21:44 / 07.07.2023
1 114

Alimdjanov va boshqalarning allomalarimizni kofir deyishi qanchalik xavfli?

Alimdjanov va boshqalarning allomalarimizni kofir deyishi qanchalik xavfli?

Oxirgi paytlarda bloger Nozim Safariyning Baxtiyor Alimdjanov bilan o‘tkazgan “podkast”i (yengil suhbati) internet tarmog‘ida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu “yengil suhbat”dagi ko‘plab jihatlarga yurtdoshlarimiz tomonidan bir qator e’tirozlar bildirildi. Ularning (suhbatdoshlarning) tarafini olganlar ham bor. Kimdir “atlas ko‘ylak kiyib chiqsa nima bo‘pti?! (erkinlik)” degan bo‘lsa, yana kimdir “ateistlar xorijdan pul olib turgani” uchun shunaqa (ateistik) g‘oyalarni yoyishini yozdi. Ayrimlarning fikricha, odamning tashqi ko‘rinishiga, kiyimiga emas, aytayotgan fikriga qarash kerak. To‘g‘risini aytganda, bildirilgan e’tiroz va mulohazalarga qo‘shilish ham, ayni paytda rad etish ham mumkin.

Aslida o‘sha dasturda bildirilgan xulosalarning “ikki pulga arzimasligi”ni taniqli ulamo, tarix fanlari nomzodi Hamidulloh Beruniy akademik uslubda keltirib bo‘ldi (mazkur maqola bilan mana bu yerda tanishishingiz mumkin: manba). “Tarixchi sifatida Baxtiyorning yo‘nalishi aslida Chor Rossiyasi va sovet mustamlakasining ilk davrida banklar va bank ishi tarixidir. Masalan, islom tarixi, renessans davrlari, buyuk allomalarning hayoti va ijodi, Amir Temur faoliyati va hatto xonliklar davri kabi tariximizning oshkora hamda hanuzgacha yashirin davrlari borasida maxsus shug‘ullangan mutaxassislar gapirgani ma’qul va mantiqlidir, ayni paytda bu ilmiy odob hamdir”, deydi Hamidulloh Beruniy o‘z raddiyasida. Bizningcha, bu o‘rinda ortiqcha izoh va yo qo‘shimcha shart emas.

Lekin... Masalaning boshqa tarafiyam bor. Ko‘pchilik o‘zbek jamiyatida ateistik g‘oyalarni faol targ‘ib qilinishidan haqli xavotir bildirmoqda. Masalan, bloger Devonai Haqgo‘y uzoq yillardan buyon ateist va liberal qatlamning fikrlarini kuzatib kelishini, ularning harakatlarida tolerantlik niqobi ostida jamiyatni dinsizlashtirish amalga oshirilayotganidan tashvishda ekanini yozdi.

Darhaqiqat, yuqorida keltirilgan “yengil suhbat” bahona ayrim savollar yana o‘ylantira boshladi. O‘zbekistonda ateistik g‘oyani tarqatishga nega zo‘r berilyapti? Ateistlikni yoymoqchi bo‘lganlarga xorijdan pul to‘lanadimi? Atlas ko‘ylak kiyishning zarari yo‘qmi? Alloma bobolarimizni musulmon bo‘lmagan deb talqin qilishning nima zarari bor? Ularning shaxsiyatiga e’tibor qaratishimiz kerak emasmi?

Ateistik  kayfiyat va aqidani tarqatishdan maqsad ma’lum – jamiyatni bo‘lib yuborish (Bo‘l va boshqar!” tamoyili hamon kun tartibida). Avvallari qurol ko‘tarib mamlakatingiz bosib olingan bo‘lsa, bugun o‘z g‘oya va yashash tarzlarini yoyish orqali mustamlaka qilishga urinishyapti. Sobiq ittifoq davrida zamonaviylik niqobi ostida dinga, milliy o‘zlikka – qadriyat va an’analarimizga zarba berilgan bo‘lsa, bugun g‘arbning yaltiroq hayotini targ‘ib qilish bilan bu g‘arazga erishish harakatidalar.

Bunga pul olishadimi?

Ilgarilari bunga men ham ishonmasdim. Yaqinda bir kursdoshim “Azon.uz saytida maqolamni chiqarib bering”, deb iltimos qilib qoldi. O‘qib ko‘rsam, go‘yo O‘zbekistonda diniy erkinlik bor degan fikrni ilgari surish pardasi ortida cherkovlarni targ‘ib qilyapti. Yana yurtimizdagi eng ko‘p dindorlar yashaydigan shahar misolida deng. Ko‘rishib, nega bunday qilayotganini ochiqcha so‘radim. U qilayotgan ishidan o‘zi ham siqilayotganini (gunoh deb o‘ylab), ammo moddiy tomondan qiynalgani uchun xorijning bir loyihasida ishtirok etayotganini, shu maqolani bizning saytda chiqarish katta baholanishini tan olib aytdi. Chet eldagi turli institutlarning “O‘zbekistonda diniy erkinlik...”, “O‘zbekistonda diniy ozchilikka munosabat”, “Musulmon jamiyatida ateistning yashashi” ... va hakozo mavzulardagi loyihalariga to‘lanadigan mo‘may daromadlar biz o‘ylaganchalik havoga pul sochish emasligiga yana bir karra amin bo‘ldim. Bu bilan Nozim Safariy va Baxtiyor Alimdjanov ateistik g‘oya tarqatgani uchun xorijdan pul oladi demoqchi emasman, menda buning uchun dalil yo‘q...

Atlas ko‘ylak masalasida ham qarashlarim aksariyat o‘zbeklar qatori klassik – er yigit erkakcha kiyinishi kerak. Yoshligimizda qizil ko‘ylak kiygan tengdoshlarimizga: “Erkak kishiga yarashadigan kiyim kiysang bo‘lmaydimi hepichaga o‘xshamay!” deb tanbih berishardi. Keyin bilsak, ayollarning kiyimini kiygan erkak va yo erkakcha kiyingan ayollar la’natlangan ekan. Xotin qizlarga xos kiyingan yigitlarda rujulat kamayib ketadi, deydi kattalar. Va azaldan yumshoqlikka moyil yigitlarni dag‘al kiyimlar kiydirish, erkak kishilarga xos og‘ir (masalan qurilish kabi) ishlarga jalb qilish orqali rujulatini orttirishar ekan. Baxtiyor Alimdjanovning atlas ko‘ylak kiyib chiqqani shu tufayli qattiq tanqidlarga sabab bo‘ldi, degan qanoatdaman. Zotan, LGBT kabi nafaqat Islom, balki insoniylik tabiatiga ham zid iflosliklar ayni shu yo‘sunda, ya’ni erkaklarning rujulatini yo‘qotish orqali tarqatiladi.

Alloma bobolarimizni kufrda ayblash, bu – faqatgina Islom diniga tosh otishgina emas, aksincha, rahmatli ulamolarimizga nisbatan haqorat hamdir. Zero, diyorlarimizda Islom dini yoyilgandan keyingina buyuk daholar yetishib chiqqani, ularning hammasi o‘zlarining qiymatli asarlarini Allohga hamd, Payg‘ambarimizga salotu salom yo‘llash orqali boshlaganlari, yoshliklaridan Qur’oni karimni yod olganlari... Bularni isbotlab o‘tirishga ehtiyoj ham yo‘q.

Bundan tashqari, ateist kishilar ham sog‘lom aql bilan o‘ylab ko‘rsin, o‘sha davrlarda, aniq aytadigan bo‘lsak, o‘rislar bostirib kelguncha diyorlarimizda madrasalardan boshqa ilm maskanlari bo‘lganmi? Ibn Sino, Beruniy va boshqa allomalarimiz Garvard yo Kembridj universitetlarida tahsil olib shu darajaga yetdimi? Madrasalardagi ta’lim sifatining tushib ketishi, ilm-fanning rivojiga ayrim johil va xurofot ahlining qarshi chiqqanini aksar ulamolarimiz tan oladi va tanqid qiladi, shuningdek, tanqid qilinishiga qarshi ham emas. Masalan, bir oycha avval ustoz Mubashshir Ahmad bilan tashkil etilgan “Bizning rakurs” nomli dasturda ham aynan shu mavzuda suhbatlashgan edik. “Shaxslarni, ularning ishlarini, jumladan, ulamolarni ham tanqid qilish mumkin. Islom shariati va payg‘ambarlar ma’sum, xolos”, degan edi Mubashshir Ahmad domla (ko‘rsatuvni quyidagi link orqali ko‘rishingiz mumkin).

Fikr bildirgan kishining shaxsiyatiga e’tibor qaratishi kerakmi degan savolga keladigan bo‘lsak, rosti bu haqda ham keskin fikr bildirishdan yiroqmiz. Lekin... Bu gap ilmiy doiralarda alohida qiymatga ega bo‘ladi. Baxtiyor Alimdjanov kim ekan deb internetdan izlab ko‘rganda bir qiziq ma’lumot e’tiborimni tortdi. O‘zi “Rossiya imperiyasining Turkiston general-gubernatorligidagi iqtisodiy siyosati” mavzusida dissertatsiya yoqlagan. Aytishlaricha, tadqiqot obyekti o‘ris bosqinining ilk yillaridagi banklar faoliyati bo‘lgan ekan. Bu jihatdan uning o‘zbekning uzoq o‘tmishi haqidagi gaplari ortiqcha ilmiy qiymatga ega emasligini Hamidulloh Beruniy yozganlarini eslatdik.

Qirg‘istondagi rus tilida faoliyat yuritadigan bir saytda uyushtirilgan suhbatda B. Alimdjanov g‘alati pozitsiyani tanlagan.

Bir yilcha avval e’lon qilingan suhbatda gap Tolibon harakatining Markaziy Osiyoga tahdidi haqida boradi. Suhbatdoshlar Afg‘onistondagi vaziyat o‘zgarishi tufayli mintaqamizga xavf borligidan xavotir olish bahona Markaziy Osiyo davlatlariga, jumladan, O‘zbekistonga ham qurolli guruhlar (terroristlar) ko‘chib o‘tayotganini singdirmoqchi bo‘lishgan.

Baxtiyor Alimjonov  suhbatdoshlarining fikrlarini tasdiqlar ekan, “O‘zbek jamiyatida dunyoviylik inqirozi yuz bergan”ini, “Tolibonning radikal g‘oyalariga hamdardlik kuchayganini”, “Dindor radikallar Toshkentdagi “geyparad”ga qarshi chiqib, Allohu akbar deb qichqirganini xavotir bilan gapiradi.

“Hozir prezident o‘tgan yilgidek deyarli har oy muqaddas joylarga boradi, Islom sivilizatsiyasi markazi qurilmoqda, Saudiya Arabistoniga tashrifi rejalashtirilgan. Hokimiyat yaxshi musulmon bo‘lishga harakat qilmoqda, rasmiy davlat telekanallarida diniy targ‘ibot uchun ko‘proq o‘rin bor: turli mullalar gapiradi, tomoshabinlar savollariga javob beradi. Diniy arboblarga ko‘p efir vaqti berildi, dunyoviy ziyolilarga vaqt deyarli yo‘q. Bu so‘nggi o‘ttiz yil ichida amalga oshirilgan muvozanatlash harakati tugaganidan dalolat beradi", deydi u.

Shuningdek, u 2019 yilda “Jasliq” qamoqxonasi yopilganini ajablanish bilan eslaydi.

“2021 yilda ular (dindorlar) gomoseksuallarga qarshi ochiq chiqishdi (bir necha o‘nlab odamlar “Alloh Akbar!” deya hayqirgan holda Toshkent markazidan o‘tib, LGBT hamjamiyatiga mansublikda gumon qilingan bir guruh yoshlarga hujum qilishdi) va bu allaqachon siyosiy harakatlar sari birinchi qadamdir. Garchi bundan keyin islomchilar tomonidan hali birorta ham siyosiy harakat tashlanmagan bo‘lsa ham”, deya xulosa qildi u (iqtibos tugadi).

Yuqoridagi fikrlardan so‘ng nima deyish mumkin? Baxtiyor Alimdjanov Islomning yoyilishidan qattiq xavotirda, uningcha Islom dunyoviylikka zid. Qolaversa, va eng yomoni, u LGBTning tarqalishi tarafdori. Har tugul uning katta e’tirozlarga sabab bo‘lgan “yengil suhbat”dagi uslubidan kelib chiqib shunday fikrga borsa bo‘laveradi.

Umumiy xulosa shuki, ateistik g‘oyalarni yoyish ham xuddi missionerlik kabi taqiqlanishi va tegishli tartibda jazolanishi kerak. Ularning O‘zbekistonda yashashiga qarshi emasmiz, hatto bundan bezovta ham bo‘layotganimiz yo‘q. Chunki hammaning e’tiqod erkinligi bor va buni tan olamiz. Lekin jamiyatni bo‘lish va milliy qadriyatlarimizga zimdan zarba bermoqchi bo‘lganlarga imkon qoldirmasligimiz shart. Aslida o‘z mamlakatidan bosqinchilarni quvib chiqargan Tolibondan emas, balki jamiyatni parchalash harakatidagi kimsalardan xavf ko‘proq bizga...

Abdulaziz Muborak

Manba: Azon.uz


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Alimdjanov va boshqalarning allomalarimizni kofir deyishi qanchalik xavfli?
ePN