
4 noyabr kuni ertalab “Qamchiq” dovonining yuqori qismida mayin qor yog‘a boshladi, deb xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda FVV, YPX va “Qamchiqavtoyo‘l” xizmatlari hamkorlikda yo‘lni qordan tozalash, muzlamalarning hosil bo‘lishining oldini olish va qum-tuz aralashmasini sepish ishlarini amalga oshirmoqda.
Qutqaruvchilar haydovchilarga yordam ko‘rsatish, xavfsizlikni ta’minlash va yo‘lda qolgan transport vositalarini evakuatsiya qilish ishlarini davom ettirmoqda.
FVV haydovchilarga murojaat qilib, dovon hududida harakatlanishda barcha xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, ortiqcha tezlik va xavfli manyovrlardan tiyilishni so‘radi.
Vazirlik tarqatgan videolarda qor mayin yog‘sa-da, dovonni oq qoplami qoplagani ko‘rinadi. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax, Qashqadaryo va boshqa tog‘li hududlarda ham qor yog‘ayotgani tasvirlangan lavhalar tarqalmoqda.
Hozircha qor nafasi Toshkentga yetib kelmagan, ammo ko‘pgina hududlarda qishning ilk belgisi sezila boshladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!