16:43 / 14.05.2023
160

To‘g‘ri tarbiya va kerakli ilm bilan sug‘orilgan ongdan yomon odatlar chiqmaydi

To‘g‘ri tarbiya va kerakli ilm bilan sug‘orilgan ongdan yomon odatlar chiqmaydi
Har qanday odat yoki g‘oyani hayotga singdirish haqida «Overton tuynugi» nazariyasi mavjud. Unga ko‘ra insonlar hayotiga biror jarayon yoki odatni kiritish uchun avval bu narsaga beparvolik shakllantiriladi. Vaqt o‘tishi bilan esa jamiyat hayotidagi bu jarayon yoki odat o‘z-o‘zidan mustahkamlanib, insonlar hayotining ajralmas bir bo‘lagiga aylanib qoladi.
 
MUAMMONING ILDIZI
 
   Biz uchun yot bo‘lgan bunday illatlar girdobiga tushib qolmaslik uchun ishni nimadan boshlash kerak? Albatta, har o‘rinda aytilganidek, bu yerda ham ota-ona farzandlariga bergan to‘g‘ri tarbiya muhim rol o‘ynaydi. Yoshlikdan olingan to‘g‘ri tarbiya uzoq yillar davomida uning egasini har xil yomon yo‘llardan saqlanishiga boshlang‘ich omil bo‘lib xizmat qiladi. Farzandlarga bilim olish va yaxshi va yomonni tanitishda fursatni boy berib qo‘ymaslik kerak. Aks holda, farzandlarning bo‘sh qolgan aql idrokini nomaqbul narsalarga bo‘lgan qiziqish egallab olishi mumkin. Siz bunga aslo yo‘l qo‘ymang. Agar aksi bo‘lsa, farzandingizni bu yo‘ldan qaytarib olish juda mushkul bo‘lib qoladi.
 
Yodimda, yoshligimda o‘g‘rilik, fohishabozlik yoki ichkilikka mukkasidan ketgan insonlar mahallada paydo bo‘lib qolsa, odamlar bunday kishilarga kuchli nafrat bilan qarardilar. Shunga bo‘lsa kerak, boshqalar bundan to‘g‘ri xulosa chiqarar edi. Bir so‘z bilan aytganda, bunday nojo‘ya yo‘lga yuradigan kishilar adadi barmoq bilan sanarli bo‘lar edi. Shunday odamlar bo‘lgan taqdirda ham ularni hamma tanirdi va boshqalar o‘zlarining farzandlari ularga o‘xshamasliklari uchun pandu nasihatlar qilardi. Har bir oilaning oliy maqsadlaridan biri oila a’zolari orasidan shunday kimsalar chiqib qolishidan saqlanish bo‘lgan. Chunki bunday kimsalar chiqqan xonadonning boshqa a’zolari va yaqinlari buni or-nomus masalasi sifatida ko‘rib, ko‘p hollarda boshlari ham egilib qolardi. Shunga bo‘lsa kerak, farzandlar ham ularni bunday holga solib qo‘ymaslik harakatida bo‘lardilar.
 
JIRKANCH ILLATLARNING TURLARI VA KO‘RINISHLARI
 
Men bu yerda o‘tmishdan davom etib kelayotgan yomon illatlar: aroqxo‘rlik, o‘g‘rilik, fohishabozlik va poraxo‘rlik kabi jirkanch illatlarni chuqurroq yoritib o‘tish niyatim yo‘q. Sababi bu illatlarni keltirib chiqaradigan zarar va oqibatlarini har kuni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib turibsiz. Ayniqsa, hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar keng quloch yozgani sababli bu illatlar bilan bog‘liq har xil holatlarni yorituvchi achinarli xabarlar yashin tezligida sizga ham yetib kelyapti. Birgina shu yuqorida tilga olingan illatlar sababli qanchadan-qancha odamlar hayoti izdan chiqib ketyapti.
 
Buning oqibatida kelib chiqayotgan jinoyatlar, farzandlar tarbiyasi buzilib ketayotgani, ayollik sha’niga dog‘ tushirayotganlarni yon-atrofda uchratish oson bo‘lib qoldi. Poraxo‘rlik avjiga chiqqan joyda rivojlanish bo‘lmasligi hammaga kundek ravshan bo‘lib qoldi. Albatta, bu illatlarga qarshi kurashish va farzandlar bu illatlar girdobiga tushib qolmaslik choralarini ko‘rish kerak. Poraxo‘rlik haqida esa oldinroq «Jamiyat tanasiga tushgan qurt» deb nomlangan alohida risola ham yozdik.
 
Men bu yerda ko‘rsatib bermoqchi bo‘lgan jirkanch illatlar oxirgi vaqtlarda omma orasida shiddat bilan tarqalib boryapti.
 
Shu yerda Overton tuynugi tushunchasi haqida ham kengroq tushuntirib o‘tishga harakat qilib ko‘raman. Biror bir taraf o‘zining maqsadlarini keng ommaga yoyish va uni kelajakda odamlar orasiga oson sizdirish istagida bo‘lsa, ko‘pincha shu yo‘ldan keng foydalanadi. Buni ular qanday amalga oshiradi? Misol tariqasida, bir jinsli nikohni, ya’ni erkak-erkak va ayol-ayol bilan turmush qurishini tarqatishni va uni odamlar orasiga osongina sizdirishni ko‘rib chiqamiz. Albatta, bu jirkanch illat bizning davlat va ko‘pchilik fuqorolarimiz tarafidan keskin qoralanadi va bunga qarshi chiqiladi. Biroq ular shu illatni tarqatish uchun oldin shu haqida gapira boshlashadi, har xil maqola va ko‘rsatuvlar orqali bu illatni ommaga yoyishni boshlashadi.
 
Albatta, sog‘lom fikrli kishi bu haqda birinchi marta eshitganda qattiq nafrat qiladi. Boshida bunga qarshi chiqadiganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Qarshilik kuchli bo‘lsa, u taraf sal orqaga ham chekinadi, ammo o‘zining uzoqni ko‘zlagan maqsadidan voz kechmay fursatni kutib turadi. Lekin bu holat takror bo‘laverganidan keyin odamlarning bu narsaga nisbatan nafrati oldingidan susayib boraveradi. Va hatto bu haqda gapirish bora-bora oddiy holatga va bunga e’tibor bermaslikka olib keladi. Bu paytga kelib ularning tarafdorlari ham, ayniqsa, yoshlar orasidan ancha ko‘payishib qolgan bo‘ladi. Bu nuqtaga kelish esa u tarafning birinchi ko‘zlagan maqsadiga erishtirgan bo‘ladi.
 
Keyingi navbatda ular shu yerdan o‘z tarafdorlarini izlashadi va ularning qo‘li orqali ish qilishni boshlashadi. Endi ularning tarafdorlari ham ba’zi oshkora chiqishlar bilan o‘z huquqlarini talab qilishni boshlashadi, kerak bo‘lsa, kichik provakatsiyalar maydonini shakllantirishadi. O‘zlarini xo‘rlanganlar qilib ko‘rsatib ularni qo‘llovchilar tomonidan ko‘mak olishga urinishadi.
 
Agar bunga jiddiy qaralmasa, bu holat katta muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Oqibatda ota-ona va bu yo‘lga kirib qolgan farzandlar yoki yaqinlar o‘rtasida ziddiyatlar, hatto jinoyatga boshlovchi harakatlar sodir etilishi mumkin. Natijada katta oilalarda ham bo‘linish va totuvlik yo‘qoladi. Sababi bizning ota-onalar o‘z farzandlarini bunday holatda ko‘rishni umuman xohlashmaydi. Bunga murosasiz keskin qarshi bo‘ladilar. Agar bu narsaga beparvolik qilinsa, ertaga bu holat oddiy holday qarala boshlanadi. Bu nuqtaga yetib kelish esa ularning ikkinchi erishgan yutug‘i bo‘ladi.
 
Keyingi qadamda oldingizda shunday juftliklar yursa-da oddiy ko‘z bilan qaraladigan bo‘lib qolinadi. Borib-borib bu kimsalar Yevropa davlatlarida nikohdan o‘tishni talab qilayotganlaridek, bizda ham nikoh o‘qishni talab qilishsa, ajablanarli holat bo‘lmay qoladi. Yoki bunday juftliklar farzand asrab olish va tarbiyalash da’vosini ham qilishadi. Axir bunday juftliklar tarbiyalagan farzandlar qanday tarbiya ko‘rishlari mumkin.
 
Agar ular buni amalga oshirsalar, g‘alaba qilganlarini ko‘rsatadi va Overton tuynugi nazariyasi amalda to‘liq ish ko‘rsatganining natijasi bo‘ladi. Nima bo‘lganda ham bunga yo‘l qo‘yish kerak emas. Bu holat bizning dinimiz va urf-odatlarimizga o‘ta teskari bo‘lgan narsadir.
 
Shu yerda farazan shu holatni ko‘z o‘ngizdan o‘tkazib ko‘ring. Mahallada shunday juftliklar paydo bo‘lsa, diniy va milliy urf-odatlarimizga to‘g‘ri kelmasa-da, nikohdan o‘tishni, farzand asrab olib tarbiyalashni talab qilishsa... Bu illatdan nafratlanadigan xalqimiz albatta bunga jim qarab turmaydi. Buni esa ular o‘zlariga nisbatan haqorat deb bilishadi. Natijada orada katta muammolar va nizolar yuzaga kelib chiqishi, pirovardida jinoyatga sabab bo‘lishi mumkin. Ularning farzandlariga boshqalar o‘z farzandlarini qo‘shishni xohlashmaydi, albatta. Bu esa jamiyatning bo‘linishiga va murosasizlikka olib keladi. Xullas, bunday «madaniyat yoki erkinlik» bizning xalqqa mutlaq yot bo‘lgan illatdir.
 
Albatta, bu illat G‘arb davlatlarida ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib, hozirgi ochiq ko‘rinishiga birdan kelib qolmadi. U yerda ham bu holatga targ‘ibot va yuqorida tilga olingan nazariyani ishlatish bilan odamlar ko‘niktirib borildi. Bunga balki yarim asr ketgandir. Lekin bu ular bosib o‘tgan yo‘l bo‘lib, kerakli bo‘lgan tajribaga ega bo‘lib olishdi. Endi bu illatni ular yanada tezroq yoyishi ham mumkin. Bu borada ularda tajriba va buni amalga oshiruvchi tashkilot, fondlar allaqachon faol ravishda ish olib bormoqda.
 
Buni amalga oshirishda ular keng miqyosda ijtimoiy tarmoqlardan, har xil ko‘rsatuv va eshittirishlardan foydalanishadi. Hatto hozirgi kunda bu illatlarni targ‘ib qilish uchun, bosh qahramonlari yuqorida ko‘rsatilgan illat vakillari bo‘lgan kino, multfilmlar ishlab chiqarilyapti. Bu haqda kitoblar, ertaklar keng ommaga havola etilyapti. Biz bunday narsalarni yurtimizga kirib kelishiga yo‘l qo‘ymasligimiz zarur. Farzandlarimiz qo‘liga olib o‘qiydigan kitoblariga va tomosha qiladigan multfilm yoki kinolariga e’tiborli bo‘lib, ularni bu yaramas illat tashviqotiga kirib qolishining oldini olish uchun doim hushyor turishimiz kerak. Albatta, bu oson ish emas, lekin biz qarshi turmasak, ertaga yoshlarimiz bu narsalarga oddiy ko‘z bilan qaraydigan ahvolga tushib qoladilar.
 
Ijtimoiy tarmoqlar va internetdan uzilgan holda hozir farzandlar o‘z sohalarini yetuk insonlari bo‘lishlari aqlga sig‘maydigan hol. Lekin bu resurslar bazasi insonni kamolotga yoki uni jar yoqasiga yetaklovchi manbalar bilan to‘lib yotibdi. Muhimi farzandlarni va o‘zimizni bunday manbalardan himoya qila olishimiz shart, ularning aql-idroklari bunday narsalar bilan zaharlanishidan saqlashimiz kerak. Ularni ham, o‘zimizni ham to‘g‘ri tarbiyalab borishimiz zarur.
 
Bu yerda farzand tarbiyasi deganda albatta nevara va evaralar tarbiyasi ham nazarda tutiladi. Nevaralar tarbiyasida ham ota-onalarning va buva-buvilarning o‘rni va mas’uliyatlari beqiyos. Zero, sizning zurriyotlaringiz qiyomatgacha solih va har taraflama komillikka yetgan insonlar zanjirining davomchilari bo‘lib qolishsin.
 
Farzandlaringizga yoshligidan to‘g‘ri tarbiya berib, ular ongidagi bo‘shliqni to‘ldirib borsangiz, bunday yaramas va insoniy bo‘lmagan jirkanch illatlarga nisbatan ularda nafrat va qarshi turish imunitetini shakllantira olasiz. Aks holda, oilada to‘g‘ri tarbiyani shakllantirmasdan, bunday jirkanch illatlarga o‘zingiz va farzandlaringiz qarshi turishingizga yo‘l topa olmay qolishingiz mumkin. Zero, to‘g‘ri tarbiya va kerakli ilm bilan sug‘orilgan ongdan yomon odatlar chiqmaydi. Ularga tarbiya berishda buva-buvilar ham ishtirok etishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki ularda hayot tajribasi katta bo‘ladi.
 
Muhandis Abdulkarim Hasan

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat