
Sirdaryo viloyatida ajablanarli holat kuzatildi — uch yil davomida farzandlari uchun aliment to‘lamay qochib yurgan ota nihoyat topildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro ikki nafar farzandi uchun belgilangan alimentni uzoq vaqt davomida to‘lamay kelgan. Uning qarzi 63 million so‘mga yetgan. Sud hujjati bo‘lishiga qaramasdan, u moliyaviy majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlab, uzoq muddat izlanishda bo‘lgan.
Qidiruv ishlari davomida uning Sirdaryodan ancha uzoqda — Navoiy viloyatining Xatirchi tumanidagi bir fermer xo‘jaligiga tegishli molxonada yashirinib yurgani aniqlangan. Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari uni tezkor tarzda topib, hibsga olgan.
Ma’muriy sud qaroriga asosan, u aliment qarzini to‘lamaslik va qarzdorlikni bartaraf etishdan qasddan bo‘yin tovlagani uchun 15 sutka qamoq jazosiga hukm qilindi. Shu bilan birga, undan qolgan qarzni undirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Yuristlar ta’kidlashicha, aliment majburiyati faqat qonun emas, balki insonparvarlik va otalik burchi nuqtayi nazaridan ham javobgarlik hisoblanadi. “Farzandni moddiy jihatdan ta’minlash — uning haqqi, uni inkor etish esa ota nomi uchun yaxshi holat yemas”, — deyiladi izohda.
Hozirda Sirdaryodagi mazkur ish yuzasidan ijro harakatlari davom etmoqda. Mutasaddilar bunday holatlarda qochish va yashirinish muammoni hal qilmasligini, aksincha jazoni og‘irlashtirishini eslatib o‘tishdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!