakatda moliyaviy tizim yanada qulay va zamonaviy yo‘nalishda rivojlanmoqda. Adliya vazirligi tomonidan bank kartalarining chiqarilishi hamda ularning muomalada bo‘lishiga oid yangi tartiblarni belgilaydigan buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deb xabar berdi vazirlik axborot xizmati.
Yangi hujjatga ko‘ra, foydalanuvchi turiga qarab bank kartalarining ko‘lami kengaytirildi. Endi ular quyidagi turlarga bo‘linadi:
Biznes bank kartasi — yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga o‘z hisobvarag‘idagi mablag‘larni erkin boshqarish imkonini yaratadi.
Ijtimoiy bank kartasi — davlat yordam pullari, nafaqa va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni qabul qilish hamda ulardan foydalanish uchun mo‘ljallangan.
Shuningdek, oldindan chiqariladigan shaxsiy bank kartalarini foydalanuvchi shaxsni mobil ilova orqali identifikatsiya qilgan holda aktivlashtirish mexanizmi joriy etildi. Bu esa bank xizmatlaridan foydalanishni ancha osonlashtiradi.
Eng muhim yangilik shundaki, endilikda 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘z nomlariga mustaqil ravishda bank kartasi ochishlari mumkin bo‘ladi. 14 yoshga to‘lmagan bolalar esa ota-onasidan biri yoki qonuniy vakilining yozma roziligi orqali kartani rasmiylashtirishi mumkin.
Bundan tashqari, yangi tartibda yuridik shaxslar uchun ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun to‘lovlarni korporativ bank kartalari orqali amalga oshirish imkoniyati yaratildi. Bu esa tadbirkorlik subyektlari uchun to‘lov jarayonlarini yanada shaffof va tezkor qilishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yoz oylarida Markaziy bank aholi orasida naqd puldan foydalanish darajasini o‘rgangan so‘rovnoma o‘tkazgan edi. Natijalarga ko‘ra, ayrim hududlarda aholi hali ham naqd pul operatsiyalariga ko‘proq murojaat qilmoqda. Yangi tizim esa elektron to‘lovlar hajmini kengaytirish va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.