21:40 / 13.07.2024
586

Tadbirkor: “10 ming dollarga olgan quyosh panelimizni 30 mln so‘mga sertifikat qilasan deyishdi”

Tadbirkor: “10 ming dollarga olgan quyosh panelimizni 30 mln so‘mga sertifikat qilasan deyishdi”
Murojaatchi tadbirkor / Foto: Savdo-sanoat palatasi / YouTube
Bugun, 13 iyul kuni qurilish sohasidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda Savdo-sanoat palatasi, Biznes ombudsman, Soliq qo‘mitasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB hamda boshqa tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Muloqotda ishtirok etgan tadbirkorlardan biri ehtiyot qismlarini sertifikatlashdagi muammolar haqida gapirdi.

Biz tadbirkorlar chetdan ehtiyot qismlar, generatorlar va quyosh panellarini sotib olamiz. Mana, 10 ming dollarga olgan quyosh panelimizni 30 mln so‘mga sertifikat qilasan, deydi. Bu sertifikatsiya ham monopoliya bo‘lib ketgan. Narxiga ham hech kim qaramaydi. Tushunmaydi ham. Bizning Xitoydan sertifikatimiz bor, [uni] tarjima qilib beradi. Hammada shunaqa muammo bor, bo‘lmasa bojxonadan o‘tkazmaydi. Biz sertifikat qilmasak, QQSni qaytarib ololmaymiz”, – dedi u.

Raqobat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Asadulla Qayumov masala raqobat nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

Bu muammoni yozib oldim. Sertifikat organlari bilan o‘sha sohada nechta [subyekt bor], bozorni o‘rganib tahlil qilaylik va ular nimani o‘rganyapti? Bu bo‘yicha ishlab, yechimini topishga harakat qilamiz. Narxlarni ham ko‘rib chiqamiz”, – dedi u.

Biznes ombudsman Dilmurod Qosimov buni tizimli muammo deb atadi.

Bular asosiy masala [sifatida] qimmatligini ko‘taryapti. 10 ming dollarga olingan ehtiyot qismlariga 30 mln so‘m to‘layapman, deyapti. Narxlarni ko‘rib chiqishni so‘rayapti. O‘ylaymanki, bu ham tizimli muammo. Buni birga o‘tirib ko‘rib chiqishimiz kerak. Haqiqatan ham 10 mingga olgan bo‘lsa, 30 mln so‘m to‘lash qanday qilib aktual? Balki shunday talab bordir. Bir shuni o‘rganib chiqinglar”, – dedi Qosimov.

Eslatib o‘tamiz, bir necha oydan beri O‘zbekistonda lift importi to‘xtab qolgani ham sertifikatlash masalasi bilan bog‘liq. “Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasi akkreditatsiyasining amal qilishi to‘xtatilgan. Hozirda muvofiqlikni baholash bo‘yicha faoliyat yuritayotgan va akkreditatsiya qilingan sertifikatlash organi mavjud emasligi tufayli importchilarning muvofiqlik sertifikatlari ham to‘xtab qolgan.

Yil boshida esa chetdan olib kiriladigan maishiy texnika mahsulotlari uchun yangi talab kuchga kirgandi. 2024 yil fevral oyidan boshlab O‘zbekistonga olib kiriladigan sovitkich, muzlatkich va konditsionerlar energosamaradorlik bo‘yicha sinovdan o‘tkazila boshlandi. Bu sinov bayonnomasini olmasdan turib, ularga muvofiqlik sertifikati berilmaydi va tovarni O‘zbekistonda sotish mumkin bo‘lmaydi. Bu testlar ko‘p vaqt va xarajat talab qilgani tadbirkorlar e’tiroziga sabab bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tadbirkor: “10 ming dollarga olgan quyosh panelimizni 30 mln so‘mga sertifikat qilasan deyishdi”