“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi raisi O‘zbekistonda “avtomobildagi qotillar” ko‘paymasligini ta’minlash uchun qonunchilikda jiddiy o‘zgarishlar qilish kerakligini ta’kidladi.
Robaxon Mahmudova mamlakatda yo‘l-transport hodisalari ko‘pligini “AQSHda to‘pponcha o‘qidan halok bo‘lish ehtimoli O‘zbekistondagi avtomobil yo‘llarida avariya oqibatida halok bo‘lish ehtimolidan ancha past”ligi haqidagi misol bilan keltirdi.
2023 yilda sodir etilgan 9 ming 839 ta YTH oqibatida 9 ming 209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 282 nafar kishi halok bo‘lgan. Bolalar bilan bog‘liq 1 794 ta YTH tufayli 1 568 nafar o‘g‘il-qiz jarohatlangan, 263 nafar bola esa hayotdan ko‘z yumgan. 2024 yilning besh oyida voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq 359 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar bola nobud bo‘lgan, 294 nafar bola turli darajada tan jarohatlari olgan.
"Bu dahshatli raqamlarga izoh kerakmi? Yo‘q, albatta. Buning ustiga, yaraga tuz sepganday, ijtimoiy tarmoqlar orqali avtomobilda tezlikni oshirish, yo‘l harakati qoidalariga amal qilmasdan harakatlanganini hayp ko‘rinishida ommaga namoyish etayotgan kimsalarga kunda-kunora duch kelyapmiz. Masalan, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilikning keskin muhokamasiga sabab bo‘lgan Angrendagi holatni olsak.
Jamoat joyida avtomobilni 80 emas, 100 emas, naq 157 km/soat tezlikda boshqarib ketayotganidan og‘zi qulog‘iga yetgan ayol haydovchi buni videoga olib, Instagram'dagi sahifasiga joylagan. Bu ham yetmaganidek, kontentning izoh qismiga shunday avtomobildagi “qotil”lar sabab qanchadan qancha insonlar, eng afsuslanarlisi, voyaga yetmagan begunoh bolalar hayotiga nuqta qo‘yilayotganini yozgan tarmoq foydalanuvchisiga “Bu bolalarning taqdiri onasining qornidanoq yozib bo‘lingan”, deyishga yuzxotir qilmasa deng. Razillik! Buni boshqacha ifodalab bo‘lmaydi", - deydi “Adolat” SDP yetakchisi.
Robaxon Mahmudova bu kabi holatlarning keskin oshayotgani yo‘llarda harakatlanish bo‘yicha qabul qilingan qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish, ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralarini keskin kuchaytirish zarur ekanini ko‘rsatayotganini qayd etdi.
"Qachongacha piyodalar o‘limiga sababchi bo‘layotgan erkatoy haydovchilarga befarq bo‘lamiz? Ularni tartibga chaqirish uchun faqatgina jarima miqdorini oshirish bilan kifoyalanish kutilgan natijani bermayapti. Yengil-yelpi boylik orttirib jamiyatga, qolaversa, amaldagi qonunlarga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatayotgan ayrim haydovchilarni tarbiyalashning yangi mexanizmlarini joriy etish lozim, nazarimizda", - deydi u.
Robaxon Mahmudova bu kabi holatlar uchun dunyo tajribasini misol keltirdi. Unga ko‘ra, Finlyandiyada tezlikni oshirganlik uchun 200 ming dollar miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanadi. AQSHda har bir shtatda tezlikni oshirganlik uchun alohida qonunlar mavjud bo‘lib, balli tizim holatida ko‘p bora ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilsa, haydovchilik guvohnomasi olib qo‘yiladi. Buyuk Britaniyada haydovchi tezligini oshirganida, 3 balldan 6 ballgacha baholanadi. Miqdor oshib ketsa, sudga chaqiriladi. Yaponiyada tezlikni oshirish ko‘p bora sodir etilsa, haydovchilik guvohnomasi olib qo‘yilishi, hattoki qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin.
"Shundan kelib chiqib, biz, “Adolat”chilar bu kabi ma’muriy huquqbuzarliklar va avariyalarda qurbonlar sonini kamaytirish uchun faqatgina jarima miqdorlarini oshirishni oqilona yechim deb bilmaymiz. Chunki moddiy imkoniyati yaxshi bo‘lgan haydovchi jarimani to‘lab turib ham yana shunday huquqbuzarlik sodir etmasligi va begunoh insonlarning hayotdan erta ko‘z yumishiga sababchi bo‘lmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Demak, yurtimizda ham tezlikni oshirganlikda muayyan muddatga avtomobil boshqarish huquqini cheklash yoki haydovchilik guvohnomasidan umrbod mahrum etish, shuningdek, tezlikni oshirish, spirtli ichimlik iste’mol qilib inson o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchilarga jinoiy jazo choralarini kuchaytirish, shu bilan bir vaqtda, asosiy e’tiborni tarbiyaga qaratish zarur, deb hisoblaymiz.
Zero, mamlakatimiz yo‘llari piyodalarning yurak hovuchlab yuradigan va otasining erkatoylari istagan tezlikda harakatlanadigan hudud emas. Shuni inobatga olib, “avtomobildagi qotillar” ko‘paymasligini ta’minlash uchun qonunchilikda yuqoridagi kabi jiddiy o‘zgarishlar qilish kerak va shart. Aks holda yo‘llarda yuz berayotgan fojialarning oldini olish imkonsiz bo‘lib qolaveradi", - deydi “Adolat” SDP Siyosiy kengashi raisi.
2024 yilning 5 oyida mamlakat bo‘yicha sodir bo‘lgan umumiy yo‘l-transport hodisalarining soni har 100 ming aholiga 7,2 tani tashkil etgan bir paytda ushbu salbiy ko‘rsatkich Toshkent shahrida 12,8 taga, Toshkent viloyatida 12,2 taga, Namangan viloyatida 9,1 taga va Farg‘ona viloyatida 8,4 taga yetgan. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”