22:00 / 30.11.2023
117

Daraxtlarga shikast yetkazganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Daraxtlarga shikast yetkazganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Daraxt va butalarni qonunga xilof ravishda kesish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun qabul qilinib, Senatga yuborildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasiga kiritilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirish fuqarolarga BHM 25 baravaridan 50 baravarigacha (ayni damda 5 baravaridan 10 baravarigacha), mansabdor shaxslarga esa BHM 50 baravaridan 75 baravarigacha (ayni damda 10 baravaridan 15 baravarigacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etish quroli bo‘lgan ashyo yoki ma’muriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosi musodara qilinib, fuqarolarga BHM 50 baravaridan 75 baravarigacha (ayni damda 10 baravaridan 20 baravarigacha), mansabdor shaxslarga esa BHM 75 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima (ayni damda BHM 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima) yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olish jazosi qo‘llaniladi.

Qolaversa, 79-moddaga 4-qism ham qo‘shilmoqda. Unga ko‘ra, daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yo‘q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqan mansabdorlar BHM 50 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarimaga tortiladi.

Bundan tashqari, «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunning 49-moddasiga ikkita qism qo‘shilmoqda.

49(1)-moddaga ko‘ra, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlarini g‘ayriqonuniy ravishda kesgan yoki yo‘q qilgan huquqbuzarlar har bir daraxt va buta o‘rniga o‘sha joyda qimmatbaholigi jihatidan kam bo‘lmagan 100 tup daraxt va buta ko‘chatini ekishi belgilanmoqda. Bu Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi organlarining qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi va huquqbuzar daraxtlarni o‘z hisobidan ekib, 3 yil davomida parvarish qiladi. Agar ushbu joyda daraxt va buta ko‘chatlarini ekish uchun yer maydoni yetarli bo‘lmasa, daraxt va buta ko‘chatlarining qolgan qismi tegishli ma’muriy-hududiy birlikdagi boshqa joyga ekiladi.

G‘ayriqonuniy kesilgan yoki yo‘q qilingan daraxtlar va butalarning qiymati, ularning o‘rniga ekiladigan ko‘chatlarning turlari, shuningdek, ekish muddatlari va joyini aniqlash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

49(2)-moddasiga ko‘ra davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini g‘ayriqonuniy kesgan, yo‘q qilgan yuridik shaxslar BHM 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarimaga tortiladi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat