
Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona idoralari xodimlari Bekobod shahrida tezkor tadbir o‘tkazib, chet elga noqonuniy chiqarilishi rejalashtirilgan katta miqdordagi valyuta qimmatliklarini aniqladi. Hodisa “Farhod” chegara bojxona posti yaqinida fosh etildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 1991 yilda tug‘ilgan bekobodlik shaxs 18 680 300 Rossiya rubli, 140 700 tojik somoni va 180 000 000 o‘zbek so‘mini qismlarga bo‘lib, 34 nafar “tashmachi”ga tarqatgan. Ular moddiy manfaat evaziga ushbu pul mablag‘larini qo‘shni davlatga o‘tkazib berish uchun bojxona postlariga kirib kelganida ushlangan.
Tezkor tadbir jarayonida ushbu shaxsning Tracker rusumli avtomobili tekshirilib, unda ham o‘ramlarga ajratilgan holda katta miqdorda pul topildi. Avtomobildan aniqlangan mablag‘lar qatoriga 13 538 305 Rossiya rubli, 24 107 tojik somoni, 885 yevro, 300 AQSh dollari, 300 xitoy yuani, 6 840 qirg‘iz somi hamda 10 207 000 o‘zbek so‘mi kiradi. Ushbu ashyoviy dalillar rasmiylashtirildi.
Tadbir natijasida milliy valyutadagi umumiy qiymati 5 milliard 200 million so‘mdan ortiq bo‘lgan pul mablag‘lari aniqlanib, tergovga topshirildi. Hozirda bekobodlik fuqaro JKning 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ayblanib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!