date
views 212

Ozarboyjon elchisi: Mirziyoyev mintaqada sovuqchilikka chek qo‘ydi

Ozarboyjon elchisi: Mirziyoyev mintaqada sovuqchilikka chek qo‘ydi

3 noyabr kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit doirasida prezident Mirziyoyev mintaqaviy va global hamjamiyat uchun muhim bo‘lgan tashabbuslarni ilgari surdi. Ozarboyjon Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Huseyn Guliyev tashkilotning bugungi kundagi o‘rni va O‘zbekistonning muhim roli haqida fikr bildirdi.

Janob elchi, Turkiy davlatlar tashkilotida O‘zbekistonning roli qanday ortib boryapti?

Do‘stlar, O‘zbekiston rivojlanishi, o‘rtamizdagi aloqalar mustahkamlanishi va mintaqadagi vaziyat haqida shuni ayta olamanki, men bu yerga kelgan davrda vaziyat bugungidek emas edi. Mintaqadagi mamlakatlar o‘rtasida katta tushunmovchiliklar hukmron edi. Buni hamkorlik deb atab bo‘lmasdi. Bu holat mintaqada yashovchi aholi manfaatlariga zid edi va tabiiyki, bu jarayon uzoq davom etmasligi kerak edi.

Janob Mirziyoyev O‘zbekiston prezidenti bo‘lib saylangandan keyin saylov oldi va keyingi ko‘plab nutqlarida o‘zining amalga oshiriladigan 8 ta katta reformalari haqida ko‘p gapirdi. Bu reformalarni uzoq muhokamaga qoldirmasdan va o‘z xalqi, saylovchilari oldida bergan va’dalarini tezda bajarishga kirishdi. Markaziy Osiyo davlatlariga, ya’ni o‘sha ko‘plab tushunmovchiliklar hukmron bo‘lib turgan davlatlarga qator tashriflarni amalga oshirdi.

Menimcha, suv masalasi bo‘yicha Tojikiston bilan, hududlar yaxlitligi masalasida Qirg‘iziston bilan muammolar bor edi. Umuman olganda, na iqtisodiy va na siyosiy munosabatlar yo‘q edi desak ham bo‘ladi. Janob Mirziyoyev bu mamlakatlarga seriyali tashriflarni amalga oshirdi. Bu jarayonlarga bir yil atrofida vaqt ketdi va u o‘z natijalarini bera boshladi. Mintaqa mamlakatlari o‘rtasida munosabatlar yaxshilandi. Davlat rahbarlari tashrifi, har xil delegatsiyalar, qisqasi, hamkorlik boshlandi. Mintaqada holat yaxshilandi.

Prezident Mirziyoyev saylanganidan buyon mamlakatda ko‘plab ajoyib jarayonlarga guvoh bo‘lmoqdamiz. Avvallari ko‘chalarda odam bo‘lmas edi, mashinalar bo‘lmasdi, restoranlar ishlamas edi, 8-9 ga qolmay berkilardi. Hozir ko‘chalarni ko‘ring, Toshkentdagi keng ko‘lamdagi qurilishlarni aytmaysizmi.

Ko‘plab sohalarda keng ko‘lamli hamkorlik boshlandi, eng muhimi, mintaqadagi mamlakatlar bilan hamkorlik rivojlandi. Prezident boshlagan va amalga oshirib kelayotgan islohotlari ko‘p kuttirmay o‘z samarasini bera boshladi. Avvallari bu atroflarda sayr qilib yurgan odamlarni ko‘rmas edim. Hozir hamma sayr qilishga chiqqan. Barcha restoranlar odam bilan liq to‘la. Bu odamlarning farovon yashash tarzi o‘sib borayotganidan, ishonch o‘sib borayotganidan dalolat beradi. Men yaxshi bilaman, avvallari bu yerga kelish taqiqlangan, shunchaki kiritishmasdi yoki uzoq muddatga qolish mumkin emasdi.

Hozir hech kim so‘ramayapti va buni odamlar his qilmoqda. Shu sababli men aytolamanki, o‘ta qisqa muddatda amalga oshirilgan islohotlar jamoatchilik, xalq tomonidan juda katta xursandchilik bilan qabul qilindi. Mirziyoyevning eng katta islohotlaridan biri – xalq rahbarlarga emas, rahbarlar xalqqa xizmat qilishi kerak degan tamoyili bo‘ldi va bu o‘z samarasini bermoqda. Bu jarayonlarni va saylov oldi 8 ta ustuvor vazifalarni aniq va o‘z o‘rnida hayotga tatbiq etib kelmoqda.

Globallashuv jarayonida Turkiy davlatlar tashkilotining integratsiyasi qanchalik muhim?

Sizga aytsam, bugun dunyoda chaqiriqlar juda ko‘p. Dunyo o‘zgarib bormoqda, har joyda ziddiyatlar, to‘qnashuvlar, kimdir qarshilik ko‘rsatgan, kimdir boshqa joyni egallab olgan, barcha qadriyatlar o‘zgardi va dunyo notinch bo‘lib qolmoqda. Chaqiriqlar juda ko‘p. Bu jarayonlar xalqlar, mamlakatlar va davlatlarni saqlab qolish, o‘z-o‘zini himoya qilish uchun qandaydir holda birlashishga majbur etadi. Biz musulmonlarning, turkiy tilli davlatlarning dinimiz bir, an’analarimiz bir, e’tiqodimiz bir, umumiy tilimiz bir, umumiy tarixga egamiz.

Mana shu omillar va rahbarlarimiz irodasi o‘laroq bugun hayotning o‘zi birlashishimizni ko‘rsatib bermoqda. Biz kim bilandir jang qilish uchun yoki unga yomon bo‘lishi uchun birlashganimiz yo‘q. Biz yaxshiliklarni bir-birimiz bilan baham ko‘rish va bir-birimizga yordam berish uchun birlashmoqdamiz. Masalaning mohiyati shunda. Biz kim bilandir nimadir bo‘lishmoqdamizmi, albatda u xalqlarga ham yaxshi bo‘ladi.

Tasavvur qiling, siz bilan biz to‘q holda tursak va boshqa bir qardosh-qo‘shni davlatimiz ochlikdan qiynalayotgan bo‘lsa, unga yordam berishimiz osonroq bo‘ladi. Keltirib o‘tgan misolim bu birlashishning eng sodda haqiqatlaridan biri va birlashish ahamiyatining kuchi ham shunda.

Normuhammadali Abdurahmonov tayyorladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ozarboyjon elchisi: Mirziyoyev mintaqada sovuqchilikka chek qo‘ydi