Geografik jihatdan Markaziy Osiyoda joylashgan O‘zbekistonning Yevropa qit’asi sharqidagi Vengriya bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorligi tobora ortib bormoqda. Bu munosabatlarning ildizi uzoq o‘tmishga borib taqalishini ko‘pchilik bilmasa kerak.
19-20 avgust kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriya poytaxti Budapesht shahrida bo‘ldi. O‘zbekiston prezidenti, Vengriyaga ushbu davlat bosh vaziri Viktor Orban taklifiga binoan tashrif buyurdi. Tashrif chog‘ida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa aloqalarni rivojlantirishning yangi ufqlari muhokama qilindi.
Qolaversa, O‘zbekiston prezidenti ushbu davlatda o‘tayotgan Yengil atletika bo‘yicha Jahon chempionati o‘yinlarini kuzatdi hamda Vengriya milliy bayrami bo‘lmish Ishtvan kuni tantanalarida ishtirok etti.
Bu tashrifning iqtisodiy jihatlarini iqtisodchilar tahlil qilgani ma’qul. Bizning asosiy fokusimiz – bu ikki davlat va xalqlarning o‘zligiga, tarixiy xotirasiga borib taqaladigan omillarni anglash, tahlil qilishdir.
Agar e’tibor berilsa, keyingi yillarda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi eng ijobiy va ishonchli hamkorlaridan biri aynan Vengriya bo‘lmoqda. O‘zbekiston va Vengriyani bir qancha halqaro hamkorlik tashkilotlari va maydonchalari ham birlashtirmoqda.
Shulardan eng muhimi – Turkiy davlatlar tashkiloti hisoblanadi. Ya’ni Vengriya ko‘p yillardan buyon Turkiy davlatlar tashkilotining doimiy kuzatuvchisi hisoblanadi. Va yaqin yillar ichida, ushbu davlat Turkiy davlatlar tashkilotiga to‘liq a’zo bo‘lib kirsa, ajab emas.
Sobiq SSSR tashkil topganidan to ushbu ittifoq tarqalguniga qadar, dunyoda yagona mustaqil bo‘lgan turkiy davlat bu – Turkiya edi. Bugunga kelib, mustaqil turkiy davlatlar soni kamida 6-7 tani tashkil qiladi. Eng qizig‘i, Vengriya o‘zining turkiy ekanini ta’kidlab kelmoqda.
Xo‘sh, Vengriya turkiy davlatmi? O‘tgan davrda vengerlarning tarixiy ildizi borasida asosan ikkita yirik nazariya oldinga surildi. Ba’zi tadqiqotchilar vengerlarni fin-ugorlar deyishsa, bugungi kunda, aksariyat tarixchilar vengerlarni qipchoq turklari ekanini isbotlashadi. Vengriyalik ko‘plab siyosatchilar, tarixchilar o‘zlarining qipchoq turkiy ekanini aytishadi.
Vengriya o‘z davlatchiligini ko‘chmanchi turkiy qabilalar sardori Atilla nomi bilan bog‘laydi. Eramizning 5-asrida Atilla Rim imperiyasini zabt etgan va hozirgi Vengriya hududlarida o‘troqlashib, uning avlodlari mahalliylashib ketgan. Asrlar o‘tib, ko‘chmanchi turklar mahalliy va qo‘shni xalqlar bilan qorishib ketgan.
Bugun vengerlarning mutlaq aksariyati – 83 foizi xristian diniga e’tiqod qiladi. Ularda 55 foiz - katoliklar, 19 foiz - protestantlar. Musulmonlarning soni 1 foiz atrofida deyiladi. Lekin o‘tmishda Atilla Rim imperiyasini qulatgani uchun vengerlar tarixan katolik cherkovi tomonidan juda ko‘p tanqid qilingan. Va bu tanqid yoki begonasirash hissiyoti haliga qadar vengerlar zehniyatida, ongida saqlanib qolmoqda.
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban – Yevroskeptik siyosatchi, u Yevropa Ittifoqini ko‘p tanqid qiladi. Rasmiy Bryussel ham o‘z o‘rnida Orbanni yoqtirmaydi. Orban vengerlarning turkiy etno-genezisi haqida gapirayotgan yagona siyosatchi emas. Vengerlar ichida o‘zlarining turkiy ekanini urg‘ulayotgan siyosatchilar va tarixchilar ko‘p.
Vengriyada har yiri Qurultoy bayramlari o‘tkaziladi. Unda vengerlar yurtalar qurib, xuddi o‘tmishdagi ota-bobolari kabi kamon va nayzalar otishadi, o‘zlarining turkiy va ko‘chmanchi o‘zliklarini chuqurroq anglashga kirishishadi.
Vengriyaning turkiy o‘zligini anglash va shu asosda aloqalarni rivojlantirishga intilishi – O‘zbekiston davlati va xalqi uchun ham yaxshi yangilik. Globallashgan dunyoda o‘zliklar – hamkorlik, hamjihatlik, birdamlik, birlik va ittifoqlar uchun, eng kuchli platforma bo‘lib hisoblanadi. Yevropaning qoq markazida joylashgan vengerlar va Markaziy Osiyoning markazida joylashgan O‘zbekistonning tarixiy xotira, o‘zlik va o‘xshashlik asosidagi hamkorlikni kuchaytirib borishi – zarurat.
Bundan keyin o‘zliklar, xalqlar, millatlar, davlatlar o‘rtasidagi chegara va masofa statik, ya’ni bir xil bo‘lib qolavermaydi. Kuchli o‘zliklar kengayadi, ko‘payadi, kuchayadi. Yaqin o‘zliklar – ittifoqlar quradi. Yakka, zaif va kam sonli o‘zliklar esa so‘nib boradi.
Mana shu fonda O‘zbekiston va Vengriyaning asrlar va mingyilliklar o‘tib yana qayta bir-birini topishi va yana qaytadan bir-biriga bordi-keldi qilishi xuddi uzoq vaqt oldin yo‘qotib, qayta bir-birini topgan qardoshlarni eslatadi. Bu hali boshlanishi. Global dunyoda endi xalqlar va davlatlar bir-birini yo‘qotib qo‘ymaydi. Faqat hamkorlik kuchaytirib borilsa bo‘lgani.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!