
Bugungi kunda nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning ko‘plab mintaqalarida havo harorati yuqori darajada isimoqda. Iqlimshunoslar iyul oyining dastlabki kunlaridan Tinch okeanida suv haroratining isib ketishi bilan bog‘liq “El-Ninyo” hodisasini bunga asosiy sabab sifatida keltirmoqda.
O‘zini oqlagan prognoz
“O‘zgidromet” bir necha kun avval 24—27-iyul kunlari O‘zbekiston hududiga issiq havo oqimi kirib kelishini prognoz qilgandi. Prognoz o‘zini oqladi. Umuman olganda, 24—25-iyul kunlari O‘zbekiston bo‘ylab havo harorati nisbatan yuqori bo‘lib, deyarli barcha viloyatlarda 41-42 darajagacha ko‘tarildi. Xususan, 25-iyul kuni respublikaning hamma tekislik hududlarida harorat maksimumlari 42 darajagacha chiqdi.
Albatta, bu holat faqat bizning mintaqadagina ro‘y bermayapti. Ayni paytda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida “El-Ninyo” hodisasining g‘ayritabiiy taʼsirlari sezilmoqda. Masalan, ayrim davlatlarda yuqori issiq harorat, noodatiy yog‘inlar yoki suv toshqinlari kuzatilmoqda.
“El-Ninyo” haqida qisqacha
“El-Ninyo”—Tinch okeani markaziy va sharqiy tropiklarida suv yuzasidagi haroratning ko‘tarilishi bilan bog‘liq iqlim rejimi hisoblanib, o‘rtacha 2-7 yilda bir marta sodir bo‘ladi. U odatda 9 oydan 12 oygacha davom etadi. Iyul oyi boshida BMTning Jahon meteorologiya tashkiloti Tinch okeanining tropik qismida yetti yil ichida birinchi marta “El-Ninyo” sharoiti yuzaga kelganini eʼlon qildi. Bu hodisa global haroratning keskin oshishi va haddan tashqari issiq ob-havo ehtimolini oshiradi.
Iqlimshunoslar tahliliga ko‘ra, hozirda mazkur hodisa dunyo iqlimiga o‘z taʼsirini ko‘rsatmoqda. Tinch okeani markaziy va sharqiy mintaqalarida suv haroratining meʼyordan uch darajagacha ko‘tarilib ketishi dunyoda kunlik harorat rekordlari yangilanishiga olib kelgan.
Maʼlumotlarga qaraganda, o‘tmishda “El-Ninyo” hodisalari butun dunyo qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotiga muammo tug‘dirgan. Shuning uchun ekspertlar barcha mamlakatlar uning salbiy oqibatlarini kamaytirish uchun choralar ishlab chiqishi zarurligini takrorlamoqda.
Oxirgi marta 2016-yilda kuzatilgan “El-Ninyo” O‘zbekistonga ham sezilarli taʼsir ko‘rsatgan. O‘sha davrda qish iliq, bahor issiq va jazirama yoz ketidan kuzning oktabri sovuq, noyabrda esa qor yog‘ib yuborgan.
Prognozlarga ko‘ra, 2024-yil dunyoda oxirgi 8-9 yillik va kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yil bo‘lishi mumkin.
Havo qachon salqinlashadi?
“O‘zgidromet” prognozlariga ko‘ra, 27–29-iyul kunlari O‘zbekistonda havo harorati biroz pasayishi kutilmoqda. Xususan, 27-iyulda Qoraqalpog‘iston va Xorazmga, 28-iyul kuni O‘zbekistonning boshqa hududlariga Qozog‘istondan nisbatan salqin havo kirib keladi. Mamlakatda harorat 35-38 darajagacha, janubda 40-42 darajagacha pasayadi. Bunday harorat joriy hafta oxirida ham saqlanib turadi.
“Chilla tobora yo‘qolib bormoqda”
Gidrometerolog Erkin Abdulahatovning “Daryo” muxbiri bilan suhbatda avvallari yozda chilla paytidagi anomal issiq yaxshiroq bo‘lganini aytgan.
Avvalroq O‘zbekistonda eng issiq havo harorati kuzatilgan yillar haqida maʼlumot berilgandi.
Maʼlumotlarga ko‘ra,
- 1983 yilda Buxoro viloyatida respublika tarixidagi rekord harorat +49,9 darajali issiq kuzatilgan.
- 1914 yilda Surxondaryo viloyati Termiz sharida +49,6 daraja issiq bo‘lgan.
- Toshkent shahrida esa 1997 yil 18-iyulda termometr ustunchasi +44,6 daraja issiqni qayd etgan. Bu o‘sha davr uchun so‘nggi 160-yillik kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori, rekord darajadagi issiq haroratdir.
- Nukusdagi eng yuqori havo harorati 2002 yil avgust oyida kuzatilgan bo‘lib, issiqlik +46,8 darajagacha ko‘tarilgan.