O‘zbekiston poytaxti allaqachon dunyoning havosi eng iflos shaharlari qatorida. Yil davomida Toshkent bir necha marta bu borada top-5 likda bo‘ldi. Havoni tozalashga qaratilgan chora-tadbirlarning ko‘pi esa faqat qog‘ozda qolib ketyapti. Mutaxassislar allaqachon bu borada amaliy harakatlar kerakligini ta’kidlab kelmoqda. Hammada bitta fikr: «Endi gap bilan ish bitmaydi, Toshkent havosini yaxshilash uchun amaliy harakatlarni boshlash shart».
Toshkent shahri havosi yildan yilga ifloslanib borayotgani sabab, qat’iyroq choralar ko‘rish kerakligi haqidagi chaqiriqlar ko‘paymoqda. Dunyo shaharlarida o‘rnatilgan havo sifatini o‘lchovchi stansiyalardagi ma’lumotlarni yig‘ib boruvchi IQAir sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 29 noyabrdan 29 dekabrgacha bo‘lgan bir oylik vaqt oralig‘ida Toshkentda havo sifati xavfli darajaga chiqqan kunlar soni 18 kunni tashkil etgan.
Boshqacha aytganda, har uch kundan ikkitasida shahar havosining ifloslanishi hatto o‘rtacha darajadan ham ortib ketyapti. Havo tarkibida PM2.5 dispers zarralarining me’yoridan bir necha o‘n barobar ko‘payishi odatiy holga aylanib qoldi.
Buning oqibatlari allaqachon o‘zini ko‘rsata boshlagan. Ayniqsa bolalar o‘rtasida nafas yo‘llari kasalliklari va allergiyaga chalinish juda ko‘p uchrayapti. Bu kasalliklar va iflos havo o‘rtasida bog‘liqlik borligi allaqachon o‘z isbotini topgan.
PM2.5 zarralari juda mitti zarra bo‘lgani uchun katta chang zarralaridek o‘z og‘irligi bilan yerga qo‘nmaydi, ya’ni ular havoda muallaq turib qoladi va uchib yuradi. Odamning yuqori nafas yo‘llari, ya’ni burun va halqum havodagi yirik zarralarni filtrlay oladi, lekin PM2.5 kabi o‘ta mayda zarralar o‘pkagacha yetib boradi. Bu esa vaqt o‘tgan sari organizmning kuchsizlanishi, infeksiyaga chalinib yoki boshqa sabab bilan kasallanganida sog‘ayish uchun uzoqroq vaqt kerak bo‘lishi, yakunda esa aholining umr ko‘rish davomiyligiga salbiy ta’sir qilishi va boshqa holatlar haqida ko‘p gapirilyapti, lekin vaziyatni o‘nglashga qaratilgan amaliy harakatlarga o‘tilmayapti.
Amaliy harakatlar qanday bo‘lishi kerakligi borasida 26 dekabr kuni Ekologiya partiya deputati Nosirjon Aminov o‘z takliflari bilan chiqdi.
“2023 yil ham yakuniga yetib boryapti, lekin Toshkent shahri havosidagi ifloslanish darajasi yaxshilanishidan darak bo‘lmayapti. Tartibsiz qurilishlar sababli daraxtlar kesilishi, transport vositalari soni keskin oshib ketishi baribir o‘z so‘zini aytyapti. Shaharda tartibsiz qurilishlarni yoki avtomobillar harakatlanishini cheklamasak, o‘nglanishimiz qiyin bo‘ladiganga o‘xshab turibdi. Kimgadir yoqar yoki yoqmas, ammo ifloslangan havodan bolalarimiz nafas olishiga tomoshabin bo‘lishdan voz kechish vaqti keldi”, dedi deputat.
Nosirjon Aminov bu borada uchta yo‘nalishdagi takliflarni ilgari surdi.
- Birinchidan, qurilish ishlarini tashkil qilish uchun belgilangan “SanPin” talablariga rioya qilmagan quruvchilar keskin javobgarlikka tortilishi kerak.
- Ikkinchidan, poytaxt hududida tirbandliklarni bartaraf etish maqsadida avtomobillarning harakatlanishini tartibga solish ishlarini qayta ko‘rib chiqish, hatto vaqtincha bo‘lsa-da shaharga kirishda ayrim cheklovlarni tatbiq qilish zarur.
- Uchinchidan, atmosfera havosining ifloslanishi oldini olish maqsadida birdan ortiq avtomobilga ega oilalarga mol-mulk solig‘ini ko‘proq to‘lash tartibini joriy etish maqsadga muvofiq, deydi deputat.
“Bir so‘z bilan aytganda, xususiy avtomobildan foydalanish hashamdor, jamoat transportlari qulay hamda piyoda yo‘llari esa zamonaviy va xavfsiz holatda bo‘lishi zarur”, dedi parlament a’zosi.
Ekologiya vazirining maslahatchisi, sobiq deputat Rasul Kusherbayev ham vaziyatni o‘nglash uchun qat’iy choralar ko‘rish kerak deb hisoblashini aytdi.
“Uy-joy qurish haqida gap ketsa, bu jiddiy masala deyishadi. Masalan, men 5-10 yildan keyin Toshkentda yashamasligim aniq. Chunki bu ketishda bu yerda aniq yashab bo‘lmaydi: ko‘chib ketaman yoki chetroqdan qatnab ishlashim mumkin.
Shunaqa vaqtda shuncha uy-joy, qasrlar quryapmiz. Oddiy savol, nima uchun quryapmiz shuni? Yashash uchun. Shu uyni yaxshi niyat bilan quryapsan, sotib olyapsan, 10-15 yilga kreditga olyapsan. Yashash uchun.
Lekin 5 yildan keyin yashab bo‘lmay qoladi bu yerda. Toshkentdan odamlar ommaviy ravishda uyini tashlab chiqib ketishni boshlaydi. Shuning uchun agar o‘zing ham, bolalaring ham shu yerda yashashini xohlasang, senda juda qisqa vaqt qoldi. Har yili signal beryapti – Toshkent dunyoning havosi eng iflos shaharlari qatorida. Bu ilgari bo‘lmagan. Bir yilda 3-4 marta shunaqa bo‘lyapti. Senga yana qanaqa signal kerak?”
Kusherbayev bolalar shifokori bergan ma’lumotga tayanib qo‘shimcha qilishicha, Toshkentda havoning ifloslanishi ortidan bolalar orasida allergik kasalliklar ko‘payib ketgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Boʻstonliqda qoʻngʻir ayiq oʻldirib ketildi
Markaziy bank: qoʻngʻiroqqa javob berish bilan kartadagi pullar avtomatik echib olinmaydi
Qidiruvdagi avtomashinaning Navoiy shahrida harakatlanganligi aniqlandi
Koʻproq pensiya olish uchun nima qilish kerak?
UzAuto Motors kompaniyasiga vaqtinchalik rahbar tayinlandi
Oʻzbekistonga import qilinishi taqiqlangan xavfli mahsulotlar
“Mutlaqo maxfiy”: Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd boʻyia jinoyat ishi sudda koʻrilmoqda
FVB boshligʻi 160 ming AQSh dollari olayotganda qoʻlga olindi