17:07 / 02.11.2023
95

Advokatlarning so‘z erkinligini cheklovchi loyiha kun tartibidan olib tashlandi

Advokatlarning so‘z erkinligini cheklovchi loyiha kun tartibidan olib tashlandi

Foto: Yandeks-xarita

Yangi tahrirdagi “Advokatning kasb etikasi qoidalari” loyihasi advokatlar va jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘larkan, kun tartibidan to‘liq chiqarib tashlandi. Bu haqda yangi tahrirdagi kasb etika qoidalarini ishlab chiqish uchun tuzilgan ishchi guruh a’zosi Muhiddin Rahimov ma’lum qildi.

“Kecha, 1 noyabr kuni Advokatlar palatasida ishchi guruhining alohida yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda “Advokatning kasb etikasi qoidalari”ning yangi tahrirdagi loyihasi hamda taftish komissiyasining Nizomi kabi hujjatlarni yangi tahrirda qabul qilish maqsadga muvofiq emas deb topildi”, – dedi advokat.

Muhiddin Rahimov, shuningdek, Kun.uz muxbirining: “Palata advokatlar huquqlarini himoya qiluvchi organ bo‘lsa, nega ularning so‘z va fikr erkinligini cheklovchi loyihani taklif qildi”, degan savoliga javob berdi.

“Buni (loyihani) biz ishlab chiqmaganmiz. Uning qayerdan kelganini hech kim bilmaydi, masalan, shaxsan men bilmayman. Ba’zilar adliyadan keldi, deyishdi, ba’zilar rahbariyatdan deyapti, lekin shaxsan menga uning qayerdan kelgani qorong‘i.

Menimcha, kun tartibidan olingan ishni yana kovlash maqsadli emas. Uning ijodkori kim, muallifi kim – surishtirib nima qilasiz. Loyiha kun tartibidan olindi, mana shu asosiysi”,  dedi ishchi guruh a’zosi.

Eslatib o‘tamiz, loyihaning 55-moddasida quyidagicha tartibni belgilash taklif etilgandi:

“Advokat ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va ularning mansabdor shaxslarini muhokama qilmaslik, ularga nisbatan axloqqa zid iboralarni ishlatmaslik, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan odamlarda ishonchsizlik kayfiyatini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan materiallarni joylashtirmasligi lozim”.

Loyiha mualliflari buni quyidagicha izohlagan:

“Advokatlar bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda faol va bu faollik aksariyat hollarda hokimiyat vakillarining qonuniy xatti-harakatlarini tanqidiy muhokama qilish, fuqarolarda davlatga va amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan ishonchsizlik holatini keltirib chiqarish ham uchramoqda. Mazkur vaziyatlar keskinlashib, xalqning noqonuniy mitinglar uyushtirishi, aholi tinchligi buzilishiga ham sabab bo‘lmoqda. Shu boisdan, ularning OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi xulq-atvor qoidalarini belgilab berish maqsadga muvofiq”.

Qayd etish lozim, O‘zbekistonda biror marta advokatlarning intervyulari yoki internetdagi postlari ortidan noqonuniy miting bo‘lgani jamoatchilikka ma’lum emas.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat