date

Navoiyda noqonuniy oltin qazib olish holatlari fosh etildi

Navoiyda noqonuniy oltin qazib olish holatlari fosh etildi

Navoiy viloyatida noqonuniy ravishda oltin qazib olish bilan bogʻliq bir qator holatlarga chek qoʻyildi. Bosh prokuratura huzuridagi Departament boʻlimlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida bir necha jinoiy sxema fosh etildi.

Jumladan, Tomdi tumanida oʻtkazilgan maxsus operatsiya davomida fuqaro O.I. va boshqa shaxslar “Bessopan” sanoat hududida tarkibida 315,1 gramm oltin moddasi boʻlgan, umumiy bahosi qariyb 569,8 million soʻmlik 5 200 kg maʼdanli toshlarni noqonuniy ravishda qazib olayotgan paytda qoʻlga olindi. Mazkur ashyolar dalil sifatida musodara qilindi.

Shu bilan birga, Konimex tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar T.T. va T.Gʻ. “Karakata” mahallasi hududida til biriktirgan holda maxsus uskunalar orqali oltin izlovchilar uslubida qum va toshlardan qimmatbaho metall ajratib olayotgani aniqlandi.

Xatirchi tumanida ham shunga oʻxshash holatlar qayd etildi. Fuqaro U.R. oʻz xonadonida qum-toshlardan oltin ajratish bilan shugʻullangani fosh etildi va undan tarkibida oltin zarralari boʻlgan 160 kg qum-tosh ashyoviy dalil sifatida olindi. Xuddi shunday, fuqaro S.X. ham “Zarafshon” mahallasidagi uyida shu kabi noqonuniy faoliyat yuritib kelgani maʼlum boʻlib, undan 300 kg oltin aralash qum-tosh musodara qilindi.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, bu kabi holatlar tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanishning jiddiy koʻlamini koʻrsatadi va iqtisodiy hamda ekologik xavf tugʻdiradi.

Barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 196-2-moddasi, yaʼni foydali qazilmalarni ruxsatnomasiz, oltin izlovchilar usulida qazib olish boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan. Ayni paytda surishtiruv va tergov harakatlari davom etmoqda.

Qonun ustuvorligi taʼminlanayotgan sharoitda bunday noqonuniy faoliyatlarga qarshi kurash yanada kuchaytirilishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Navoiyda noqonuniy oltin qazib olish holatlari fosh etildi