date
views 269

Yomg‘irlar havoni tozaladi – endi tuproq va suv zaharlanadi(mi?)

Yomg‘irlar havoni tozaladi – endi tuproq va suv zaharlanadi(mi?)
Shu kunlarda yog‘ayotgan yomg‘irlar PM2.5 zaharli zarrachasini yerga olib tushdi va bu o‘zbekistonliklarga vaqtinchalik toza havodan nafas olish imkonini berdi. Lekin endi boshqa muammo paydo bo‘lyapti. Havo tarkibidagi zaharli moddalar yomg‘ir bilan qo‘shilib yerga tushib, suv, o‘simliklar va tuproqni zaharlashi mumkin. Xo‘sh, bu qanday sodir bo‘ladi?

Najot yomg‘irlari

Qariyb 2 oydan beri Toshkent shahri aholisi zaharli havodan nafas olyapti. Poytaxtdagi 5 mingdan ortiq obyektning ko‘mir va mazut yoqayotgani va boshqa sabablar havo tarkibida PM2.5 zaharli zarrachasining 20-30 va ba’zan undan ham ko‘proq marta ortishiga sabab bo‘lyapti. 27-29 yanvar kunlari yog‘gan yomg‘ir va qor shahar havosini yaxshiladi. 29 yanvar kuni hatto Toshkent havosi dunyoning eng toza havoli shaharlari TOP20 taligiga ham kirdi. Ko‘pchilik vaqtinchalik bo‘lsa ham toza havo borligidan mamnun. Biroq tuproq va suvni o‘sha ko‘pchilik safiga qo‘shib bo‘lmaydi.

Havo tarkibidagi zaharli PM2.5 zarrachasini tinimsiz yog‘gan yomg‘irlar yerga olib tushayotgani bu zarrachalar yo‘qolib ketdi degani emas. Ular shunchaki yerga va suvga qo‘ndi xolos. PM2.5 yer va suv uchun qanday xavfli bo‘lishi mumkin?

Bir nechta zaharli moddalar yig‘indisi

Havo tarkibidagi PM bu yagona zarracha emas, balki bir necha kimyoviy moddalarning qo‘shiluvidan yuzaga keladi, deyiladi Kaliforniya Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi ma’lumotida. Zarrachalar hajmi, shakli va kimyoviy tarkibi jihatidan xilma-xil bo‘lib, ular tarkibida noorganik ionlar, metall birikmalar, elementar uglerod, organik birikmalar va yer qobig‘idagi birikmalar bo‘lishi mumkin.

PM2.5ning eng asosiy manbalari esa yonilg‘i va yoqilg‘ilar hisoblanadi. Bularga ichki yonuv dvigatellari, ko‘mir, qo‘ng‘ir ko‘mir, neft mahsulotlari, mazut yoquvchi zavodlar; qurilishlar, foydali qazilmalar qazib olish, sement, keramika mahsulotlari, g‘isht, metall eritish jarayonlari kabilar kiradi. Oldingi maqolalarda uning inson salomatligiga ta’siri haqida ma’lumot berilgan edi.

Tuproq unumdorligi pasayadi

Endi PM2.5 ekotizimlarga, ya’ni o‘simliklar, tuproq va suvga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. PM2.5 juda yengil bo‘lgani uchun yerga qo‘nmay havoda muallaq turishi hisobga olinsa, uni faqat yomg‘ir yoki qor yerga tushira oladi. Lekin endi kasallanish yana ham jiddiyroq tus oladi. PM tarkibidagi metall va organik birikmalar o‘simlik o‘sishi va hosildorligini o‘zgartirish uchun yetarlicha zaharga ega. U tuproqdagi ozuqa moddalarini o‘ldirib boradi. Bu faqatgina inson iste’mol qiladigan meva-sabzavot emas, balki tuproqda yashaydigan jonli mavjudotlar hayotiga ham xavf soladi va bu ta’sir bir yilda emas, bir necha yillardan keyin o‘zini oshkor qiladi.

Suv havzalari zaharlanadi

AQSH Atrof-muhitni himoya qilish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, PM2.5 zarrachalari shamol orqali uzoq masofalarga – daryo, kanal, ariq va ko‘llargacha uchib boradi. Qirg‘oq suvlari va yirik daryo havzalarida ozuqa balansi o‘zgaradi, baliqlar kasallanadi. Daraxtlar va qishloq xo‘jaligi ekinlariga zarar yetib, zarrachalar kislotali yomg‘irlarga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Yana bir qiziq fakt shuki, PM zarrachalarining o‘zi tosh va boshqa materiallarni, jumladan, haykallar va qadimiy yodgorliklar kabi madaniy ahamiyatga ega obyektlarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu PMning kislotali yomg‘irni hosil qilishdagi ulushi bilan bog‘liq.

Kislotali yomg‘ir nima?

Kislota yomg‘ir deb asosan oltingugurt dioksidi va azot oksidi kabi birikmalar havoga chiqarilganda paydo bo‘ladigan yomg‘irga aytiladi. Ya’ni bu moddalar atmosferaga juda baland ko‘tarilishi natijasida suv, kislorod va boshqa kimyoviy moddalar bilan aralashib, kislotali yomg‘ir deb nomlanuvchi yomg‘irni hosil qiladi. Yonilg‘i qazib olish, ishlab chiqarish, neftni qayta ishlash zavodlari, elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun ko‘mirdan foydalanish va transport vositalarining barchasi oltingugurt va azot oksidlarini atmosferaga chiqaradi. Bunday ifloslantiruvchi moddalar kislotali yomg‘irni keltirib chiqaradi. Bu esa tuproq samaradorligini pasaytirib, suvda yashaydigan jonzotlarning nobud bo‘lishiga olib keladi.

Havo tarkibidagi PM2.5ning yomg‘ir bilan tushishi ham kislotali yomg‘irni paydo qiladi.

Ko‘proq tadqiqotlar kerak

AQSHdagi Tibbiyot milliy kutubxonasi tadqiqotchilari PM.25 zarrachalari va ular bilan bog‘liq kislotaning ekotizim faoliyatiga ta’siri nomli tadqiqotida PM2.5ning ekotizim faoliyatiga ta’siri bo‘yicha bilimlarimiz juda cheklanganini aytadi. Ya’ni aynan PM2.5ning tabiatga ta’siri bo‘yicha ko‘proq tadqiqotlarga muhtojmiz. Lekin shunisi ham aniqki, PM2.5ning insonga ta’siri sezilayotgan paytda, uning tuproq va suvni zaharlashini inkor qilib ham bo‘lmaydi.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist[right][/right]
Manba: Kun.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yomg‘irlar havoni tozaladi – endi tuproq va suv zaharlanadi(mi?)