date
views 163

Olimlar havo ifloslanishi va antibiotiklarga chidamlilik kuchayishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqladi

Olimlar havo ifloslanishi va antibiotiklarga chidamlilik kuchayishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqladi

Foto: Getty Images

Yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, havoning ifloslanishi organizmning antibiotiklarga chidamliligini oshirishi mumkin. Yangi ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, ichki yonuv dvigatellarining ishlashi natijasida hosil bo‘luvchi havodagi mayda zarrachalar miqdori ortishi bilan antibiotiklarga chidamlilik darajasi ham ortadi.

Antibiotiklarga chidamlilik paydo bo‘lishining asosiy sababi hali ham dorilardan noto‘g‘ri foydalanish bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, muammo havo ifloslanishi bilan yanada kuchayishi mumkin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ta’kidlashicha, antibiotiklarga chidamlilik aholi salomatligiga tahdid soluvchi 10 ta asosiy global xavfdan biridir.

Tadqiqotchilar yigirma yil davomida yuzdan ortiq mamlakatdan yig‘ilgan ma’lumotlardan foydalangan. Ularning tadqiqot ishi natijasi Lancet Planetary Health jurnalida chop etilgan.

Yigirma yil davomida yuzdan ortiq mamlakatlardan olingan ma’lumotlarga asoslangan tahlil havo ifloslanishining oshishi barcha mamlakatlar va qit’alarda antibiotiklarga chidamlilikning oshishi bilan bog‘liqlikka egaligini ko‘rsatgan.

Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, bu bog‘liqlik «antibiotiklarga chidamli bakteriyalarning ko‘pchiligi uchun butun dunyo bo‘ylab bir xil» bo‘lgan.

Tadqiqot shuni ko‘rsatganki, dvigatellarda yonilg‘ining yonishi natijasida hosil bo‘luvchi, o‘pka va qonga kirishi mumkin bo‘lgan mayda zarrachalar (PM2.5) soni havoda ko‘payishi bilan baravar organizmda antibiotiklarga chidamlilik ortadi.

«Vaqt o‘tishi bilan bu aloqa mustahkamlandi va PM2.5 darajasidagi o‘zgarishlar so‘nggi yillarda chidamlilikning yanada sezilarli o‘sishiga olib keldi», deydi tadqiqotchilar. Ayniqsa, Shimoliy Afrika, yaqin Sharq va Janubiy Osiyoda havo tarkibidagi zarrachalar va antibiotiklarga chidamlilikning yuqori darajasi aniqlangan.

Tadqiqotchilar aytishicha, qo‘lga kiritilgan natijalar ekologiya nuqtayi nazaridan chidamlilikka qarshi kurashishning yangi yo‘llarini ochib beradi.

«Antibiotiklarga chidamlilik va havo ifloslanishi o‘z-o‘zidan dunyo aholisi salomatligiga eng jiddiy tahdidlardan biridir», deydi tadqiqot mualliflaridan biri, Chjetszyan universiteti professori Xon Chen.

«Shu paytga qadar biz bu ikki omil o‘rtasidagi ehtimoliy o‘zaro bog‘liqlik haqida aniq tasavvurga ega emas edik, ammo bizning ishimiz shuni ko‘rsatadiki, havo ifloslanishini nazorat qilish ikki tomonlama foyda keltirishi mumkin: bu nafaqat past sifatli havoning zararli oqibatlarini kamaytiradi, balki chidamli bakteriyalar ko‘payishi va tarqalishiga qarshi kurashda ham muhim rol o‘ynaydi», deydi olim.

Antibiotiklar haddan tashqari ko‘p iste’mol qilinishi – hali ham bakteriyalar qarshiligini oshirishning asosiy sababidir

Antibiotiklarga chidamlilik dunyo aholisi salomatligi uchun eng tez o‘sib borayotgan tahdidlardan biri hisoblanadi. Lancet'ning alohida tadqiqoti natijalariga ko‘ra, 2019 yilda bakteriyalarning mikroblarga qarshi preparatlarga chidamliligi tufayli taxminan 1,27 million kishi vafot etgan.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, agar vaziyat tubdan o‘zgarmasa, 2050 yilga borib 10 milliongacha odam superbakteriyalar va ularga bog‘liq bo‘lgan mikroblarga qarshi preparatlarga chidamlilik shakllaridan halok bo‘lishi mumkin, bu butun dunyo bo‘ylab saraton kasalligining har yilgi o‘lim darajasi bilan teng.

Tadqiqot mualliflari maqsadi havo ifloslanishi va antibiotiklarga chidamlilikning bir-biri bilan bog‘liqligi sabablarini aniqlash emasdi, ularning maqsadi faqatgina ushbu bog‘liqlikning o‘zini aniqlash edi. Ular ba’zi mamlakatlardan ma’lumotlar yo‘qligi tahlilning umumiy natijasiga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkinligini tan oladi.

Olimlar fikriga ko‘ra, PM2.5 zarrachalari o‘z chidamlilik genlarida antibiotiklarga chidamli bakteriyalarni olib yurishi mumkin, bu zarrachalar atrof-muhitda ko‘chib yurish va nafas olayotganda bevosita o‘pkaga kirishga qodir.

Hozirgi vaqtga qadar PM2.5 zarralari bilan ifloslangan havo global miqyosda antibiotiklarga chidamlilikka qanchalik ta’sir qilishi haqida cheklangan ma’lumotlar mavjud edi.

PM2.5 belgisi o‘lchami inson sochi qalinligidan 30 baravar kichik bo‘lgan mikrozarrachalarni anglatadi. PM2.5 ning asosiy manbalari — bu avtomobil transporti, sanoat ishlab chiqarishi jarayonlari, kundalik hayotda ko‘mir va yog‘ochni yoqishdir.

PM2.5 global antibiotikka chidamlilikning asosiy omili ekani yoki yo‘qligini o‘rganish uchun mualliflar 2000-2018 yillar oralig‘ida 116 mamlakatdan olingan statistik ma’lumotlarga asoslangan katta hajmdagi ma’lumotlarni to‘pladi.

Manba sifatida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Yevropa atrof-muhit agentligi va Jahon banki ma’lumotlaridan foydalanilgan.

Olingan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, antibiotiklarga chidamlilik PM2.5 darajasi oshishi bilan ortadi: havo ifloslanishining har 10 foiz o‘sishiga antibiotiklarga chidamlilikning 1,1 foiz o‘sishi to‘g‘ri keladi.

Bu bog‘liqlik vaqt o‘tishi bilan kuchayib boradi, xususan, so‘nggi yillardagi PM2.5 darajasidagi o‘zgarishlar chidamlilikning sezilarli darajada o‘sishiga olib keladi.

«Kelajakdagi tadqiqotlar havo ifloslanishining antibiotiklarga chidamlilikka ta’sirining asosiy mexanizmini o‘rganishga yo‘naltirilishi kerak», deydi mualliflar.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Olimlar havo ifloslanishi va antibiotiklarga chidamlilik kuchayishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqladi