![Tarixni soxtalashtirish: Xiva xonining maktubi noto‘g‘ri talqin etilgan](/uploads/posts/2023-04/230411153614.jpg)
Deyarli yuz yil davomida boshqa xalqlarga qaram va mustamlaka bo‘lganimiz uchun tariximiz ham shu begona xalqning ko‘z qarashi va ruxsati bilan yozildi. Ularning qosh-qovog‘idan kelib chiqib, ilmiy xulosalar yasaldi. Ularni ranjitadigan faktlar buzib ko‘rsatildi yoki keng ommadan pinhon tutildi.
Jumladan, “Rossiya Markaziy Osiyoni bosib olmagan, balki qo‘shib olgan”, degan jirkanch bir yolg‘onga ham mustaqillikdan so‘ng chek qo‘yildi. Hatto ayrim tarixchi olim mustaqillik paytida ham shu yolg‘onni asarlarida ko‘rsatishdan uyalmadi. Emishki, Markaziy Osiyodagi davlatlar “bizni o‘zingizga qo‘shib oling” deb iltimos qilishgan emish. Xususan, Xiva xoni Shohniyozning Pyotr I ga elchi jo‘natgani bilan bog‘liq noto‘g‘ri faktlar bor.
Ma’lumki, Xiva xoni Arangxon vafotidan so‘ng Buxoro xoni Subhonqulixon Xiva taxtiga o‘z odami Shohniyozni (1690-1707) o‘tkazib, amalda Xiva xonligini Buxoroga vassal davlatga aylantirdi. Shuning uchun ham Shohniyoz garchi o‘zini xon, deb e’lon qilgan bo‘lsada, o‘z faoliyati davomida Buxoro ta’siridan qutula olmadi. XVII asrning oxiri — XVIII asrning boshlariga kelib, Xiva xonligida siyosiy tarqoqlik, taxt uchun kurashlar va mahalliy hukmdorlarning mustaqillikka intilish harakatlari avj olib ketadi.
Viloyatlar hokimlari xonga itoat etmay qo‘yganlari bois, Xiva xoni saroy amaldorlari va mahalliy hukmdorlar qo‘lidagi qo‘g‘irchog‘ga aylanib qolgan edi. Shuning uchun ham XVIII asrga oid ayrim yozma manbalarda Xiva xonligi “Besh qal’a” deb atalgan. Xonlik tarkibidagi Xazorasp, Xonqa, Urganch, Kat va Shovot qal’alarining markaziy hokimiyatga tobeligi yuzaki xususiyatga ega edi.
Ayrim tarixchilarning aytishicha, Shohniyoz Buxoro ta’siridan qutulish hamda markaziy hokimiyatni mustahkamlash maqsadida 1703 yilda Rossiya hukumdori Pyotr I ga maktub yo‘llaydi. Bu maktubda go‘yo Xiva xonligini Rossiyaga qo‘shib olish so‘ralgani ta’kidlanadi. Pyotr I ning Xivani Rossiya tarkibiga qo‘shib olgani haqidagi yorlig‘i 1707 yilda Xivaning yangi hukmdori Arab Muhammadga (1707-1715) topshirilgan. Ammo, Xivada siyosiy kurashlar avj olib turgan sharoitda ushbu yorliq hech kimning e’tiborini tortmagan emish.
Professor Akbar Zamonovning “Fikrat” tahliliy ko‘rsatuvida ma’lum qilishicha, keyinchalik tadqiqotchilar bu faktning noto‘g‘riligini ilmiy jihatdan isbotlashgan.
- Shohniyozning Pyotr I ga yozgan maktubida 3 ta band bor, rus tiliga tarjimasida esa bu 5 ta band qilib ko‘rsatilgan, deydi professor Akbar Zamonov. - Albatta elchilik-diplomatiya munosabatlarida bir hukmdorning boshqa hukmdorga maktub yozishida ma’lum qoidalar bo‘lgan. G‘arbning qoidasi bilan sharqning qoidasi bir-biridan farq qilgan. Diplomatik munosabatlarni izchil yo‘lga qo‘yish maqsadida hukmdorni maqtab yozadi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri maqsadga o‘tmaydi. Sen buni qil, men buni qilaman, demaydi. Xiva xonining maktubidagi sharqona xushomadni rus tarjimonlar “Pyotr I ga qaramlik izhor etilgan” deb tushuntirishgan, qabilidagi taxminlar ham mavjud. Aslida bu noxolis fikr. Maktubning aslida fuqarolik va qo‘shib olish haqida hech qanday gap yo‘q.
Hattoki Shohniyoz Pyotr I ga elchi jo‘natib, undan rus fuqaroligiga qabul qilishni so‘ragan, degan yolg‘on faktlar ham internetni to‘ldirgan hozir. Hali aytganimdek, bu noto‘g‘ri fakt. Mutaxassislar bu xatni o‘rganib, uning noto‘g‘ri talqin qilinganini isbotlashgan, deydi O‘zbekiston Tarix instituti katta ilmiy xodimi Nizomiddin Gulboyev.
Darhaqiqat, tarixni bu tarzda soxtalashtirish sovet propagandasining bir loyihasi bo‘lgan. Xalqimizga “biz sizlarni bosib olmaganmiz, xonlaringizning o‘zi bizga xat yozib, elchi jo‘natib, iltimos qilgani uchun qo‘shib oldik”, deyish uchun shu kabi yolg‘onlar to‘qib chiqarilgan.
Agar mazkur xat qanday o‘rganilgani, nega noto‘g‘ri talqin etilgani, bu voqea qanday oqibatlarga olib kelgani bilan qiziqsangiz, “Fikrat” tahliliy ko‘rsatuvining mazkur sonini youtube.com tarmog‘ida tomosha qiling.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring ![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar