23:54 / 25.10.2024
23

Qozog‘iston va O‘zbekiston Orol dengizini qutqarishda hamkorlik qiladi

Qozog‘iston va O‘zbekiston Orol dengizini qutqarishda hamkorlik qiladi
Foto: Azamat Matrakimov
Qozog‘iston va O‘zbekiston Orol dengizi havzasidagi muammolarni hal qilish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtiradi. Qozog‘iston parlamenti Senati yig‘ilishida mamlakatlar o‘rtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ratifikatsiya qilindi, deb xabar berdi MIR24.

Qayd qilinishicha, hozir Orol dengizi havzasida 110 milliard tonna zaharli chang to‘plangan. Dalalardan yuvilgan o‘g‘itlar, dengiz tuzi va tubining loy zarralari - xavfli aralashma shaklida havoga ko‘tarilib, butun Qozog‘iston va uning chegaralaridan tashqariga tarqalmoqda. Oqibatda, nafas olish tizimi kasalliklari soni ortib bormoqda.

«Shamollarning asosiy yo‘nalishi (68 foizi) janubga – qo‘shnilarimiz: Qoraqalpog‘iston, Turkmaniston va undan keyin Eronga yo‘naladi. Taxminan 20 foizi Kazalinskiy tumaniga to‘g‘ri keladi. Taxminan 12-15 foizi shimolga yo‘naladi. Yirik zarralar 50 kilometrlik zonaga cho‘kmoqda, mayda zarrachalar uzoqroqqa uchadi – ular Shimoliy Muz okeanida, Norvegiya, Grenlandiya, Tyan-Shanning shimoliy va janubiy qismlarida, Himolayda uchraydi», dedi Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining Qozog‘istondagi ijrochi direktori Marat Narbayev.

Ta’kidlanishicha, Orolbo‘yida degradatsiyaga uchragan yerlarning eng yuqori ulushi O‘zbekistonga to‘g‘ri keldi – uch million gektar. Qo‘shni davlatlar Orol dengizining sayozlashuvi oqibatlariga qarshi birgalikda kurashish va dengizni tiklashga kelishib oldi. Bu boradagi ilk qadamlar ham belgilandi.

«Orol dengizidagi ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatish va mintaqadagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha Qozog‘iston va O‘zbekiston harakatlarini muvofiqlashtirish imkonini beradigan Orol havzasidagi ekologik vaziyatni yaxshilash va qum-tuz bo‘ronlarini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi», dedi Qozog‘iston parlamenti Senati deputati Olga Bulavkina.

Xabarga ko‘ra, ekologik tashkilotlar qurigan Orol dengizi tubiga saksovul ekmoqda. 2025 yilga borib birgina Qozog‘istonning o‘zida bir million gektardan ortiq maydonni ko‘kalamzorlashtirish rejalashtirilgan. Bu Qozog‘iston tomonidagi qurib qolgan hududning deyarli yarmi. Tajriba maydonida saksovulning yashash darajasi o‘rganilmoqda. Uning maqsadi zaharli tuzning tarqalishini to‘xtatishdir. Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda ham shunday ishlar olib borilmoqda. Faqat ekish maydoni ikki baravar katta - taxminan ikki million gektar.

Orol dengizining sayozlashishi zamonamizning eng yirik ekologik ofatlaridan biri hisoblanadi. Yarim asr davomida uning hajmi 10 barobar kamaygan.

Qozog‘iston, O‘zbekiston, Orol dengizi, Qutqarish, Hamkorlik

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qozog‘iston va O‘zbekiston Orol dengizini qutqarishda hamkorlik qiladi