18:16 / 31.03.2024
356

O‘zbekistonda antibiotikka o‘rganib qolganlar ko‘p. Bu nimaga olib boradi?

O‘zbekistonda antibiotikka o‘rganib qolganlar ko‘p. Bu nimaga olib boradi?
Ba’zilar shamollab qolganida shifokorga bormay, avvalgidan ham kuchliroq antibiotiklarni qabul qiladi. Biroq ko‘pchilik antibiotiklar zararli bakteriyalar bilan birga tanadagi foydali bakteriyalarni butunlay o‘ldirib yuborishi mumkinligini bilmaydi. Kun.uz antibiotikka o‘rganib qolganlarni nima kutayotgani va nega rivojlangan mamlakatlarda antibiotik sotish, sotib olish ustidan kuchli nazorat o‘rnatilgani mavzusini o‘rgandi.

Yangi avlod ko‘proq antibiotik olyapti

Kun.uz Toshkent shahrida kichik so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda ishtirokchilardan antibiotik olgan yoki yo‘qligi; agar olgan bo‘lsa, qaysi hollarda va qanday antibiotiklar ekani so‘raldi. So‘rovnomada 30 dan ortiq 18-60 yosh oralig‘idagi aholi qatnashdi. Ularning 30 yoshgacha bo‘lgan 10 nafari 5-8 martagacha antibiotik olganini aytdi. Yana 30 yoshdan yuqori kishilar 3-4 marta, 50 yoshdan yuqorilar esa 1 marta yoki umuman olmaganini ma’lum qildi. Bu raqamlardan butun O‘zbekistonda aholi antibiotikdan shunday foydalanadi deb tushunmaslik kerak, chunki hududlarda antibiotikdan foydalanish poytaxt aholisidagidan ancha ko‘proq ekani ehtimoli yo‘q emas.

Antibiotik nimaga xizmat qiladi?

Antibiotiklar ba’zi mikroorganizmlar (bakteriyalar), hayvon to‘qimalari, ayrim yuksak o‘simliklar hayot faoliyati natijasida hosil bo‘ladigan bakteriya va turli xil mikroblarning o‘sishi, rivojlanishini to‘xtatadigan organik moddalar hisoblanadi.

Antibiotiklar turli bakteriyalarni o‘ldirishga xizmat qilishiga ko‘ra, bir necha turlarga bo‘linadi. Bakteriyali infeksiyalarni davolaydigan yuzlab turdagi antibiotiklar bo‘lib, ularning asosiylari 6 guruhga bo‘linadi. Eng ko‘p qo‘llanadigan antibiotiklar guruhi bu B-Lactam antibiotiklari bo‘lib, ularni faqat bakteriyali infeksiya bilan kasallanish tashxisi qo‘yilgandagina bemorda qo‘llash mumkin.

Maqolada ham aynan shu antibiotiklar ta’siri haqida so‘z boradi. Qiziq nuqtasi shuki, aksar shifokorlar bakteriyali infeksiya tufayli kasallanish va virusli infeksiya tufayli shamollashni (masalan oddiy gripp yoki O‘RVI) bir-biridan farqlashga qiynaladi va natijada ikkisiga ham antibiotik yozib beraveradi.

Qaysi hollarda antibiotik qo‘llash mumkin?

Umidjon Madaliyev
Buyuk Britaniya South Coast Medical Group (SCMG) kompaniyasining bosh partneri va bosh shifokori bo‘lib ishlaydigan Umidjon Madaliyevning aytishicha, shamollash tashxisi qo‘yilgan hamma holatda ham antibiotik ishlatish tavsiya qilinmaydi. Rivojlangan davlatlardagi ko‘p miqdordagi tadqiqotlar va tekshiruvlar shuni ko‘rsatganki, bolalardagi o‘rta quloq yallig‘lanishi (otitis media)da antibiotiksiz (placebo bilan) davolanganlarning 80 foizi 2-3 kunda o‘zini yaxshi his qilgan bo‘lsa, antibiotiklar bilan davolangan bolalarning 90 foizi 2-3 kunda o‘zini yaxshi his qilgan (ya’ni 10 foiz foiz farq). 30 foiz bolalarda esa antibiotikning nojo‘ya ta’siri kuzatilgan.


Siz 10 nafar qulog‘i og‘rigan bolaning hammasiga antibiotik bersangiz, shulardan faqat 1 nafari foyda topadi. Ammo qolgan 9 nafari har xil darajadagi noxush ta’sirlarga duchor bo‘lishi mumkin. Ko‘rib turganingizdek, antibiotik olish va olmasdan tuzalish o‘rtasida deyarli farq yo‘q. Avvalo bemorni davolash kerakmi-yo‘qmi, shuni aniqlash lozim. Chunki insonga juda ko‘p holatlarga hech qanaqa dorining hojati yo‘q, vaqtning o‘zi davolaydi”, – deydi u.

AQSHning Carlow universitetida umumiy amaliyot shifokorilikka o‘qiyotgan Laziz Mardonov ham hamkasbining gaplarini tasdiqlaydi.

Laziz Mardonov
Oddiy virus bo‘lsa, unga antibiotik berilmaydi. Buning ham o‘z standartlari bor. Masalan, shifokor tekshiradi, bemorda bakteriya infeksiyasi bo‘lsa va u shamollashni chaqirgan bo‘lsa, tomog‘ida tonzillit, shish bo‘lsa, eng pastki pog‘onadagi antibiotikdan boshlanadi”, – deydi u.

Rivojlangan mamlakatlar standartlari

JSST antibiotik qo‘llash bo‘yicha 5 tamoyilini e’lon qilgan. Umidjon Madaliyev Buyuk Britaniyada xuddi shu tamoyillar asosida ishlashini aytadi.

Masalan, menga harorat bilan keladigan 10 bemorning 8-9 nafarida virusli infeksiya bo‘ladi. Ya’ni harorat, tomoq og‘rig‘i, quloq og‘rig‘i bilan kelganlarning 9 nafarida virusli infeksiya bo‘lib, ularga antibiotikning hojati yo‘q. Demak shifokor o‘sha bemorlar ichidan 1 nafariga antibiotik ishlatishni bila olishi kerak. Buning o‘ziga yarasha o‘quv trening metodlari bor. Britaniyada oddiy tomoq og‘rig‘i uchun ham alohida protokol va ilmiy asoslangan baholash usul mavjud. Masalan, tomoq og‘rig‘i uchun “Centor” yoki “ Fever pain” deb ataladigan baholash protokoli bor”, – deydi u.

Shifokorning tushuntirishicha, protokolga ko‘ra, bakteriyali (streptokokkli) infeksiyani aniqlash va antibiotik berilishi uchun bemor 3-4 ball to‘plashi lozim, buni hisoblash uchun esa quyidagi formuladan foydalaniladi (centor baholashi):
  • limfa tuguni kattalashgan bo‘lsa 1 ball; harorati 38 darajadan baland bo‘lsa 1 ball;
  • angina bezida yiring bo‘lsa 1 ball; yo‘tal bo‘lmasa 1 ball; yoshi 3-14 orasida bo‘lsa 1 ball beriladi.

Shu bilan birgalikda, agar o‘sha bemorda yo‘tal va burun oqishi kuzatilayotgan bo‘lsa, yoshi 45 dan baland bo‘lsa 1 yoki 2 ball olib tashlanadi va bu holatda antibiotik olish shart bo‘lmasligi mumkin.

Ya’ni har bir patologiya uchun o‘zining baholash metodikasi ishlab chiqilgan va shifokorlar ham shunga qarab muolaja qiladi. Bu nafaqat bemorlarni to‘g‘ri tanlashda, balki keraksiz dorilarni bermaslikning oldini olishda yordam beradi”, – deydi Madaliyev.

Laziz Mardonov ham hamkasbining fikrini ma’qulladi.

Bemor gripp bo‘layotgan bo‘lsa, umuman antibiotik yozilmaydi. Chunki gripp virus chaqiradi, virusda antibiotik ishlamaydi. Antibiotik faqat bakteriyada ishlaydi. Stafilokokk bu bakteriya. Masalan, Kovid ham virus edi, unda antibiotik ta’sir qilmasdi. Virus kirganidan keyin immunitet tushadi, bemorda ikkilamchi patologiya boshlanadi. Bakteriyalar rivojlanishni boshlaydi, o‘pka shamollashi boshlanadi va bu yerda antibiotik kerak”, – deydi u.

O‘zbekistonda hamma shifokor standartdan xabardormi?

Xo‘sh, O‘zbekistonda-chi, siz ham shifokorga borsangiz xuddi shunaqa standartlar asosida antibiotik yozadimi, shifokorlarda shunday protokol bormi?

Umidjon Madaliyev xuddi shu savol bilan O‘zbekistondagi shifokorlar guruhida kichik so‘rovnoma o‘tkazgani va 80 foiz shifokor ular bunday protokollardan foydalanmasligini ma’lum qilganini aytadi.

Aslida shifokorlarga antibiotiklarni qo‘llash bo‘yicha protokol berilgan bo‘lishi kerak. Unda hamma narsa aniq ko‘rsatilishi lozim. Qaysi holatda qaysi antibiotikni ishlatish ko‘rsatilishi va butun mamlakatda bu amal qilishi kerak. Shifokor istagan dori nomini yozib bermasligi kerak. Masalan, men bir bemorga dori yozib bersam, shu bemor Britaniyaning Shotlandiya yoki Uelsidagi shifokoriga borsa, men yozgan dori bilan bir xil bo‘lib chiqadi. Ya’ni davlatning yagona davolash standartlari bor va hamma unga amal qiladi”, – deydi u.

Laziz Mardonov esa antibiotik yozishdan tashqari, uning ustidan o‘tkaziladigan nazorat Amerikada ham juda kuchli ekanini aytadi. Amerikada antibiotiklarning eng oddiy turi, pensillin va ampitsillin ishlatilishini aytadi.

O‘zbekistonda esa eng kuchli, eng yaxshisini berishadi. Hozir davolab olaylik deyishadi. O‘zbekistonda hech kim ampitsillinni antibiotik demasa ham kerak, lekin bu yerda shu bilan boshlanadi, qolgan kuchliroqlari esa zaxirada ushlab turiladi. Agar uni ham olgandan keyin, bemor yaxshilanmasa, uning florasidan namuna olinib, tekshiruvlardan o‘tkazilib, keyin kuchliroq yozib berilishi mumkin”, – deydi u.

Antibiotik ichak mikroflorasini buzadi

Antibiotikning kashf qilinishi insoniyat hayotida juda katta burilish yasaganini inkor qilib bo‘lmaydi. Biroq undan noto‘g‘ri foydalanish, unga qaram bo‘lib qolish xavfi ham yo‘q emas. JSST antibiotiklarga nisbatan paydo bo‘layotgan (infeksiyalardagi) chidamlilik bu insoniyatning inqirozi deb atadi.

Xo‘sh, nega? Antibiotiklarning teriga toshma toshirishi, yara-chaqalar paydo qilishi, anafilaksiya berishi hatto o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan holatlari ko‘pchilikka ma’lum. Umidjon Madaliyev esa uning ichak mikroflorasiga qanday ta’sir qilishi haqida gapirib berdi.

Hamma insonlar (va umuman sut emizuvchilar) o‘z tanasida va organizmida ma’lum miqdorda bakteriyali, ma’lum miqdorda virusli, ma’lum miqdorda zamburug‘ infeksiyalarni olib yuradi. Bularning organizmda o‘z roli bor, albatta. Masalan, ichaklardagi bakteriyalarimiz ovqatni hazm qilishi, parchalashi va kerakli vitaminlarni organizmda sintezlashi va saqlab qolishda yordam beruvchi hisoblanadi. Lekin tanaga antibiotik kirganda u borib turib faqat tomoqqa, quloqqa yoki boshqa yallig‘langan joyga ta’sir qilmaydi, balki uning kuchliligiga qarab, ichakdagi bizga kerak bo‘lgan mikrofloraning hammasini tozalab tashlaydi”, – deydi u.

Madaliyev Kopengagen universiteti olimlari antibiotiklar zararli bakteriyalarga qo‘shib, ovqat hazm qilishda qatnashadigan o‘ta zarur bakteriyalarni ham o‘ldirib yuborishini tasdiqlaganini aytadi.

Science Daily nashrida 2018 yil 23 oktyabrda e’lon qilingan maqolada ko‘rsatilishicha, 3 xil antibiotik ichgan sog‘lom odamning ichaklari tekshirilganda, 4 kundan keyin ichakda bakterial mikroflora nolga tushar ekan. Va shu odamlarni tekshirib borishganda, 6 oydan keyin ham ularning ichaklaridagi kamida 9 ta juda zarur bo‘lgan bakeriyalar hali tiklanmagani ma’lum bo‘lgan. Bundan tashqari ichakda ma’lum miqdorda olimlar keraksiz bakteriyalar paydo bo‘lganini kuzatgan. Natijada mikroflora tiklanishiga 6 oydan 12 oygacha vaqt ketgan. Bu mikrofloraning yetishmasligi kerakli vitamin va ozuqalarning so‘rilmasligi, o‘sish, rivojlanish va boshqalarga ta’sir qiladi”, – deydi u.

Antibiotikka chidamlilikning xavfi

Antibiotikka o‘rganib qolishning ikkinchi eng katta xavfi esa tanada bakteriyalarning antibiotiklarga qarshi yashovchanligi oshib ketishida bo‘ladi. Buni Laziz Mardonov shunday tushuntiradi.

Umuman bakteriyalar ham rivojlanadi. Ular ham atrofga moslashadi. Masalan, tanaga bitta kuchli antibiotik berdingiz, endi o‘sha bakteriya tanaga moslashib o‘zi o‘layotgan bo‘lsa ham avlodlari tirik qolayotgan bo‘lsa, ikkinchi safar oldingi qo‘llangan antibiotikka chidamlilik paydo qiladi va bu paytda endi oldingidan ham kuchliroq antibiotik berilishi kerak bo‘ladi. Bu esa xarajat va boshqa a’zolarga zararli ta’sir degani”, – deydi u.

Shifokor Umidjon Madaliyev esa infeksiyaning antibiotiklarga qarshi chidamliligi oshib ketsa, insonlarni boshqa oddiy kasalliklar tufayli ham yo‘qotib qo‘ya boshlash mumkinligini aytadi.

Keyinchalik oddiy tomoq yoki quloqning virusli infeksiyalari yoki shamollagandagi oddiy bakteriyali infeksiyalarga ham antibiotik ta’sir qilmay qo‘yadi. Ko‘richak yoki o‘t pufagi olib tashlangandan keyin beriladigan antibiotiklar ham keyinchalik ta’sir qilmay qo‘yishi mumkin va bu bemorlarning shunday oddiy operatsiyalar yoki kasalliklar tufayli olamdan ko‘z yumishiga olib keladi. Yoki saraton kasalligida insonlar kimyoterapiya oladi va immuniteti tushib ketadi. Agar ular shu paytda biror infeksiya yuqtirsa, unda ularni hozirgi amaldagi antibiotiklar qutqarib qololmaydi”, – deydi u.

Shifokorlarning aytishicha, antibiotikka chidamlilik bitta odamning o‘zidagina sodir bo‘ladigan jarayon emas. Antibiotikka chidamli bakteriya boshqa odamga yuqsa, endi unga ham hozirgi amaldagi antibiotiklar ta’sir qilmay qo‘yadi.

Hozir ham uncha-muncha antibiotik ta’sir qilmaydigan superbaglar bor va borgan sari dunyoda ko‘payib boryapti. Bir oilada yashagandan keyin oila a’zolarining hammasida bir xil mikroflora bo‘ladi. O‘sha mikroflora, birinchi oila, keyin mahalla, keyin shahar, keyin butun mamlakatga tarqaladi. Bu superbaglarning nasldan-naslga o‘tishi aniq. Ona qornida o‘tmasa, keyinchalik bo‘lsa ham o‘tib boradi”, – deydi shifokor Madaliyev

Nima qilish kerak?

Avvalo O‘zbekistonda odamlarni antibiotikka o‘rganib qolishdan qutqarish kerak. Buning uchun standartlar har bir shifokor qo‘li yetadigan joyda turishi kerak. Antibiotiklarni sotish va sotib olish ustidan Sog‘liqni saqlash vazirligi kuchli nazorat o‘rnatishi kerak.

Bu millat muammosi, buni to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Davlat buning nazoratini amalga oshirishi kerak. Shifokor har bir qadamiga javob berishi kerak. Davlat to‘g‘ri standartlar berib, uning nazoratini ham qilishi lozim va shunga yarasha oyligini ham ko‘tarib berish kerak. Shifokor odam o‘z ustida ishlashi, rivojlanishi kerak. Chunki tibbiyotda har kun yangilik bo‘ladi”, – deb so‘zini tugatdi Laziz Mardonov.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda antibiotikka o‘rganib qolganlar ko‘p. Bu nimaga olib boradi?