Instructure taʼlim platformasi xakerlar hujumiga uchradi

Taʼlim texnologiyalari sohasidagi yirik kompaniya hisoblangan Instructure oʻz foydalanuvchilarining shaxsiy maʼlumotlari sizib chiqqanini tasdiqladi. Ushbu kiberhujum uchun javobgarlikni ShinyHunters xakerlik guruhi oʻz zimmasiga oldi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Xakerlar talabalarning ism-shariflari, elektron pochta manzillari hamda oʻqituvchilar va oʻquvchilar oʻrtasidagi yozishmalarni qoʻlga kiritganliklarini daʼvo qilmoqda. Instructure kompaniyasi ham aynan shu turdagi maʼlumotlar oʻgʻirlanganini tan oldi, biroq foydalanuvchi parollari xavfsizligiga putur yetmaganini taʼkidladi.
ShinyHunters guruhi dunyo boʻylab 9 mingga yaqin taʼlim muassasasi va 275 millionga yaqin odamning maʼlumotlari oʻgʻirlanganini daʼvo qilmoqda. Biroq, kiberxavfsizlik ekspertlari va TechCrunch nashri xakerlar oʻz taʼsirini oshirib koʻrsatayotgan boʻlishi mumkinligini qayd etmoqda.
Instructure kompaniyasi vakillari voqea yuzasidan batafsil izoh berishdan bosh tortdi va barcha yangiliklar kompaniyaning rasmiy sahifasida eʼlon qilib borilishini maʼlum qildi. Hozirda kompaniya mutaxassislari hodisa sabablarini oʻrganish va xavfsizlik choralarini kuchaytirish ustida ishlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!